O‘zbekiston | 20:34 / 31.01.2022
17851
5 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi vaziri ta’lim sifatini oshirishdagi ikki asosiy vazifa haqida yozdi

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ta’lim sifatini oshirishdagi ikki asosiy vazifani sanadi.

Foto: Facebook / BaxtiyorOdilovichSaidov

«28 yanvar kuni prezident boshchiligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qabul qilingan qaror va belgilab berilgan vazifalar bugun xalq ta’lim tizimining davlat siyosatidagi asosiy masalalaridan biri ekanini ifodalaydi.

Qayd etish kerak, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, qurilish ishlarini olib borish Xalq ta’limi vazirligi zimmasidan hokimliklar tasarrufiga o‘tkazilgani bizga barcha e’tiborni ta’lim-tarbiyaga, maktabda ta’lim sifatini oshirishga qaratish uchun imkon beradi. Zero, kelajak avlodning ta’lim-tarbiyasi poydevori aynan maktab sanaladi», –  deydi vazir.

Unga ko‘ra, endilikda maktablarda ta’lim sifatini oshirishda ikki asosiy yo‘nalish mavjud.

«Shulardan birinchisi, o‘qituvchilarning bilim saviyasi, kasb mahoratini oshirishdir.  

Prezident endilikda yuqori malakali, o‘z ustida doimiy ishlaydigan muallimlar faoliyatini yangi yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash, mahoratli pedagoglar tajribasidan samarali foydalanib, ularning o‘qitish metodikasini ommalashtirish kabi vazifalarni ilgari surdi.

Bunda o‘qituvchi bilimli bo‘lmasa, kelajak avlodga hech narsa bera olmasligi qayd etilar ekan, bugun ayrim pedagoglar sifatli dars o‘tishga emas, ko‘proq soat olishga intilishi alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, shunday, afsuski, bugun o‘qituvchilarni bolalarning ta’lim olishi emas, ko‘proq o‘z manfaati qayg‘uga soladi, go‘yo.

Shu sababli, har birimizga ta’limga bo‘lgan yondashuvni qayta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi. Shu bilan birga xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga barcha vazirlik va idoralar birdek mas’ulligi ta’kidlandi.

Endilikda maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilishi va ularga shaxsan prezidentning o‘zlari rahbarlik qilishlari sohada keskin burilish kutilayotganidan darak beradi.

Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, boy tajribaga ega pedagoglar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan Xalq ta’limi vazirining maxsus jamg‘armasi o‘qituvchilarning ish faoliyatini yanada rivojlantirish uchun o‘ziga xos motivatsiya beradi», – deya yozadi Baxtiyor Saidov.

Vazirga ko‘ra, ta’lim sifatini oshirishdagi ikkinchi muhim yo‘nalish bu o‘quvchilar uchun zamonaviy darsliklar yaratish hisoblanadi.

«Davlat rahbarining ta’lim sifatini oshirish borasida yana bir muhim topshirig‘i maktab darsliklarini yangilash borasida bo‘ldi.

Ayni vaqtda yangi avlod darsliklarini ilg‘or tajribalar asosida to‘liq yangilash uchun Angliya, Fransiya, Germaniya kabi qirqqa yaqin xalqaro ekspertlar jalb qilingan. Mazkur darsliklar o‘quvchilarning nazariy bilimlarini oshirib, fikrlashga chorlaydigan metodikalar sirasiga kiradi.

Kelgusi besh yilda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratilishi yuzasidan berilgan topshiriq ham ta’limda amalga oshirilishi kutilayotgan tub islohotlardan biridir.

Xo‘sh, nega aynan 1 mln. 200 nafar o‘quvchi o‘rni? Bu degani yaqin besh yillikda aholi soni o‘sishi bilan bir qatorda maktab o‘quvchilarining soni ham o‘sadi. 2025 yilga borib, o‘quvchi soni 7 mln.dan ko‘proqni tashkil etadi. Tabiiyki, maktablarda shuncha o‘quvchi o‘rni ham bo‘lishi kerak. Shularni inobatga olgan holda prezidentimiz 2022 yilning o‘zida 527 ta yangi va ta’mirtalab maktablarni rekonstruksiya qilish yo‘li bilan kerakli o‘quvchi o‘rni yaratilishini rejaga kiritish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, maktab ta’limini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan islohotlar sari dadil qadam qo‘yildi. Galdagi marra ushbu qadamlarni jadal sur’atlarda bosib o‘tish zarur», – deya ta’kidlaydi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi diplomatik missiyasi rahbari bo‘lgan Baxtiyor Saidov Sherzod Shermatovning AKT vazirligiga ketishi ortidan Xalq ta’limi vazirligida ish boshlagandi.

Mavzuga oid