O‘zbekiston | 22:50 / 03.02.2022
16247
2 daqiqa o‘qiladi

Shahristondagi daraxtlarga suiqasd davom etadi – endi daraxtlar ostiga sement quyildi

Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasida, Shahriston metro bekati yaqinidagi ko‘p qavatli uylar oldidagi qarag‘aylarga navbatdagi suiqasd uyushtirildi.

Ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi vakillarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni damda daraxtlarning ostiga o‘zini «shu joyning egasi, biznesmen, yerni sotib olgan odam» sifatida tanishtirayotgan bir guruh notanish shaxslar tomonidan sement quyilgan. «Biznesmen» aholi vakillari so‘roviga javoban hech qanday hujjat taqdim etmagan.

Daraxtlarga qilingan navbatdagi suiqasddan so‘ng, aholi voqea joyiga to‘planib, o‘z noroziligini bildirgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ekoqo‘mita vakillari ham hududga yo‘l olishgan.

Shahar ekologiya boshqarmasi rasmiylarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirda ekopatrul vakillari voqea joyiga yetib borgan, sement quygan shaxslar ichki ishlar xodimlari tomonidan IIBga olib ketilgan, tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari esa daraxtlar ostini sementdan tozalashga kirishgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 14 dekabr kuni tunda ushbu hududdagi 10 tup daraxt noma’lum shaxslar tomonidan arralab ketilishi natijasida o‘simlik dunyosiga 83 million so‘m zarar yetkazilib, ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

2022 yil 10 yanvarga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar ushbu hududda yana 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashlagandi.

Ma’lumot uchun, daraxtlar joylashgan ushbu hududni 2020 yilda tadbirkor Jaloliddin Gaziboyev auksion orqali qo‘lga kiritgan, Toshkent shahar hokimi qarori bilan yer unga biriktirib berilgan. Biroq shu yerda yashovchi aholi tadbirkorning daraxtlarni kesib qurilish qilishiga qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga binoan daraxtlar kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Mavzuga oid