O‘zbekiston | 19:16 / 07.02.2022
16845
5 daqiqa o‘qiladi

Nega «Qizilqumsement»dagi davlat ulushi bozor qiymatidan ancha arzon sotilgan?

Investor, Fusion Wealth Management Ltd. kompaniyasi menejyeri Maykl MakGofiga ko‘ra, 2021 yilning oxirida «Qizilqumsement»ning har bir aksiyasi bozor qiymati 6500 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, «negadir» United Cement Group’ga 4859 so‘mdan sotilgan. U kelishuvni shaffof emas, deb hisoblamoqda.

2021 yilning oxirgi kunida O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlardan biri «Qizilqumsement» AJ ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga United Cement Group’ga(ba’zi ekspertlarning fikricha offshor kompaniya) sotilgandi. Natijada Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ushbu kompaniyaning O‘zbekistonda egalik qiladigan sement zavodlari soni («Quvasoysement» va «Bekobodsement» bilan birga) 3taga yetdi.

Ammo bu xususiylashtirish jarayoni investorlarda qator savollar va noroziliklarni keltirib chiqardi. Xususan, Fusion Wealth Management Ltd. kompaniyasi menejyeri Maykl MakGofiga ko‘ra, ushbu xususiylashtirish jarayoni shaffof tarzda amalga oshmagan.

Investor 2021 yilning kuzida o‘tkazilgan Toshkent investitsiya forumidan so‘ng O‘zbekistonga nisbatan ishonchi va umidi juda katta bo‘lgani, ammo bu kabi bitimlar xususiylashtirish/islohotlar dasturini savol ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi.

MakGofi Linkidenʼdagi sahifasida «Qizilqumsement»ning xususiylashtirilishi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

«Ma’lumot uchun, men ishlayotgan fond va shaxsan o‘zim 2018 yilning boshidan beri «Qizilqumsement»ga investorlik qilib kelamiz. O‘zbekiston fondimiz faoliyat yuritadigan eng yirik mamlakat.

2021 yilning oxirida zavodning har bir aksiyasi uchun 6500 so‘m taklif etilayotgandi, biroq narx 4859 so‘m etib belgilangan. Bu bozor narxiga nisbatan 20 foiz arzonroq va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Firmani boshqarish imkoniyati juda qimmatga tushishi sababli bu kabi oldi-sotdilar joriy narxlardan ancha yuqori qiymatlarda sodir bo‘ladi. Ammo «Qizilqumsement» bilan buning teskarisi bo‘ldi. Xarid qilayotgan firma zavodni bozor narxiga nisbatan ham ancha chegirma bilan olgan.

Bu UzAssets motivlarini shubha ostiga qo‘yadi. Nima uchun ular bozordan narxlariga nisbatan ancha pastroq bahodagi shartnomani ma’qullagan? Yil yakunida savdo sessiyasi yopilishidagi oxirgi bitim bahosi 6500 so‘mni tashkil etgandi.

Juda kam shaffoflik. Savdo men va men bilan suhbatlashgan boshqa investorlar uchun juda ajablanarli bo‘ldi. «Qizilqumsement»ning sotilishi haqidagi rasmiy tender yoki sotish jarayoni haqida eshitmaganman, shunchaki davlat ulushi sotuvga qo‘yilgan. Turkiya, Pokiston, Rossiya va Xitoy firmalari aksiyalarning nazorat paketini bozor narxidan yuqoriroq narxda sotib olishga qiziqish bildirayotgan edi. Mamlakatdagi Coca-Cola zavodining sotuvi qanchalik ochiq tarzda amalga oshganini hisobga olsak, bu yerda shaffoflikning yo‘qligi juda hayratlanarli.

Bozor va kelajakdagi xususiylashtirish jarayoni uchun yomon pretsedent. Agar bunday chegirmalar yopiq eshiklar ortida berilsa, bozor narxi hech qanday ma’noga ega bo‘lmay qoladi. O‘z-o‘zidan nega rasmiy tender jarayoni o‘tkazilishi kerak, degan savol paydo bo‘ladi.

Delloite kabi xalqaro konsultantlarning maslahati ko‘p narsani hal qilmaydi. Auditor/maslahatchilar kelajakda ko‘proq kelishuvni qo‘lga kiritish uchun bitimlarni imzolaydi. Bu xuddi AQShning kredit reyting agentliklari/kompaniyalarining GFC’ga olib kelguniga qadar past sifatli derivativlar bilan ishlaganiga o‘xshaydi.

Mamlakatdagi raqobat muhitiga zid. Kelishuvdan so‘ng United Cement Group O‘zbekistondagi sement ishlab chiqarilishining 50 foizdan ortiq qismini nazorat qiladi va bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘p sonli ishlab chiqaruvchilar raqobatni rag‘batlantirishga yordam beradi va raqobatbardosh narxlarni ta’minlaydi. Hech bir firma zarur mahsulot bilan ta’minlashda bozorning katta qismini nazorat qilmasligi kerak.

Mamlakat reputatsiyasi va xavflarni qayta baholash. Ilk marta 2017 yilning noyabr oyida Toshkentga kelganman va shundan beri ko‘plab sarmoyador hamkasblarimga O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirib berdim. O‘zbekistonda aqllilar ko‘p. Men muxlisman. Ammo bu kelishuv menda baholash borasida shubhalarni paydo qilmoqda», deya yozdi investor.

Avvalroq, «Ohangaronsement» AJning 98,6 foiz ulushi «Akkermann Cement CA» kompaniyasi ixtiyoriga o‘tgani xabar qilingandi. Bu kompaniya Alisher Usmonov egalik qiladigan holdingga tegishli.

Mavzuga oid