O‘zbekiston | 10:55 / 26.01.2022
1539
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Toshkent viloyatlarida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishi oldi olindi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Samarqand va Toshkent viloyatlarida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishi oldi olingan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Samarqand tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqarolar B.U. va E.R. oldindan til biriktirib, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, fuqaro M.ga 1 008 dona “Regapen” nomli dori vositasini 23 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Tadbir yakunida ulardan jami 1 120 dona “Regapen” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Departamentning Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “E.” MChJ rahbari U.I. va boshqalar xorijda ishlab chiqarilgan jami 10 ming dona “AZBACT-500” nomli dori vositalarini fuqaro M.ga 60 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid