Jamiyat | 10:28 / 07.02.2022
6979
2 daqiqa o‘qiladi

Akademik, pediatr-infeksionist olim Turg‘unpo‘lat Daminov vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, tibbiyot sohasida taniqli olim, Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Foto: tma.uz

Turg‘unpo‘lat Daminov 1941 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yilda Toshkent tibbiyot institutini tugatgan. U 1969-1982 yillarda Bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi assistenti, dotsenti, 1982-84 yillarda mudiri bo‘lgan. 1984-1990 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi pediatriya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, 1990 yildan 1-Toshkent tibbiyot instituti rektori bo‘lib ishlagan.
 
Turg‘unpo‘lat Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtayi nazardan o‘rgangan. Bolalarda uchraydigan V virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqqan va amaliyotga tatbiq etgan. Ko‘pincha chaqaloqlar o‘limiga sabab bo‘ladigan nafas yo‘llari kasalliklari belgilarini aniqlagan.

U 1997 yildan Oliy Majlis deputati, 1995 yilda «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining birinchi kotibi, 1997 yilda «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» bosh tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan.

Turg‘unpo‘lat Daminov 1980 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach unvoni bilan taqdirlangan, 1997 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid