Ukraina inqirozi: Kollektiv G‘arb Putin Ukrainaga hujum qilish bo‘yicha qaror qilib bo‘lgan deb hisoblamoqda
Shanba oqshomida Bayden va Putin telefon orqali muzokaralar o‘tkazishadi. Bu tashabbus Amerika tomonidan chiqqan. G‘arb mamlakatlarining barchasi mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish istagini bildirgan, biroq yangi tajovuz sodir bo‘lsa, Rossiya «o‘ta og‘ir iqtisodiy sanksiyalarga» mahkum etiladi.
AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni kechqurun NBC telekanaliga bergan intervyusida «AQSh fuqarolari hoziroq Ukrainadan chiqib ketishi kerak. Biz dunyodagi eng katta armiyalardan biriga ega davlat bilan kurashyapmiz. Vaziyat juda qisqa vaqtda aql bovar qilmas darajada o‘zgarishi mumkin», deya ta’kidladi.
Keyinroq Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli ham kanadaliklarni Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqirgan. O‘z fuqarolariga xuddi shunday chaqiriqlar Avstraliya va Yangi Zelandiya hukumatlari tomonidan ham bildirilgan.
Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya ham o‘z fuqarolariga Ukrainaga sayohat qilmaslik yoki uning hududini tark etishni tavsiya qilgan.
Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari Rossiya Ukraina bilan chegarada misli ko‘rilmagan ko‘p sonli qo‘shin to‘plagani va har qanday vaqtda hujum boshlashi mumkinligini aytishmoqda.
Rossiya tomoni esa Ukrainaga bostirib kirish rejasi yo‘qligi, rus qo‘shinlarining mamlakat hududida harakatlanishi hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini bot-bot ta’kidlamoqda.
Shanba oqshomida Bayden va Putin telefon orqali muloqot qilishi kutilmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, bu Amerika tomonining tashabbusi. Bundan tashqari, shu kunning o‘zida Rossiya prezidenti Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan yana qayta gaplashadi, avvalroq ular Moskvada deyarli olti soat davom etgan uchrashuv o‘tkazishgandi.
AQSh tomoni Putin Ukrainaga hujum qilishga qaror qilib bo‘lgan, deb hisoblamoqda
AQSh va Buyuk Britaniya o‘z fuqarolariga Ukrainani zudlik bilan tark etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ular Rossiya rahbariyati allaqachon Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilib bo‘lgan, deb hisoblashmoqda.
AQShning PBC teleradiokompaniyasi muxbiri Nik Shifrin ismi sharifi oshkor etilmagan uch mulozimga tayanib, «Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilgan va bu haqda Rossiya harbiylariga yetkazilgan», deya yozdi o‘zining Twitter sahifasida.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, hujum keyingi haftada yuz berishi mumkin. Bosqin ikki kunlik havo bombardimonlari va elektron urush bilan boshlanadi, shundan so‘ng davlat to‘ntarishi o‘tkazish bo‘yicha harakatlar amalga oshiriladi.
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bayonot bilan chiqib, Ukrainadagi barcha amerikaliklar imkon qadar tezroq, har qanday holatda ham keyingi 24-48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerakligini, xavf ancha yuqori va tahdidlar kuchayayotganligini ma’lum qilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilgan va bu yaqin orada sodir bo‘lishi mumkin.
«Razvedka ma’lumotlari va boshqa taktik ko‘rsatkichlar urush boshlanishining juda katta ehtimoli borligini aniq ko‘rsatmoqda. Rossiya harbiy harakatlar yo‘lini tanlaydi va bu juda qisqa vaqt ichida sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonish uchun asoslar mavjud», degan Sallivan.
Jurnalistlar Jo Baydenga urush yuz bergan taqdirda Ukrainada qolib ketgan amerikaliklarni qutqarish uchun qo‘shin jo‘natiladimi yoki yo‘q, degan savol bilan murojaat qilishgan.
«Bunday ssenariy yo‘q. Agar amerikaliklar va ruslar bir-biriga qarata o‘q uzishni boshlasa, jahon urushi boshlanadi. Dunyo o‘zgarib ketadi", - degan AQSh prezidenti.
Reuters manbalariga ko‘ra, juma kuni kechqurun Bayden Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlarining harakatlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan.
Britaniyaning The Guardian gazetasi diplomatik manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti NATO va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari rahbarlariga, Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilgani va bu yaqin orada sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.
O‘z navbatida Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov, Sallivan va boshqa amerikalik siyosatchilarning hujum tahdidi haqidagi so‘zlari «hech qanday dalil bilan tasdiqlanmaganini» ta’kidlagan.
Rossiya: OAV va G‘arb hukumatlari fitna uyushtirmoqda
AQSh va Buyuk Britaniyaning o‘z fuqarolarini Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqiruvidan so‘ng, Rossiya TIV G‘arb rasmiylari va ommaviy axborot vositalari tomonidan «geosiyosiy manfaatlarga yo‘naltirilgan yolg‘on ma’lumotlarni ommaviy va muvofiqlashtirilgan tarzda tarqatish orqali Ukraina atrofida sun’iy keskinlikni kuchaytirish» maqsadida «fitna» uyushtirmoqda, degan bayonot bilan chiqdi. Qayd etilishicha, kollektiv G‘arb e’tiborni o‘zlarining tajovuzkor harakatlaridan chalg‘itishga urinmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Oq uy rasmiylari har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq jazavaga tushgan.
«Nima bo‘lishidan qat’i nazar, anglo-sakslarga urush kerak. Provokatsiyalar, noto‘g‘ri ma’lumotlar va tahdidlar – o‘z muammolarini hal qilishning sevimli usuli. Butun dunyo militarizm va imperial ambitsiyalar o‘zini fosh qilayotganini kuzatmoqda», deya ta’kidlagan RIA Novosti agentligi bergan izohida.
Blinken prognozlari
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko‘ra, hujum Pekin qishki Olimpiya o‘yinlari tugashidan oldin, ya’ni 20 fevralgacha sodir bo‘lishi mumkin.
«Bosqin har qanday vaqtda yuz berishi mumkin, hatto Olimpiya o‘yinlari tugashidan oldin ham. Oddiy qilib aytganda, biz Rossiyaning harakatlarida juda xavotirli alomatlarni, xususan, Ukraina bilan chegarada rus harbiylarining to‘planishda davom etayotganligini kuzatyapmiz», degan u.
Juma kuni rus qo‘shinlarining Ukraina bilan chegara tomon harakatlanayotgani haqidagi sun’iy yo‘ldoshdan olingan yangi fotosuratlar tarqalgan.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbari Dmitriy Kulebning ma’lum qilishicha, Moskvaga chegara hududlaridagi «harbiy harakatlar»ga oydinlik kiritish yuzasidan murojaat yo‘llangan.
«Biz xavfni kamaytirish mexanizmini rasman qo‘lladik va Rossiya Federatsiyasidan Ukrainaga tutashgan hududlarda va vaqtincha bosib olingan Qrimdagi harbiy harakatlar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berishni so‘radik», - deya yozgan Twitter sahifasida.
Uollesning tashrifi
Juma kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles va mamlakat Bosh shtabi rahbari Toni Radakin Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashgan.
Uolles Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi «fojiali oqibatlar»ga olib kelishi mumkinligini bildirib, Britaniya vaziyatni yumshatish yo‘lini qidirayotganligini ma’lum qilgan.
«Nol darajada bo‘lgan munosabatlarimizni rivojlantirishni boshlash orqali dekabr oyida Rossiya tomonidan yuborilgan shartnoma loyihasida ko‘tarilgan ayrim masalalarni hal qilishga yordam beramiz», - deya qo‘shimcha qilgan Uolles.
Bu yerda gap Rossiyaning AQSh oldiga qo‘ygan bir qator talablari haqida bormoqda. Ulardan eng asosiysi, NATOning sharqqa tomon yanada kengayishini to‘xtatish va Ukrainaning alyansga qabul qilinmasligiga kafolat berish edi. Kollektiv G‘arb yetakchilari uchinchi davlatlar Ukrainaning ittifoqqa kirishi masalasiga ta’sir qilmasligi kerakligiga ishora qilib, bu talablarni qabul qilmayapti.
Kollektiv G‘arb muzokaralari
Juma kuni, AQSh prezidenti Jo bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya, Kanada, Polsha va boshqa yetakchi mamlakatlar rahbarlari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tgan.
Unda Rossiyaning ehtimoliy agressiyasiga javob berish variantlari muhokama qilingan. Konferensiyadan keyin Germaniya kansleri Olaf Shols «tezlik bilan joriy qilinadigan va kuchli sanksiyalar» bo‘lishi haqida yozgan.
Oq uy bayonotida aytilishicha, AQShning barcha hamkorlari mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish istagini bildirgan, biroq yangi tajovuz sodir bo‘lsa, Rossiya «o‘ta og‘ir iqtisodiy sanksiyalarga» mahkum etiladi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, hujum sodir bo‘lgan taqdirda yangi sanksiyalar Rossiya energetika sektorini nishonga oladi va mamlakatga yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti cheklanadi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024