O‘zbekiston | 11:35 / 18.02.2022
2882
3 daqiqa o‘qiladi

«Jinoyatlarning 93 foizi fosh etildi» - Xorazm viloyati IIB boshlig‘i hisobot berdi

2021 yilda viloyatda 2929 ta jinoyat qayd etilgan, ularning 2726 tasi (93,1 foiz) hamda oldingi yillardan qolgan 88 ta jinoyat fosh etilgan. 526 ta mahallaning 289 tasida  (54,9 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i Davron Nazarmuxamedov 2021 yilda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida olib borilgan ishlar to‘g‘risida xalq deputatlari Kengashida hisobot berdi.

Hisobotda quyidagi ma’lumotlar keltirildi:

2021 yilda viloyatda 2929 ta jinoyat qayd etilgan, ularning 2726 tasi (93,1 foiz) hamda oldingi yillardan qolgan 88 ta jinoyat fosh etilgan.

526 ta mahallaning 289 tasida  (54,9 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan.

Jinoyatlarning 1032 tasi (35,2 foiz) tashabbus bilan aniqlangan, 810 tasi (27,7 foiz) oldingi yillarda sodir etilib, 2021 yilda hisobga qo‘yilgan. 1897 tasi (64,8 foiz) oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar.

Viloyat bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 409 nafar jinoyatchining 126 nafari ushlanib, jazo muqarrarligi prinsipi ta’minlangan.

Terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq 25 ta jinoiy va 102 ta ma’muriy holatlar aniqlangan.

Hisobot davrida 11 ta (2020 yilda 12 ta edi) qotillik jinoyati sodir etilib, Urganch shahri (0-4) va Xonqa tumanida (0-2) ko‘rsatkichning o‘sishi kuzatilgan.

Viloyat hududida voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi.

2021 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 41 ta jinoyat sodir etilib, oldingi yilga nisbatan 5 taga, yoshlar tomonidan 559 ta jinoyat sodir etilib, 60 taga oshgan.

Shuningdek, ayollar tomonidan 256 ta jinoyat sodir etilib, oldingi yilga nisbatan 65 taga, ishsizlar tomonidan 453 ta jinoyat sodir etilib, 35 taga o‘sgan.

Hududda sodir etilayotgan jinoyatlarning tahlili asosida asosiy e’tibor quyidagi choralarga qaratilishi lozim:

  • jinoyatlarning barvaqt oldini olishda huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yaxshilash, jamoatchilik imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
  • sodir etilgan har bir jinoyatni ta’sirchan muhokama qilish orqali, har bir mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga e’tibor qaratish;
  • ichki ishlar organlari xodimlarining aholi ichiga kirib borib, uyma-uy yurish orqali ularning barcha sohalardagi muammolarini aniqlab, bartaraf etishga qaratishdan iboratdir.

Mavzuga oid