O‘zbekiston | 23:41 / 28.01.2022
5842
3 daqiqa o‘qiladi

Yuqori malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun vazir jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda yuqori malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Kelgusi besh yilda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish zarurligi qayd etilib, yangi maktablar va mavjudlarida qo‘shimcha binolar qurish orqali quvvatlarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Endi bu ishlar bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari shug‘ullanishi ta’kidlandi. Davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘dan tashqari mahalliy budjet tushumlarining ham bir qismi maktablarga yo‘naltiriladi. Eng muhimi, yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi.

Qurilish vazirligiga yangi talablardan kelib chiqib, «namunaviy maktab» loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Sharoitdan keyingi ikkinchi muhim masala bu – maktablardagi muhit. Davlat rahbari buning uchun boshqaruvni isloh qilish zarurligini ta’kidlab, xalq ta’limi bo‘limi mudirligi va maktab direktorligiga malakali menejyerlarni tayinlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Xalq ta’limi vazirligiga ushbu mutaxassislarga aniq natijaga asoslangan talab va mezonlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yuqori malakali, izlanuvchan, o‘zining «mahorat maktabi»ga ega muallimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Unga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab budjetdan 300 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘lari ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etayotgan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan muallimlarga ham beriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid