19:35 / 02.02.2022
44876

«Qonli qarshilik». Jonson Rossiyani Ukraina chegaralaridan ketishga chaqirdi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga keldi va Rossiyani urush ro‘y bergan taqdirda, ukrain armiyasi qattiq qarshilik ko‘rsatishidan ogohlantirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Polsha va Buyuk Britaniya bilan yangi alyans tuzganini e’lon qildi hamda Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar sonini 100 mingga oshirish haqidagi farmonini imzoladi. Bu vaqtda Vladimir Putin AQSh va NATO Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha talablarini e’tiborsiz qoldirgani haqida gapirdi.

Rada deputatlari Ukrainaning g‘arblik ittifoqchilariga ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirmoqda / Reuters

Oliy Radada chiqish qilgan Zelenskiy G‘arb mamlakatlariga ularning sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. «Ukrainani diplomatik qo‘llab-quvvatlash 2014 yildan buyon eng yuqori nuqtasiga chiqqan va bu davom etmoqda. Ukrainaga 2014 yildan buyon eng katta va bebaho harbiy-texnik yordam  ko‘rsatilmoqda va yordam kelishi davom etmoqda», degan prezident.

O‘tgan haftada Buyuk Britaniya, AQSh va dunyoning yana bir qancha davlatlari Ukrainaga harbiy maqsadlarda ishlatiladigan yuklarni yetkazib berishni boshladi. Seshanba kuni Kiyevga AQShdan oltinchi partiya yetib kelgan, Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov tvitterida yozishicha, Kiyev AQShdan hozirgacha jami 500 tonna hajmdagi o‘q-dori va qurollar qabul qilib olgan.

Ukraina, Polsha va Buyuk Britaniya alyansi

Zelenskiy Ukraina Polsha va Buyuk Britaniya bilan yangi siyosiy ittifoq tuzganini ham ma’lum qildi, bu tashkilot xavfsizlik, savdo, investitsiyalar va energetika bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Bu birlashuv haqida seshanba kuni rasman e’lon qilinishi kerak edi, ammo Forin-ofis rahbari, Britaniya tashqi ishlar vazirligi Liz Trassda koronavirus aniqlanib, u Kiyevga kela olmagani tufayli bu muddat keyinroqqa surildi.

Jonson qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Putin «Ukrainaning boshiga to‘pponcha tirab turgani»ni aytdi / PA MEDIA

Ammo Ukraina poytaxtiga, avvaldan rejalashtirilganidek  Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tashrif buyurdi. U Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar qo‘shma bayonot bilan chiqqan bo‘lib, unda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini «ulkan strategik xato» bo‘lishi va o‘z ortidan «jiddiy gumanitar oqibatlar»ni yuzaga keltirishi ta’kidlangan. Bayonotda qayd etilishicha, Buyuk Britaniya «Rossiyaning davom etayotgan tajovuzi qarshisida Ukraina bilan yelkama-yelka turishga tayyorligi»ni bildirgan.

Uchrashuvdan keyin tashkil qilingan qo‘shma matbuot anjumanida Ukraina chegarasi yaqinida rossiyalik harbiylar to‘planishini «zamonaviy tarixda Ukrainaga nisbatan dushmanlikning eng jiddiy namoyishi» deb atadi.

«Ukraina armiyasi jang qiladi. 200 ming ukrain erkaklar va ayollar zarba ostida. Ular juda qaqshatqich va qonli qarshilik ko‘rsatishadi va men o‘ylaymanki, Rossiyadagi otalar va onalar bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak. Umid qilamanki, prezident Putin ziddiyat yo‘lidan qaytadi va biz muloqot boshlaymiz», degan britanlar bosh vaziri.

Jonson Rossiyaga qarshi sanksiyalar «rossiyalik askarning oyog‘i Ukraina chegarasini kesib o‘tishi va uning hududiga kirgan daqiqadanoq» kuchga kirishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu sanksiyalar AQSh bilan kelishilgan. Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar «Rossiyaga dushmanlik qilish» maqsadida emas, balki Ukraina ozodligini himoya qilishga sodiqligini namoyish etish maqsadida qo‘llanadi.

AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya Ukraina chegaralari yaqiniga 100 mingdan ortiq harbiy olib kelgani haqida ma’lumotga ega, G‘arb davlatlari buni bemisl tahdid sifatida ko‘rmoqda. Moskvadagilar rossiyalik harbiylar Rossiya hududi bo‘ylab harakatlanishi hech kimni tashvishga solmasligi kerakligini uqtirmoqda. Kreml Ukrainaga qarshi harbiy tajovuz qilmoqchi emasligini aytmoqda, shu bilan  birga, NATOdan alyansni sharq tomon kengaytirmaslik va o‘z eshiklarini Kiyevga ochmaslikni talab etmoqda.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina, Buyuk Britaniya va Polshaning yangi ittifoqi - umumiy prinsiplarga ega va aniq harakatlarga tayyor bo‘lgan davlatlar uyushmasidir. «Varshava, Kiyev va London nafaqat Yevropa xavfsizligiga tahdidlarni va RF tomonidan xavf tufayli bo‘layotgan chaqiriqlarni, balki savdo, investitsiyalar, energetika sohalaridagi uch tomonlama hamkorlikda katta salohiyat mavjudligini real anglaydi. Atlantika, Boltiq dengizi va Qora dengizdagi kuchlarimizni birlashtirgan holda biz o‘z mamlakatlarimiz va umuman mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yuzaga keltiramiz», - deya yozgan Kuleba feysbukda.

Boris Jonson va Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi Sofiya sobori yaqinida

Britaniya hukumati seshanba kuni Ukrainaga Rossiya energiya tashuvchilariga qaramligini qisqartirish va boshqa maqsadlar uchun 88 mln funt sterling (120 mln dollar atrofida) mablag‘ ajratdi.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy esa Kiyevga mudofaa qurollari, jumladan dronlar va «Grom» ko‘chma zenit-raketa majmualari, shuningdek gumanitar yordam jo‘natishni va’da qilgan. Bundan tashqari, Polsha Rossiya hujumi ro‘y bersa, ukrainalik qochqinlarni qabul qilishga ham tayyorlanadi.

Ukrain armiyasidagi islohot

Seshanba kuni Ukraina parlamentida chiqish qilgan prezident Zelenskiy uch yil ichida mamlakat qurolli kuchlaridagi harbiylar sonini 100 ming kishiga oshirish (hozirda 200 ming askar bor) bo‘yicha farmon imzolagani haqida ma’lum qildi.

Bundan tashqari, ushbu hujjat professional armiyaga o‘tishning boshlanishi hisoblanadi. Harbiy xizmatga majburiy chaqiriq 2024 yildan bekor qilinadi. «Bu farmon - «tez orada urush boshlanayotgani» uchun emas. Buni gapim barcha uchun. Bu farmon bundan keyin ham Ukrainada tinchlik bo‘lishi uchun», degan Zelenskiy.

Zelenskiy harbiy xizmat o‘tashning muqobil shakli sifatida intensiv harbiy tayyorgarlik tizimini joriy etishni taklif qilgan.

Ukraina vakili BMT Xavfsizlik kengashida mamlakat Donbassga hujum qilishga tayyorlanmayotganini aytgan. Foto: EPA

Qatar Yevroittifoqni gaz bilan muammo bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan

Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabi agar Rossiya Ukraina atrofidagi keskinlik kuchayishi fonida gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ysa, Qatar Yevropani bir o‘zi qutqara olmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, vazir Qatar zarurat tug‘ilganda Yevropaga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Ukraina inqirozi AQSh prezidenti Jo Bayden va Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad As-Soniy o‘rtasida dushanba kuni o‘tkazilgan uchrashuvdagi muhim mavzulardan biri bo‘lgan.

AQSh prezidenti dunyodagi yetakchi gaz yetkazib beruvchilardan  biri bo‘lmish Qatar davlati delegatsiyasidan G‘arbiy Yevropa davlatlarining gazga talabini qondirib bera olish imkoniyati borasida so‘ragan. Bunga javoban energetika vaziri Qatar o‘z hamkorlarini qiyin pallalarda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi, ammo YeI uchun zarur bo‘lgan gaz hajmini dunyoning boshqa mintaqalariga gaz yetkazib berishni to‘xtatmasdan, bir tomonlama tartibda yetkazib berish imkonsizligini ma’lum qilgan.

«Yevropaning energetik xavfsizligi ko‘plab tomonlarning kollektiv sa’y-harakatlarini talab etadi», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Qayd etilishicha, Qatar o‘z ishlab chiqarish quvvatini to‘liq ishga tushirgan va ekspertlar fikriga ko‘ra, faqatgina Qatarning Sharqiy Osiyodagi asosiy mijozlari, jumladan Janubiy Koreya va Yaponiya o‘ziga kelayotgan yonilg‘ining bir qismi yo‘naltirilishiga rozi bo‘lgan taqdirdagina, Yevropa favqulodda yordam olishi mumkin bo‘ladi.

Sohadagi ekspertlar shu vaqtga qadar ham tabiiy gaz uchun yuqori narxlardan norozilik bildirib kelayotgan yevropalik iste’molchilar bu holatda yanada ko‘proq to‘lashlariga to‘g‘ri kelishi haqida ogohlantirishgan.

G‘arb sanksiyalari

G‘arb mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi yangi agressiyasi Moskvaga nisbatan qat’iy iqtisodiy sanksiyalarga sabab bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Dushanba kuni Britaniya TIV rahbari Elizabet Trass parlamentda chiqish qilib, bosqin ro‘y bersa, Rossiya hukumatiga aloqador bo‘lgan barcha shaxslar va kompaniyalar sanksiyalarga duchor bo‘lishini ma’lum qildi.

AQSh ham Ukraina hududiga bostirib kirilgan taqdirda kuchga kiradigan Rossiya elitasi vakillariga qarshi sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda. Oq uy matbuot kotibi Jyen Psakining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar Kremlga yaqin shaxslarga taalluqli bo‘ladi.

Dushanba kuni Financial Times gazetasi Amerika administratsiyasidagi manbasiga asoslangan holda, AQSh Putinning atrofidagi, mamlakat siyosatida muhim qarorlar chiqaruvchi odamlarga qarshi ham sanksiyalar tayyorlamoqda. Xabarda yozilishicha, bu cheklovlar iqtisodiy sanksiyalarga «bonus o‘laroq» belgilanishi mumkin.

Kiyev Minskka qarshi

Dushanba kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov G‘arbdan 2015 yilda Fransiya va Germaniya vositachiligida imzolangan Minsk kelishuvlarini bajarishga majburlamaslikni so‘radi. «Assoshieyted press» uchun bergan intervyusida u bunday urinish mamlakat ichkarisida tartibsizliklar keltirib chiqarishi mumkinligi va bu Moskva uchun ayni muddao bo‘lishini aytgan.

Ukrain tanklari Xarkov yaqinidagi mashg‘ulotlar chog‘ida. Foto: EPA

«Minsk kelishuvlari shartlarini bajarish mamlakat halokatini anglatadi. Uni rossiyaliklar zambaraklari ostida imzolashganida - nemislar va fransuzlar bunga tomoshabin bo‘lib turishgan - o‘shandayoq sog‘lom fikrli odamlar uchun bu kelishuvni amalga oshirish imkonsiz ekani kundek ravshan edi», deya uning so‘zlarini keltiradi agentlik.

Moskva Minsk kelishuvlariga o‘zgartirish kiritishga qat’iyan qarshilik ko‘rsatadi va Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilarini ular Ukrainani o‘z majburiyatlarini bajarishga ko‘ndira olmagani uchun tanqid ostiga oladi. O‘tgan haftada «normand to‘rtligi» davlatlari yetakchilari maslahatchilari sakkiz soatlik muzokaralar o‘tkazishdi va 2019 yil dekabridan buyon ilk marta qo‘shma kommyunike imzolab, ikki haftadan keyin Berlinda yangi uchrashuv o‘tkazishga kelishishdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top