O‘zbekiston | 17:00 / 27.01.2022
6195
2 daqiqa o‘qiladi

Eurosport telekanalida O‘zbekiston velosport jamoasining reklamasi namoyish etilmoqda

Eurosport'da O‘zbekistonning “Tashkent City Professional Cycling Team” velosport jamoasi uchun reklama kampaniyasi start oldi. Toshkent ko‘chalarida tasvirga olingan reklama roliklari Yevropa, Yaqin Sharq va va Rossiya kabi 50 dan ziyod mamlakatlarda turli tillarda namoyish etilmoqda.

Foto: “Tashkent City Professional Cycling Team”

Dunyoning mashhur va yetakchi telekanallaridan biri Eurosport'da yana bir reklama kampaniyasi start oldi. E’tiborli jihati mazkur reklamadan O‘zbekistonning velosport bo‘yicha professional jamoasi, ya’ni “Tashkent City Professional Cycling Team”ga oid lavhalar o‘rin olgan.

Poytaxtimiz ko‘chalarida suratga olingan 5 va 15 soniyalik reklama roliklari Yevropa, yaqin sharq va Rossiya kabi 50 dan ziyod mamlakatlarda turli tillarda namoyish etilmoqda. Bu esa, nafaqat velosport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish balki, O‘zbekistonning turizm salohiyatini yuksaltirishga turtki bera oladi. Negaki, kadrlarda poytaxtimizning ko‘rki hisoblangan inshootlar, xususan, Toshkent City zamonaviy biznes markazi kabi yirik obektlar namoyish etilmoqda.

Ma’lumot uchun, reklama kampaniyasi 26 fevralga qadar davom etib, bu vaqt mobaynida Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari va 20-26 fevral kunlari BAAda bo‘lib o‘tadigan velotur bahslarini qamrab oladi. Mazkur videoroliklarni Eurosport'ning ijtimoiy tarmoqlarida ham kuzatish mumkin.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, avvalroq velosport bo‘yicha mamlakatimizning 3 ta jamoasi UCI litsenziyasini qo‘lga kiritgandi. Ro‘yxatdan trek yo‘nalishidagi “Tashkent track team”, erkaklar kontinental shosse jamoasi “Tashkent City professional cycling team” va xuddi shu yo‘nalishdagi ayollar jamoasi “Tashkent city woman professional cycling team” jamoalari o‘rin olgan. Umumiy sonlarga qaraydigan bo‘lsak, UCI litsenziyasiga 142 ta erkaklar jamoasi va 42 ta ayollar jamoasi ega chiqqan.

Reklama huquqi asosida