Jahon | 11:00 / 12.02.2022
11315
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh ortidan yana to‘rt davlat o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi

Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘z fuqarolariga Ukrainaga sayohat qilmaslik yoki uning hududini tark etishni tavsiya qildi.

Foto: Getty Images

Chernogoriya Tashqi ishlar vazirligi «keskinlikning kuchayishi va xavfsizlik bilan bog‘liq oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat munosabati bilan» fuqarolarga Ukrainani vaqtincha tark etishni tavsiya qildi. Janubiy Koreya Ukrainaga qizil xavf darajasini berdi va mamlakatga sayohat qilishni taqiqladi.

Niderlandiyaning Kiyevdagi elchisi Yyennes de Mol fuqarolarga zudlik bilan Ukrainani tark etishni maslahat berdi. Shu bilan birga, Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi saytida fuqarolarga Rossiya va Belarus bilan chegaradosh hududlarga bormaslik, Ukrainada bo‘lganlarga esa mamlakatni tark etish haqida o‘ylash tavsiya etildi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ham Ukrainadagi yapon fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. 

10 fevral kuni AQSh Davlat departamenti fuqarolarga «Rossiya harbiy amaliyotlari tahdidi hamda COVID-19 kuchayishi sababli» Ukrainaga bormaslikni yoki darhol uning hududini tark etishni tavsiya qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainadagi barcha amerikaliklarni mamlakatni «hoziroq» tark etishga chaqirdi. 

AQSh, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yaponiya va Isroil Ukraina chegaralari yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi fonida o‘z diplomatlari va ularning oilalarini mamlakatdan qisman evakuatsiya qilishini bildirdi. 

Avvalroq, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi istalgan vaqtda, jumladan 20 fevral kuni Pekin Olimpiadasi tugaguniga qadar boshlanishi mumkinligini aytgandi.

Xuddi shunday bayonot bilan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinni havo hujumi bilan boshlashi, mojaro paytida esa Kiyevga hujum qilishi mumkin. 

Markaziy razvedka boshqarmasi va amerikalik harbiylar, Der Spiegel nashriga ko‘ra, Rossiya kelasi chorshanba, 16 fevral kuniyoq bostirib kirishni boshlashi mumkinligi haqida NATO davlatlarini xabardor qilgan. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining telegram kanalida AQSh rasmiylarining bayonotini «jazavaga tushish» deb atadi. «Anglo-sakslarga urush kerak», dedi u. 

Mavzuga oid