21:54 / 02.02.2022
73638

Ayiq changaliga tashlangan qizaloq voqeasi: ochiq qolayotgan savollar

Kun.uz zooparkdagi ayanchli voqea bo‘yicha surishtiruvlarini davom ettirdi. Xo‘sh, ruhiy xasta ayol qanday qilib oliygohga ishga olingan? Ayolning hamkasblari u haqida qanday fikrda?

Fotokollaj: Kun.uz

3 yashar qizchasini ayiqqa yem qilmoqchi bo‘lgan ona voqeasi atrofidagi muhokamalar bir necha kundirki tingani yo‘q. Kun.uz hodisa qanday ro‘y berganini o‘rgandi, fojiaga sababchi bo‘lgan ayolning xonadonida bo‘lib, u nega bunday holatga tushib qolganini aniqlashga urindi. Biroq mavzu bo‘yicha qator savollar haligacha ochiq qolmoqda.

Ruhiy xasta ayol qanday qilib ishga qabul qilingan?

Fojia sabablari haqidagi surishtiruvimiz tafsilotlari e’lon qilingach, o‘quvchilarimizdan ko‘plab savollar kelib tushdi. Jumladan, ko‘pchilik ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turgan ayolning talabalarga dars berishiga qanday qilib yo‘l qo‘yilgani, nima uchun oliy ta’lim muassasasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga olinayotgan shaxsning salomatligi haqida ma’lumotnoma talab qilinmagani bilan qiziqdi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti xodimlar bo‘limi boshlig‘i Dilbar Aripovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Zilola To‘laganova ishga kirayotganda sog‘lom ekani qayd etilgan tibbiy ma’lumotnoma taqdim etgan.

“Institutga har bir o‘qituvchi tartibimiz bo‘yicha 4 ta mas’ul xodimning suhbatidan o‘tib, kerakli hujjatlarni taqdim etganidan so‘nggina ishga qabul qilinadi. Talab etilgan hujjatlarning orasida ishga qabul qilinayotgan xodimning sog‘lomligi haqidagi ma’lumotnoma ham bo‘lishi shart.

Zilola To‘laganovaga Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 43-sonli oilaviy poliklinika tomonidan 653-raqamli 2021 yilning 30 avgust kunida uning sog‘lom va ishga layoqatli ekanligini tasdiqlovchi tibbiyot ma’lumotnomasi berilgan. Ma’lumotnomada 9 ta (terapevt, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, ginekolog, dermatolog) shifokorning Zilola To‘laganovaning sog‘lom ekanligini tasdiqlovchi imzosi ham qo‘yilgan. Biz shu ma’lumotnomaga asoslanib, uni ishga qabul qilganmiz”, deydi Dilbar Aripova.

Ma’lum bo‘lishicha, Z.To‘laganova institutga 2021 yilning 6 sentabr kuni 0,5 stavkaga tashqi o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilingan. U institutning 3-kurs talabalariga reklama va amaliy grafikadan dars bergan.

“Zilola To‘laganova institutimizning Amaliy san’at va dizayn fakulteti Reklama va amaliy grafika kafedrasida ishlab kelgan. Avgust oyida ish so‘rab kelganida, o‘zi shu institut talabasi bo‘lgani, o‘qishni “qizil” diplomga tamomlagani uchun belgilangan tartibda ishga qabul qilingan.

Uni yaqindan taniganlar bakalavriyatda ham (2008–2012 yillar), magistraturada ham (2015–2017 yillar) namunali talabalardan bo‘lgani, ish faoliyati davomida ham u bilan bog‘liq hech qanday salbiy holat kuzatilmagani, hamkasblari bilan ham munosabatlari juda yaxshi bo‘lganini aytishmoqda. Shu sababli ham ro‘y bergan voqeani eshitib, hamkasblari “shok”ka tushib qolishdi.

Ishga kirish vaqtida taqdim etilgan hujjatlarida keltirilishicha, Zilola avval “Yangi asr avlodi” nashriyotida ishlagan, bugungi kunda uning asosiy ish joyi “Zabarjad media” nashriyoti hisoblanadi. Shuning uchun u institutga 0,5 stavkaga ishga qabul qilingan.

Kafedra mudirining aytishicha, Zilola haftada ikki yoki uch martagina institutga kelib, faqat o‘zining darsini o‘tib ketgan. U hech qaysi talabaga mas’ul sifatida biriktirib qo‘yilmagan. Institutda 3-kurs talabalariga reklama va amaliy grafika bo‘yicha saboq bergan”, deydi Milliy rassomlik va dizayn instituti axborot xizmati rahbari Nilufar Jabborova.

“Mutlaqo sog‘lom”: tibbiy ma’lumotnoma qanday berilgan?

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Z.To‘laganova 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turadi. Biroq oradan bir oy o‘tib, 2021 yilning 30 avgust kuni Shayxontohur tumanidagi 43-oilaviy poliklinika tomonidan berilgan tibbiy ma’lumotnomada uning “sog‘lom” ekani qayd etilgan.

Xo‘sh, ruhiy dispanser hisobidagi shaxs qanday qilib “sog‘lom” deb topildi? 43-oilaviy poliklinikaning bosh shifokori Nargiza Shermuhammedova holatni quyidagicha izohladi.

“Tibbiy ma’lumotnoma berilgan vaqtda Zilola To‘laganova ota-onasi bilan Shayxontohur tumanida ijarada turishgan. Shu yerda yashagani uchun tibbiy ko‘rikka chiqib yurgan. Sentyabrda bu yerdan ko‘chib ketgan. Hayvonot bog‘idagi hodisadan so‘ng tibbiy daftarchasini qidirganimizda o‘zi bilan olib ketgani ma’lum bo‘ldi. Shu yerda yashayotgan vaqtda ishga kirgani va ishxonasidan so‘ralgani uchun terapevt, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, ginekolog, dermatolog ko‘rigidan o‘tib, “sog‘lom” degan tibbiy ma’lumotnoma olgan.

Endi uning ruhiy-asab kasalliklari dispanserida turgani holda “sog‘lom” degan tibbiy ma’lumotnomani qanday olganiga kelsak, oilaviy poliklinikalarda psixonevrolog shtati yo‘q. Fuqaroda ruhiy-asab kasalliklari bor-yo‘qligini ushbu mutaxassis aniqlaydi. Poliklinikamizda Z.To‘laganova nevropatolog ko‘rigidan o‘tadi va patsiyentda nevrologik kasalliklar bor-yo‘qligini aniqlashga qaratilgan tibbiy ko‘rik natijalari hamda savollariga fuqaro tomonidan berilgan javoblarga asoslanib, u “sog‘lom” yoki “nosog‘lom” ekani haqida xulosa beradi.

Qolaversa, xodimning asab kasalliklari bo‘yicha hisobda turish-turmasligini aniqlash ish beruvchining vakolatidagi masala, bu bizning vakolatimizga kirmaydi. Biz tibbiy ko‘rikka kelgan fuqarolarni o‘zimizdan o‘zimiz dispanserga yo‘naltirib yubora olmaymiz. Buni ish beruvchi talab qilishi kerak. Masalan, bizning tizimga ishga kirish uchun ruhiy-asab, sil kasalliklari bo‘yicha va narkologik dispanser hisobida turmasligi haqida ma’lumotnoma talab etiladi. Fuqarolarning shunday hisobda turishi yoki turmasligi haqidagi ma’lumotlar oilaviy poliklinikalarda mavjud emas”, deydi Nargiza Shermuhammedova.

Bosh shifokorning ta’kidlashicha, ruhiy-asab kasalliklari bo‘yicha dispanser hisobida turuvchi shaxs o‘zi bu haqda oilaviy poliklinika shifokoriga aytmasa, u tibbiy ko‘rik orqali buni aniqlay olmaydi.

“Ruhiy-asab kasalligi bor odamlar nevropatolog ko‘rigidan o‘tishga kelganda ularning ruhiy xasta ekanini bilib bo‘lmaydi. Kasallik avjiga chiqqan hamda xuruj qilganidan boshqa paytlarda u siz-u bizdek oddiy odam bo‘ladi, savollarga adekvat javob beradi. Atrofimizda shizofreniya va shunga o‘xshash kasalliklar bo‘yicha qancha odamlar yuradi. Ularning ham yuz qiyofasi, ko‘rinishidan xasta yo sog‘lom ekanini aniqlashning imkoni yo‘q. Chunki sog‘lom odamdan juda ham ajralib turishmaydi.

Shu sababli ham ish beruvchilar bunday ma’lumotlarni dispanserlardan so‘rab olishadi. Dispanserdagilar fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib o‘tirishmaydi, ma’lumotlar bazasidan uning ism-sharifini qidirib ko‘rishadi. Agar fuqaro bolaligida ruhiy-asab kasalligiga chalingan bo‘lsa ham bazadan unga tegishli ma’lumot chiqib keladi. Masalan, yoshlar oila qurayotganida bekorga ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga yuborilmaydi. Nikoh qurish uchun bu ma’lumotnomani taqdim etishlari, ya’ni sog‘lom bo‘lishlari shart”, deydi N.Shermuhammedova.

Hamkasblari Zilola haqida nima deydi?

Zilola To‘laganovaning hamkasblari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hech qachon unda ruhiy-asab kasalliklari xuruji kuzatilmagani, odamlar bilan hamisha yaxshi munosabatda bo‘lganini ta’kidlashdi.

Jasur Jumayev, Amaliy grafika va badiiy fotografiya kafedrasi dotsenti:

— Zilola bilan kursdosh bo‘lganmiz. U og‘ir, vazmin, har bir berilgan vazifa va topshiriqlarga mas’uliyatli talaba edi. Uni kim bilandir urishganini yoki behurmatlik qilganini ko‘rmaganman. Bu xabarni eshitib, rosti gangib qoldim. Balki ma’lumotlar noto‘g‘ridir, degan xayolga ham bordim. Uning shaxsiy hayoti qanday ekanligidan bexabar edim. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlardan bildimki, u oxirgi yillarda shaxsiy hayotida ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazibdi.

Sayyora Saidova, San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti dekani, dotsent:     

— 2008–2020 yillarda Amaliy san’at fakulteti dekani bo‘lib ishlaganman. Zilola To‘laganova bakalavr bosqichida mening fakultetimda tahsil olgan. 2012 yilda bor yo‘g‘i ikki talaba o‘qishni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Shularning biri Zilola edi. U hamma fanlardan a’loga o‘qigan, tartibli talabalarimdan biri edi. Shu paytga qadar uning ruhiyatida biror bir o‘zgarishni, atrofdagilarga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatini umuman sezmaganman.  

Bahrom Namozov, Amaliy grafika va badiiy fotografiya kafedrasi mudiri:

— Zilolani talabalik paytidan yaxshi bilaman. Ham vazmin, ham namunali talabalardan biri bo‘lgan. Zilola o‘tgan yili avgust oyida institutda ishlash niyati borligini aytib qoldi. Biz uning harakatchanligini va shu paytga qadar unda biror bir nojo‘ya xatti-harakatni kuzatmaganimiz sababli uni qo‘llab-quvvatladik va 0,5 shtatda tashqi o‘rindoshlik sifatida ishga qabul qildik. U haftasiga 2 yoki 3 marta kelib, faqat o‘ziga belgilangan soatda darsini o‘tib ketardi. Umumiy olib qaraydigan bo‘lsak, Zilola sentabr oyidan dekabr oyigacha, ya’ni 4 oy davomida talabalarga dars bergan. Lekin shu vaqt oralig‘ida biror bir talaba yoki o‘qituvchi uning ustidan shikoyat qilib, norozi bo‘lgani yo‘q. Ishlash davomida Zilola o‘zining oilaviy sharoitidan nolib, gapirganini ham eshitganim yo‘q.

Rahimjon Rizamuhammedov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, teatr bezagi rang-tasvir kafedrasi dotsenti:

— Men Zilola To‘laganovaga magistraturada 2 yil davomida dars berdim. U eng namunali talabalarimdan biri bo‘lgan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, u o‘tiladigan hamma fanlarga e’tiborli edi. Berilgan topshiriqlarni vaqtida bajarib, vaqtida baholarini olardi. Sodir bo‘lgan mudhish voqea hammamizni taajjubga tushirdi. 

Ma’mura Qutliyeva, “Zabarjad media” xususiy korxonasi rahbari:

— Men Zilolani 2017 yildan – “Yangi asr avlodi” nashriyotida bosh muharrir vazifasida ishlagan kezlarimdan beri bilaman. U hamisha og‘ir-bosiq, kamgap qiz edi. Hayotida katta bo‘shliq borligini, doim nimadandir ko‘ngli to‘lmay yurishini his qilardim.

Keyinchalik uning iqtidorini va berilgan vazifaga mas’uliyat bilan yondashishini inobatga olib, o‘zim rahbarlik qilayotgan korxonaga ishga taklif qilganimda, men bilan ishlashga bajonidil rozi bo‘ldi.

Zilola bilan o‘rtamizda doimo yaxshi munosabat o‘rnatilgan, meni rahbar sifatida emas, qadrdon insonidek ko‘ngliga yaqin olib, bor dardini, quvonchini gapirib berardi. Oilasidagi kelishmovchiliklardan ham xabardor edim. Lekin men Zilolaga bu tashvishlar o‘tkinchi ekanligini, yaxshi kunlari oldindaligini, farzandlarini yaxshi tarbiya qilishi kerakligini qayta-qayta uqtirardim.

Sodir bo‘lgan voqeani eshitib, ruhim tushib ketdi. Zilola farzandlari – Dadaxon bilan Zarinani ko‘pincha ishxonamizga o‘zi bilan olib kelardi. Uning farzandlariga nisbatan qo‘pol munosabatiga guvoh bo‘lmaganman. Hamma onalar qatori u ham farzandlariga mehribon ona edi, hatto o‘g‘liga o‘z sohasini o‘rgatmoqchi ekanligini, uning rasm chizishga bo‘lgan layoqatini xursand bo‘lib gapirardi.

Bugun Zilolaning oyisi va qizidan xabar olgani bordim. Sho‘rlik ona adoyi tamom bo‘ldi yig‘layverib. “Hamma ayb menda, qizimni asrolmadim”, deb o‘zini ayblashdan to‘xtamadi. Onaga sabr tilashdan boshqa so‘z topolmadim.

Voqea tarixi

28 yanvar kuni soat taxminan 12lar atrofida noma’lum ayol kichkina qizchani Toshkent hayvonot bog‘ining Zuzu laqabli ayiq saqlanadigan volerga tashlab yuboradi. Bu voqeani o‘tkinchilar ko‘rib qolib, hayvonot bog‘ining xavfsizlik bo‘limi xodimi Ergash Mamatovga xabar berishadi. U o‘z navbatida hayvonot bog‘ining Yirtqichlar bo‘limi mudiri Nodir Bahromovga telefon qilib, sodir bo‘lgan hodisa haqida axborot beradi.

Mas’ul xodimlarning zudlik bilan ko‘rgan chora-tadbirlari natijasida qizcha voler ichidagi hovuzga qulaganidan 2-2,5 daqiqa o‘tib, Zuzu ichki qafasga kiritiladi va xodimlar boshqa eshikdan volerga kirib, qizchani olib chiqishadi.

Jabrlanuvchiga hayvonot bog‘i hamshirasi tomonidan birinchi yordam ko‘rsatiladi. So‘ngra u tez tibbiy yordam xizmati mashinasida shifoxonaga olib ketiladi.

Surishtiruvlar davomida jabrlanuvchi 3 yoshu 3 oylik Zarina Ahadova ekani, qizchani volerga tashlab yuborgan ayol esa uning 30 yoshdagi onasi Zilola To‘laganova ekani oydinlashdi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi o‘tkazilgan rentgenologik, tomografiya tekshiruvlaridan so‘ng bolaga ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi tashxislari qo‘yiladi. Shifoxonaga olib kelingan vaqtda 5 metr balandlikdan beton qoplamali beton yuzaga yiqilgan bolaning boshi yorilgan, shuningdek, yuz qismida ham jarohat borligi ma’lum bo‘ldi. Bir kun reanimatsiya bo‘limida muolaja olgan bola ertasi kuni Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limiga o‘tkaziladi.

Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi Otabek Bozorovga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ona ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Nodir Bahromovning aytishicha, 24 yil avval ochilgan Toshkent hayvonot bog‘ida bunday voqea shu paytgacha kuzatilmagan. Zuzu laqabli ayiq 2016 yilda tug‘ilgan, jinsi erkak. U bu yerga 2017 yilda Bokudagi hayvonot bog‘idan olib kelingan. Mutaxassis tabiatda erkak ayiq hatto o‘zining bolalari uchrab qolsa, ularni yeb qo‘yishi yoki o‘ldirishini aytdi, Zuzuning bolaga ziyon yetkazmaganini Allohning marhamati deya ta’kidladi.

Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati ro‘y bergan voqeadan so‘ng Zarinaning davolanishi uchun ketadigan xarajatlarni o‘z zimmasiga olganini, keyinchalik esa qizaloq va uning akasiga zooparkka bir umr bepul kirish imkoniyatini taqdim etganini e’lon qildi.

31 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘i vakillari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga borib, qizchaning holidan xabar olishganini ma’lum qildi. Xabarda Zarinaning kayfiyati yaxshi ekani, shifokorlar tomonidan uning holati turg‘un deya baholanayotgani ta’kidlanadi.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri

Top