Sport | 17:49 / 10.02.2022
40365
6 daqiqa o‘qiladi

Kurt Zuma to‘p o‘rniga mushugini tepdi. Klubi uni jarimaga tortdi, muxlislar va homiylar voz kechmoqda

Londonning «Vest Hem» klubi himoyachisi Kurt Zuma o‘z klubi tomonidan bunday holatlar uchun belgilangan maksimal jarimaga tortildi - u ikki haftalik maoshiga teng bo‘lgan 250 ming funtidan ayrildi. Muxlislar maydonda unga hushtakbozlik qilishdi.

Foto: Paul Terry / Sportimage / Scanpix / LETA

Angliya Premer-ligasi joriy mavsumida mojarolar tinmayapti. «Manchester Siti» himoyachisi Benjamen Mendi so‘nggi oylarda bir necha marta nomusga tegish jinoyati bilan ayblangan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» hujumchisi Meyson Grinvud jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanib, futboldagi faoliyatini xavf ostiga qo‘ydi. Yangi mojaro esa jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan «Vest Hem» himoyachisi Kurt Zuma bilan bog‘liq. O‘tgan yil «Chelsi» safida YeChL g‘olibiga aylangan Zuma hozirda dunyoning eng yovuz futbolchisi sifatida gavdalanmoqda.

Hammasi nimadan boshlandi?

Ikki kun avval internetda video tarqaldi. Unda Kurt Zuma va uning ukasi Yoan uyda mushukka shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani tasvirlangan. Futbolchining ukasi beozor jonivorga nisbatan kalakali harakatlarni videoga tushirib, Snapchat’ga joylagan. Videoda Zumaning mushukni qo‘liga olib, to‘pga zarba bergandek tepgani va aka-ukalarning jonivorni azoblashdan zavqlanganini ko‘rish mumkin.

The Sun ma’lumotiga ko‘ra, Zumaning bu harakatiga bengal mushugi vazani sindirib qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Bu holat dunyo bo‘ylab millionlab kishilar, jonivorlarni himoya qilish tashkilotlari va taniqli shaxslarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. 

«Vest Hem» shoshilinch bayonot berdi, Zuma barchadan kechirim so‘radi

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, «Vest Hem» shoshilinch bayonot berdi. Klub o‘z munosabatida Zumaning qilmishlarini qoralab, futbolchi bilan allaqachon alohida suhbat o‘tkazilgani haqida ma’lum qildi.

«Biz jonivorlarga nisbatan zo‘ravonlikni hech qachon oqlamaymiz», - deyiladi klub bayonotida.

Kurt ham o‘zining ahmoqona harakatlarini darhol tushunib yetdi va barchadan kechirim so‘radi: «Qilmishimni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi, juda ham pushaymonman».

Kurt mushuklar bilan hammasi joyida ekani, butun oilasi ularni yaxshi ko‘rishi va beozor jonivorlarga nisbatan bunday xunuk holat ilk marta bo‘lgani va boshqa takrorlanmasligini va’da qildi.

Jonivorlarni himoya qilish tashkilotlari g‘azabda

«Vest Hem» futbolchisining harakatlari jonivorlarni himoya qilish tashkilotlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikning oldini olish bo‘yicha Qirollik jamiyati (RSPCA) ham videoga munosabat bildirdi.

«Juda ham qayg‘uli video. Jonivorlarni tepish, kaltaklash, jazolash yoki boshqa sabab bilan tahqirlashga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Tashkilot bu voqeani o‘rganib, kerak bo‘lsa futbolchining hayvonlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabati bo‘yicha ish ochishni so‘rab murojaat qiladi», - deyiladi xabarda.

Zuma 250 ming funt jarimaga tortildi

Kurt Zuma hozircha jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lsa-da, moliyaviy jihatdan katta zarar ko‘rishni boshladi. Futbolchiga nisbatan omma bosimi ortgach, «Vest Hem» klubi 27 yoshli futbolchisini yarim oylik maoshi – 250 ming funt sterling miqdorida jarimaga tortdi. Ushbu mablag‘ jonivorlarni himoya qilish tashkilotlari hisob raqamiga o‘tkazib berilishi ma’lum qilingan.

Foto: GETTY IMAGES

Futbolchini qanday jazo kutmoqda?

Jarima bilan hammasi tinchigani yo‘q. Futbolchining xatti-harakatini qonun doirasida ko‘rib chiqib, uni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha petetsiyaga 200 mingga yaqin imzo yig‘ildi.

Buyuk Britaniyada jonivorlarga nisbatan shafqatsizlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan. Biroq, London klubi himoyachisi jinoiy javobgarlikdan qutulib qolishi ham mumkin. Sky Spors va BBC xabariga ko‘ra, London politsiyasi hozircha bu borada ish ochmaslik qaroriga kelgan.

Angliya milliy jamoasi sobiq hujumchisi, hozirda teleboshlovchi sifatida faoliyat olib borayotgan Gari Lineker Kurt Zuma voqeadan ikki kun o‘tib, «Uotford»ga qarshi o‘yinda maydonga tushirilganini hazm qila olmasligini aytib, «Vest Hem» bosh murabbiyi David Moyyesning bu qarorini qoraladi. Shotlandiyalik murabbiy esa jonivorlarni juda yaxshi ko‘rishini ta’kidlab, «Vest Hem»ga g‘alaba juda zarur ekanini ro‘kach qilib, Zumani tarkibdan chetlatish qaroridan voz kechganini bildirgan.

O‘yinda londonliklar 1:0 hisobida ustun kelishdi, ammo ikki jamoa muxlislari ham Zumaga hushtakbozlik qilishdi.

Homiylar klubdan yuz o‘girmoqda, Adidas futbolchi bilan shartnomani bekor qildi

«Vest Hem» homiylaridan biri Vitality kompaniyasi ham jamoa rahbariyatining futbolchini tarkibdan chetlatmaslik bo‘yicha qaroridan qattiq ranjigani, shu bois homiylikni to‘xtatib, klubning ushbu voqea bo‘yicha keyingi qadamlarini kuzatishini bildirgan.

Homiylardan yana biri Experience Kissimmee kompaniyasi ham seshanba oqshomida o‘tgan «Vest Hem» - «Uotford» (1:0) o‘yinida Zumaning maydonga tushirilgani sababli klub bilan homiylik va hamkorlik masalasini qaytadan ko‘rib chiqishi haqida bayonot berdi.

Maoshining bir qismi qirqilganidan tashqari, Zuma reklama daromadlaridan ham mahrum bo‘lmoqda: chorshanba kuni Adidas kompaniyasi fransiyalik futbolchi bilan amaldagi kelishuvni bekor qilganini rasman e’lon qildi. 

Shuningdek, Zuma endi sherlar va mushuksimonlar oilasiga mansub bo‘lgan boshqa yirtqich jonivorlar muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi Seed xayriya tashkilotining rasmiy elchisi emas.