O‘zbekiston | 21:41 / 24.02.2022
38611
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada ayni vaqtda O‘zbekistonning qancha fuqarosi borligi ma’lum qilindi

Ukrainada ro‘y berayotgan voqealarda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Hozirda Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Ukrainada yuz berayotgan voqealar tufayli Tashqi ishlar vazirligiga ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollar va ularga Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonovning javoblari e’lon qilinmoqda.

Ayni paytda Ukraina hududida qancha O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib turganligi bo‘yicha ma’lumotlar mavjudmi?

 O‘zbekiston Respublikasining Kiyev shahridagi elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, fuqarolarimiz ro‘yxati yanada aniqlashtirilmoqda.

Ukrainada ro‘y berayotgan voqealarda mamlakatimiz fuqarolari orasida jabr ko‘rganlar bormi?

— O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Ukrainada havo maydoni yopib qo‘yilgan. Bu mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarolari asosan qaysi yo‘l orqali olib kelinadi?

— Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar orqali jo‘nab ketish yo‘nalishlari va keyingi borish manzillari o‘rganilmoqda.

Urush holati chuqurlashadigan bo‘lsa, Ukrainadagi fuqarolarimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash rejalashtirilganmi?

— Shak-shubhasiz, Ukrainada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining maishiy masalalarini hal etish uchun zarur choralar ko‘riladi.

Davolanishga borgan fuqarolarimiz, ya’ni operatsiya qilingan odamlar qanday yo‘l tutishi kerak?

— O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, jarrohlik muolajasidan o‘tayotgan hamyurtlarimizdan murojaatlar kelib tushmagan, Truskavets shahrida sanatoriylarda davolanayotganlar bundan mustasno.

Ukraina tibbiyot muassasalari tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z ishlarini davom ettirmoqda.

Ukraina va Rossiyaning ayrim hududlariga chegaralangan aviaqatnovlar qachongacha davom etishi haqida ma’lumot bersangiz?

— Ukraina rasmiylari mamlakat uzra havo hududi yopilganini e’lon qildi. Hozircha bu cheklovlarning qachongacha davom etishi noma’lum.

Ukraina hududida bo‘lib turgan va yordamga muhtoj fuqarolar, O‘zbekiston konsulligining qaysi telefon raqamlari orqali bog‘lanishlari mumkin?

—O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi bilan bog‘lanish uchun: 

Telefon: +380 44 501 50 00, +380 44 501 41 81, +380 44 501 41 82, +380 44 501 41 83.

Faks: +380 44 501 50 01

E-mail: embassy@uzbekistan.org.ua

Manzil: 01901, Ukraina, Kiyev shahri, Vladimirskaya ko‘chasi, 16-uy.

Mavzuga oid