O‘zbekiston | 10:00 / 13.02.2022
43596
16 daqiqa o‘qiladi

Davr-u davron hokimlar, sha’ni toptalgan ustozlar va tramvay xushxabari - hafta dayjesti

Andijonda o‘qituvchilar sha’ni oyoqosti qilindi. Bir hokim o‘rinbosari 40 ming, ikkinchisi 50 ming dollar bilan ushlandi. Toshkentga tramvaylar qaytadigan bo‘ldi. Lukashenko yana O‘zbekistonga til tekkizdi, Rossiya esa migratsiya siyosatini kuchaytirmoqchi. Kun.uz haftaning eng asosiy yangiliklari sharhini taqdim etadi.

O‘qituvchi sha’nini toptagan sharafsizlar

Oxirgi paytlarda eng ko‘p yoqimsiz xabarlar kelayotgan hudud Andijon bo‘lib turibdi. O‘tgan hafta dayjestimizda ham bu viloyatda ro‘y bergan hodisalar asosiy mavzulardan bo‘lgandi. Viloyatdagi o‘qituvchilar “Tungi gulxan” tadbirlariga jalb etilib, ta’lim sohasi rahbarlariga “Vijdon xati” yozdirilgan edi. Afsuski, bular ta’limdagi ko‘rgiliklarning hali oxirgisi emas ekan.

O‘tgan hafta Marhamat tumanidagi 72-sonli maktabda ta’lim sifati pastligi ro‘kach qilinib, o‘qituvchilar ota-onalar qarshisida turg‘izib qo‘yildi va uzr so‘rashga majburlandi.

O‘qituvchi sha’nini yerga bulg‘agan bunaqa tuturuqsiz buyruqni tuman hokimligi bergan. Buyruq ijrosini hokim o‘rinbosari va xalq ta’limi bo‘limi mudiri shaxsan nazorat qilgan.

Uzrxonlik tashkilotchilari bunaqa marosimlarni davom ettirishni maqsad qilib, o‘rnak olish uchun tadbirga boshqa maktablardan ham vakillar chaqirgan. Hatto bir kun oldin repetitsiya qilish rejasi ham bo‘lgan. Tadbir paytida o‘qituvchilar bir soatga yaqin tik oyoqda bosh egib turishga majbur bo‘lishgan.

Bugun ta’lim sohasida ishlayotgan qaysi bir mulozim bilan gaplashsangiz, u so‘zining boshida avvallari o‘qituvchilar ketmon ko‘targani, paxta tergani, ko‘cha tozalashga olib chiqilgani haqidagi gaplar bilan boshlaydi. Ha, O‘zbekistonda ta’lim sohasi ana shunday davrlarni ham ko‘rgani rost. Lekin aniqki, o‘qituvchi minbarga olib chiqilib, o‘zi ta’lim-tarbiya berayotgan bolaning ota-onasidan majburlab uzr so‘rattiriladigan darajadagi sharmandalikka hech qachon tushmagan edi.

Uzrbozlik marosimi oshkor bo‘lishi bilanoq, ko‘plab faollar birinchi navbatda tuman hokimi emas, viloyat hokimidan voqea uchun uzr so‘rashni talab qildi. Eslatib o‘tamiz, Andijon – Shavkat Mirziyoyev davrida hokimi o‘zgarmagan yagona viloyat. Shuhrat Abdurahmonov bu lavozimga kelgan yili maktabga chiqqan bolalar bu yil 9-sinfni bitiradi.

Shuhrat Abdurahmonov Marhamatdagi holat bo‘yicha aybdorlarga chora ko‘rishga va’da berdi. Kimga chora ko‘rish kerakligi esa bir qarashda ayon bo‘lib turgandek. Maktab direktori va XTB boshlig‘i bu tashabbus muallifi Marhamat hokimi Bobur Yo‘ldoshev ekanini aytmoqda. Hokim ham bergan bayonoti bilan buni tasdiqlagandek bo‘ldi: Yo‘ldoshev o‘qituvchilardan uzr so‘rab qilgan chiqishida garchi ochiqchasiga aybni bo‘yniga olmagan bo‘lsa ham, bunaqa vaziyatlarda aytiladigan “aybdorlarni topib, qat’iy chora ko‘ramiz” degan gapni gapirmadi.

Hokim Kun.uz'ga bergan intervyusida maktab jamoasi va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish uchun tadbirlar o‘tkazishga topshiriq berganini tan oldi, lekin aynan uzr so‘rattirish tashabbusi undan chiqqanini rad etdi. Hokim, bir tarafdan, bunaqa buyruq bermaganini aytyapti, boshqa tarafdan esa unda bu buyruqni kim bergan degan savolga javob bermayapti. Bu vaziyatda aniq fakt shuki, Marhamat hokimligi bunaqa sharmandachilik aybdorlari kimligini izlayotgani yo‘q, chora ko‘rmoqchi ham emas. To‘g‘ri-da, kimligi ma’lum bo‘lib turgan bo‘lsa, surishtiruvga nima hojat?

Hozirda holat Bosh prokuraturaga oshirilgan.

Bu voqealar fonida ta’limga oid yana ikkita holat odamning dilini xira qildi. Birinchi holatda, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining sobiq va hozirgi rahbarlari qamoqqa olingani, ular 57 mlrd so‘m budjet pullarini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tasavvur qilyapsizmi, bittagina shaharning o‘zida maktablar uchun ajratilgan 5 mln dollardan ortiq pul yeb yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, hafta boshida o‘qituvchilarning obro‘sini ko‘tarishga qaratilgan qonun nega kechikayotgani ma’lum bo‘ldi. 2020 yilda ishlab chiqilgan loyiha loyihaligicha qolib ketganiga sabab – masalaning pul bilan bog‘liqligi ekan. Demak, son-sanoqsiz ortiqcha xarajatlarga kelganda topiladigan pul o‘qituvchilarga kelganda topilmay qolgan. Ma’lum-u mashhur kompaniyalarga imtiyozlar tortiq qilinayotgan paytda, o‘qituvchilarni qo‘llash haqidagi hujjat kabinetlarning tortmalarida chang bosib yotgan.

***

Reputatsiyasini yo‘qotib, daxlsizlik olgan hokimlar

Raqamlar aldamaydi, deyishadi. Lekin bu gapni, masalan, korrupsion jinoyatlar statistikasiga nisbatan ishlata olmaysiz. Agar shunaqa statistika asosida O‘zbekistondagi qaysi kasb egalari eng halol degan reyting tuzsangiz, unda shubhasiz birinchi o‘rinni hokimlar egallaydi. Axir oxirgi yillarda qaysi hokim ma’muriy yo jinoiy javobgarlikka tortilganini xotirasi eng zo‘rlar ham eslashi qiyin.

Hokimlarimiz shunchalik halol bo‘lsa ham, o‘rinbosarlari hech ularga o‘xshamaydi. Hokim o‘rinbosarlari korrupsion jinoyatlar bilan qo‘lga tushgan o‘nlab holatlar bor. Shu haftaning o‘zida Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimining birinchi o‘rinbosari 40 ming dollar bilan, Qashqadaryoda Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar bilan ushlangani ma’lum bo‘ldi.

Nafaqat hokim o‘rinbosarlari, hatto prokurorlar va sudyalar ham pora bilan qo‘lga tushayotgan bir paytda, shunday taassurot uyg‘onadiki, xuddi hokimlar ustidan ish ochish taqiqlangandek go‘yo... Boshqa tarafdan esa, huquqni muhofaza qiluvchi ikkita organning rahbari hokimlarni hadeb yomon ko‘ravermaslikka chaqiryapti. Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori, shu hafta esa adliya vaziri shunday fikr bildirgani taajjublanarli.

Hali u tuman, hali bu shahardan hokimlar haqida negativ xabarlar kelib turgan sharoitda, Burhonov va Davletovning chaqirig‘i ish berishi qiyin. Chunki gap faqat hokimliklardagi korrupsiyada emas, qonunlarni hurmat qilishda. Va bu negativni birov emas, ularning o‘zi keltirib chiqaryapti. Yakshanba – dam olish kuni bir emas, naq to‘rtta tumanda majlis o‘tkaz deb Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga hech kim aytmagandir axir? Mehnat kodeksi tugul, undan katta kodekslar ham unga kelganda ishlamasligini bilgani uchun shunday qilgandir ehtimol?

***

Lukashenko O‘zbekistonning kelajagini belgilab bermoqchi

Aleksandr Lukashenko / Intervyudan kadr

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko yana O‘zbekistonni tilga oldi. U hozir Rossiya va Belarusdan iborat Ittifoq davlati kelgusida sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishiga ishonch bildirdi. Tan olinmagan prezidentning fikricha, yaqin 10-15 yilda Ukraina, Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Ittifoq davlatiga tarkibiga kirarmish.

Ma’lumot uchun, Ittifoq davlati deb ataladigan integratsiya 90-yillar oxirlaridan boshlangan. Belarus va Rossiya bu ittifoq doirasida parlament, valuta va qonunchilikni umumlashtirishni maqsad qilgan. Amalda esa Belarus o‘z mustaqilligining katta qismini sobiq mustamlakachilarga berib qo‘ygan. Minskning ichki va tashqi siyosatini belgilashda Moskvaning ta’siri haddan ziyod yuqori.

Lukashenko ana shu tuzilma kengayishi haqidagi fikrlarini rus propagandachisi Vladimir Solovevga bergan intervyusida aytgan. Intervyuda bu mavzuni kremlparast jurnalist ochgan, u Belarus fuqarosidan Ittifoq davlati idealda qanday bo‘lishi kerak deb so‘ragan.

Lukashenko bir oy oldin ham O‘zbekiston haqida gapirib, Qozog‘istondagi voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston xulosa chiqarishi kerak degandi. O‘shanda prezident Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bunga munosib javob bergandi. O‘zbekiston tomonining bu safargi javobi esa rasmiy doiralardagi, ismi oshkor qilinmagan shaxs nomidan tarqatildi.

Bayonotda Lukashenkoning gaplari tuturuqsiz deb ta’riflangan, bunaqa gaplar ikki davlat munosabatlariga putur yetkazishiga ishora qilingan.

“Hurmatli Aleksandr Grigorevich, avvalo, o‘z mamlakatining ichki va tashqi masalalari bilan shug‘ullansa oqilona yo‘l tutgan bo‘lar edi. Zotan, bugungi kunda Belarusdagi muammolar “yashirib” qo‘yilgani bilan, butkul bartaraf etilmagan.

[...] O‘zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida o‘z kelajagiga nisbatan aniq qarashga ega hamda faqatgina xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda milliy taraqqiyot strategiyasi yo‘lida olg‘a intilishda davom etadi”, – deyiladi rasmiy Toshkentning javobida.

Shimoldan bo‘layotgan davomli informatsion bosim fonida, Rossiyada yana migratsiya siyosatini kuchaytirish haqida gapira boshlashdi. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin muhojirlar ishtirokidagi jinoyatlar ko‘payayotgani bahonasida muhojirlarga yangi to‘siqlar qo‘yishni taklif qilyapti.

Rossiyaning bosh tergovchisi, masalan, ish beruvchilarga migrantlarni uy-joy bilan ta’minlash va transport xarajatlarini to‘lash majburiyatini yuklash, kelgan xorijliklarni genom bo‘yicha ro‘yxatga olish, yirik shaharlarda aholining etnik-madaniy muvozanatini saqlash choralarini ko‘rish kerak degan fikrda.

Nima ham derdik, sobiq mustamlakachilar va ularning vassallari tomondan kelayotgan signallar borgan sari ochiq-oydin bo‘lib borayotgani rasmiylarimizni yetarlicha sergak torttiradi deb umid qilamiz.

***

Toshkentga tramvaylar qaytadi

Foto: Kun.uz

Haftaning asosiy ijobiy xabarlari prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq. Davlat rahbari aholining talablariga binoan Toshkentda tramvaylar qatnovi tiklanishini e’lon qildi, qolaversa, avtohalokatlar soni haddan ortiq ko‘pligi yuzasidan shaxsan o‘zi yig‘ilish o‘tkazib, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Toshkentda tramvaylar harakati 2016 yil 2 may kuni butkul tugatilgan, shu tariqa Toshkent tramvayining 115 yillik tarixiga nuqta qo‘yilgandi. O‘shanda bunday muhim qaror shahar aholisi bilan bemaslahat qabul qilingan, ko‘plab faollar bu qaror xato bo‘lganini aytgandi. Rasmiylar esa tramvayni samarasiz transport turi deb hisoblab, yo‘llarni kengaytirish va yangi ko‘priklar qurish orqali shahardagi tirbandliklarni kamaytirishni reja qilgandilar.

Lekin jahon tajribasida allaqachon isbotlangan fakt shuki, yo‘llarni qancha kengaytirsangiz, tirbandliklar shuncha ko‘payaveradi. Bu muammoni hal qilish uchun sifatli jamoat transporti va shaharlar qurilishini aqlli rejalashtirishdan ko‘ra yaxshiroq yechim yo‘q. Afsuski, Toshkent misolida bu ikkala omil ham e’tiborga olinmadi. Na jamoat transporti epaqaga keltirildi, na shaharning bosh rejasi tuzildi.

Tramvaylar – bu faqat nostalgiya emas, zamonaviy shaharlarda bu transport turi alohida qadrlanadi, chunki tramvay – ekologik toza, unga avtobusdan ko‘ra karrasiga ko‘proq odam sig‘adi, tramvay yo‘lini qurish metro qurishdan bir necha o‘n barobar arzonga tushadi.

Shu sababli ham Shavkat Mirziyoyev poytaxtga tramvaylar qaytishini e’lon qilganini jamoatchilik xursandchilik bilan qarshi oldi. Endilikda faollar yangi tramvay tizimi to‘g‘ri tashkil etilishidan umid qilyapti. Bunda ayniqsa yo‘nalishlar xaritasi oqilona tuzilishi, relslarni yotqizish va tramvaylar sotib olish bo‘yicha esa ochiq auksion o‘tkazilishi kerak.

***

Yo‘llarda qon oqishini kamaytirish choralari belgilandi

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov prezident Shavkat Mirziyoyevdan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar oldi. / Foto: Prezident matbuot xizmati

2021 yilda O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan yo‘l transport hodisalarining soni 10 mingtadan oshib ketgan, ularda 9 ming kishi jarohatlangan, 2,5 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan. O‘lganlarning 263 nafari – bolalar.

Bu raqamlar avvalgi yillardagidan katta farq qilmaydi. Biz o‘zbekistonliklar yo‘llardagi avariyalarga shunchalik o‘rganib ketganmizki, ularni ko‘raverib, hayratlanmaydigan darajaga yetganmiz. Lekin chet elda yashab kelganlarga bu narsa yaqqol ko‘rinadi. Rivojlangan davlatlardan kelgan xorijliklar ham O‘zbekistondagi haydovchilarning o‘zini tutishini ko‘rib, yoqa ushlaydi.

Juma kuni birinchi marta shu mavzuda prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilishda aytilgan asosiy yangiliklarni qisqacha sanab o‘tamiz.

— Haydovchilarni tiyib turish uchun jarima ballari tizimiga o‘tiladi. Bu tizimda, masalan, haydovchi tezlikni oshirsa 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa 3 ball yoziladi. Jarima ballari bir yil ichida 12 ballga yetsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bu huquqni qaytarib olish uchun imtihondan o‘tishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, majburiy sug‘urta narxi haydovchining jarima ballariga oshirib boriladi.

— Avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.

— Eskirgan yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqiladi. Haydovchilarni o‘qitish va imtihon qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Avtomatlashtirilgan imtihon markazlari barcha viloyatlarda ochiladi.

— Svetoforlar, yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari ko‘paytiriladi, trotuarlarning holati yaxshilanadi, yo‘llarni yoritish choralari ko‘riladi. Toshkentdan tashqari boshqa katta shaharlarda ham yo‘l harakatini raqamlashtirish boshlanadi.

— Yana bir katta yangilik: barcha maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrgacha deb belgilanadi. Ayrim gavjum ko‘chalarda esa tezlik hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Bu gaplar kimgadir yoqmasa, demak u baxtli ekan; demak u biror yaqinini avtohalokatda yo‘qotmagan, yoki o‘zi nogiron bo‘lib qolmagan. Bundan keyin ham bunday bo‘lmasin. Biz mas’ullardan belgilangan choralarni sifatli bajarishlarini kutib qolamiz.

***

Foto: Kun.uz

Bu hafta yana qanaqa voqealar bo‘ldi? Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi xususiy shifoxonada gaz portlab, 1 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi. Prezident Samarqandga tashrifi vaqtida o‘nta amaldorni ishdan bo‘shatdi. Boyovut hokimi tuman deputatlik kengashi raisligidan voz kechdi. O‘zbekiston rasmiylarining bloklangan ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan asosiy talabi serverlarini olib kelish emasligi ma’lum bo‘ldi. Investor “Qizilqumsement”dagi davlat ulushi 20 foiz arzonga sotilganini aytdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Tolibon” o‘z va’dalarini bajarishi shartligini eslatdi.

Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli bo‘lsin!

Mavzuga oid