O‘zbekiston | 20:00 / 30.01.2022
34089
10 daqiqa o‘qiladi

Xalqdan «telefon solig‘i» – blogerlarning hafta mavzulari

Kun.uz yakunlangan haftada o‘zbek blogosferasida muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzularni jamladi.

Foto: Kun.uz

Absurd: UzIMEI balosi yana trendda

Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov UzIMEI tizimiga e’tibor qaratdi.

«Darvoqe, hozir qariyb barcha mobil aloqa kompaniyalari E-sim xizmatini taqdim etyapti. Yaxshi xizmat, ammo UzIMEI degan balo bor. Telefoningda sim-karta ketadigan slot IMEI raqami UzIMEI’da ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, sen E-sim IMEI’ni ham ro‘yxatdan o‘tkazishing, buning uchun chet elga chiqqan bo‘lishing va 54 ming so‘m to‘lashing kerak. Eng absurd talab bo‘lsa kerak. Insof berishsin. Bu aslida o‘zi xato bo‘lgan tizimning kichkina bir xatosi», - deb yozdi bloger.

Kurbanoff uning fikrlarini davom ettirgan holda, «E-sim uchun pulli IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish talabi hozirgi UzIMEI tizimining eng mantiqsiz va ahmoqona talablaridan biri», deya izoh qoldirdi

Davlat tashkilotlari o‘zi eplolmagan ish uchun xalqdan «telefon solig‘i»ni oladi

UzIMEI tizimining ashaddiy tanqidchisi bloger Xushnud Xudoyberdiyev muhokamalarga qo‘shilib, bu absurd tizimga o‘zi ham duch kelganini ta’kidladi.

«Kecha davletov.uz UzIMEI tizimida zamonaviy E-sim (elektron sim-karta)ni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar haqida yozgandi.

Bu haqda ancha avval men ham bir yozgandim. Chunki o‘zim bu absurd tizimda shunaqa muammoga duch kelganman.

Xorijdan olib kelingan telefonim IMEI raqamini xorijga chiqib kelgan bir hamkasbimning nomiga rasmiylashtirishga majbur bo‘ldim. U paytda hali O‘zbekistonda  E-sim yo‘q edi, shu sababli faqat bitta slot uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Keyin u hamkasbim uzoq bir viloyatga ishga o‘tib ketdi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, bizda ham E-sim paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘sha hamkasbim nomiga E-sim sloti IMEI raqami uchun to‘lov qilib, ro‘yxatdan o‘tkazaman desam, buni onlayn amalga oshirishning imkoni yo‘q ekan. Nima emish, qo‘shimcha IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘sha odamning o‘zi shaxsan borishi kerak ekan. Agar E-sim bo‘lsa, unda, albatta, telefonni ham olib borishi kerak ekan. Mening vaziyatimda telefon Toshkentda, nomiga rasmiylashtirilgan odam esa uzoq viloyatda.

Baraka topkurlar, xuddi shu telefonning asosiy IMEI raqami kimning nomiga rasmiylashtirilgani bazada ko‘rinib turibdi-ku, yana o‘sha odamni ovora qilishning nima keragi bor, onlayn o‘tsa bo‘lmaydimi, desam, «yo‘q, bo‘lmaydi, ofisimizga o‘zi telefonni ko‘tarib kelsin», deyishdi. Tashqarida 21 asr, Karl!

E, xullas, bu absurd tizim haqida gapirsa, gap ko‘p. Fuqarolarga solinayotgan ikki karra «telefon solig‘i» haqida ham ko‘p gapirsa bo‘ladi. Davlat tashkilotlari o‘zi qilishga majbur bo‘lgan vazifalarni lozim darajada eplolmayotgani uchun (masalan, chegaradan noqonuniy telefon o‘tkazmaslik, soliqdan qochishning oldini olish, o‘g‘irlangan telefonlarni topish) xalqning o‘zidan yana soliq olishadi.

Shu tizim tufayli fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, pasport nusxalarini o‘g‘irlash, odamlardan so‘ramay ularning nomiga telefon raqamlarni rasmiylashtirish butun boshli jinoiy industriyaga aylangani esa achinarli holat», - deydi bloger.

Kichkinagina chivin shuncha azob beradi

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagaraj bu tizim haqida fikrlarini  Twitter sahifasida yozib qoldirdi. Ekspert UzIMEI’ni «tushunarsiz byurokratik» tizim deb atab, O‘zbekistonni oldinga emas, balki orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanligini ta’kidlagan.

«Bu balo O‘zbekistonda yakuniga yetmagan telekommunikatsiya islohotlarining mamlakat transformatsiyasini ushlab turganini eslatib turadi. Hozirgi UzIMEI tizimi O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, mamlakatda 30 kundan ortiq bo‘ladigan chet elliklar uchun boshog‘riqdir.

UzIMEI nafaqat byurokratik to‘siq va mijozlarga qayishmaydigan tizim, balki yangi texnologiyalarni joriy etish va IOT (The Internet of things)ni keng qo‘llashga to‘sqinlik qiladi. Vaholanki, IOT iqtisodiyotning yetakchi sohalarida, xususan, qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Yana davom etishim mumkin, ammo bu mening har yillik hafsalam pir bo‘lishi namunasidir. O‘zbekistondagi islohotlar va uning salohiyati borasida umidim katta. Qisqa muddat ichida juda ko‘p narsa o‘zgardi. Shuning uchun ham UzIMEI tizimidan qalbim og‘riydi. Go‘yoki, kichkinagina chivin shuncha azob beradi.

Nafsilamrini aytganda, bu mening har yillik niyatim, o‘tinchim: telekommunikatsiya islohotlari nihoyat yakuniga yetsin, telefonlarni UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tish esa ipsiz bog‘lab qo‘ymaydigan, sodda va O‘zbekistonda muloqotga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan tizimga aylansin», deb yozdi JB eksperti. 

«Tizim budjeti yopiq»

Bloger Shahnoza Soatova xalqaro ekspertlarning xavotirlari chiqayotganini ta’kidlarkan, undan qanday foyda ko‘rilayotganini savol ostiga oladi.

«UzIMEI’ning beti ham, orqasi ham qattiq ekan. Qancha muammolar kelib chiqdi, odamlarga noqulayliklar guldastasi, shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlab sotilishi va h.k. Xalqaro ekspertlarning xavotirlari chiqyapti mana shundan.

Xo‘sh, shuning evaziga tizim keltirgan samara, foyda haqida nima bilamiz? Faloncha telefon noqonuniy savdo qilinmadi, degan ma’lumotlarni pesh qilmanglar. U vazifani bajarishingiz uchun budjetdan oylik olasizlar, resurslar ajratiladi. IMEI kodlar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pul to‘lagan iste’molchi buning evaziga nima olyapti? Bevosita shu to‘lagan puli uchun nima xizmat ko‘rsatilyapti qo‘shimcha???

Tizim budjeti esa yopiq, necha pul tushyapti, qayerga ketyapti - bilib bo‘psan! Nimaga o‘zi bu tepalikka chiqqandik?

Yana indamay turinglar, bir-ikki kunda o‘tib ketadi bu mavzu, deb boshni qumga tiqib olinglar. Lekin qachongacha va qayergacha borarkinmiz bu bilan?!» - deb yozdi Shahnoza Soatova.

O‘zbekistonda blekaut: Yagona energetika tizimining plyuslari ham, minuslari ham bor

25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning uch davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda blekaut yuz berdi. Buning natijasida qariyb 40 ming aholi elektr energiyasiz qoldi. Bunga Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida yuz bergan nosozlik sabab sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbek blogosferasi nafaqat blekautni, balki yagona energetika tizimini ham qizg‘in muhokama qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yagona energetika tizimining plyus va minuslariga to‘xtaldi.

«Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, energiya ta’minotidagi uzilishlar qo‘shni Qozog‘istonda yuz bergan avariya va uning bizning tarmoqlarda va generatsiya manbalarida yuqori kuchlanish va chastota o‘zgarishi yuzaga keltirgani bilan bog‘liq.

Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, biz Markaziy Osiyo Yagona energotizimidan 2009 yillarda chiqib ketgan edik va yangi davr boshlanishi bilan tizimga qaytganmiz.

Yagona energetika tizimining minusi - bir mamlakat miqyosidagi avariyaning qo‘shni mamlakatlarga ham salbiy ta’siri hisoblanadi.

Kutilmagan hodisalarning foydasi ham bor

Oldindan baholab va prognozlab bo‘lmaydigan texnik, texnogen hodisalarning, agar ular insoniy yo‘qotishlar keltirmasa, foydali taraflari ham bor.

Shunday hodisalar vaqtida iqtisodiy, ijtimoiy, infratuzilma, xavfsizlik va axborot tizimlaridagi ojiz nuqtalarni aniqlab olish mumkin.

Barqarorlik davrida o‘tkaziladigan turli sinov va tajribalar hamma vaqt ham barcha kamchiliklarni ko‘rsatib bera olmaydi. Shu ma’noda «qora oqqushlar»dan olinadigan xulosalar haddan ziyod ahamiyatli.

Masalan, nisbatan solishtirganda aeroportlarimiz energetik kollapsga tayyor emasligini bilib oldik. Metropoliten tizimi ham. Energetika tizimini ishdan chiqarib, aloqada ham osongina muammolar yaratish mumkinligini his etdik. Bular eng strategik obektlar», deb yozdi u.

Iqtisodchi har bir xato, agar bundan to‘g‘ri xulosalar chiqarilsa, juda ham qadrli ekanligini ta’kidlagan.

Jurnalist Aziza Qurbonova blekaut haqida shaxsiy fikrlarini yozarkan, muqobil liniyaga ehtiyoj borligiga urg‘u beradi.

«Qanchalik qiyin bo‘lmasin, Markaziy Osiyoning markazlashgan energotizimida nosozlik yuzaga kelsa, muqobillikni saqlay oladigan «ikkinchi liniya»si ham bo‘lishi kerak O‘zbekistonning! Bitta knopka bilan hal qilib qo‘yishlari mumkin ekan-da, degan qo‘rquvni his qilib yashamasligi kerak o‘zbekistonliklar!» deydi u.

Mavzuga oid