Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Surxondaryo HETK”: viloyatda keyingi besh yilda 303,8 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minoti yaxshilanadi
Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hududda sohani rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish borasida so‘nggi yillarda sezilarli o‘zgarishlar qildi.
Ayniqsa, past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini rekonstruksiya va yangidan qurish bo‘yicha oxirgi besh yil davomida jadallik bilan ish olib borildi. Taqqoslash uchun aytish mumkin, o‘tgan 1991-2016 yillar davomida 490 km elektr tarmoq va 316 dona transformator punktlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, bunga 36,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. 2017-2021 yilning hozirgi kuniga qadar 1252,6 km tarmoq (o‘tgan davrlarga nisbatan 2,5 barobar ko‘p), 600 dona (o‘tgan davrlarga nisbatan deyarli 2 barobar ko‘p) transformator punktlari yangidan o‘rnatildi va rekonstruksiya qilindi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda 112,5 mlrd so‘m yoki o‘tgan davrga nisbatan 3 barobar ko‘p soha mablag‘lari sarflandi.
Shuningdek, Sherobod tumanidagi jamiyatga qarashli Temir-beton tayanch ishlab chiqarish zavodining ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha qoliplar o‘rnatilishi natijasida o‘tgan davrga nisbatan bir kunlik ishlab chiqarish quvvati 3 barobarga ortdi. Ya’ni ushbu zavodda bir kunda 88 dona temir-beton tayanchlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Iste’molchi va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida elektr energiyasi sarfi hisob-kitobi bo‘yicha shaffoflikka erishish maqsadida, ASKUE tizimi doirasida ham jadallik bilan ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda jami 522 675 dona bir va uch fazali elektr hisoblagichlar o‘rnatilib, ushbu o‘rnatilgan elektr hisoblagichlar bosqichma-bosqich billing tizimiga ulanmoqda.
Surxondaryo viloyatida bir qator yirik loyihalar ham amalga oshirildi.
Xususan, Sariosiyo tumanidagi 110/35/10 kV “Sharg‘un” nimstansiyasida yuklama bilan ishlayotgan quvvati 16000 kVA bo‘lgan T-1 kuch transformatori katta quvvatlisiga, ya’ni yangi 40000 kVA kuch transformatoriga almashtirildi.
Bundan tashqari, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 110/35/10 kV “Jarqo‘rg‘on” nimstansiyasida yuklama bilan ishlayotgan quvvati 16000 kVA bo‘lgan T-2 kuch transformatori yangi, 25000 kVA kuch transformatoriga almashtirildi. Termiz shahridagi 6 kVli RP-2 taqsimlash qurilmasi jismonan eskirgani uchun, ushbu taqsimlash qurilmasini rekonstruksiya qilish maqsadida yangi KRUN-6-1 va KRUN-6-2 lar montaj qilinib, hozirgi kunda ishlar davom ettirilmoqda.
Xodimlarning mehnat va ish sharoitini yaxshilash maqsadida Denov shahri, Angor, Sherobod va Oltinsoy tuman elektr ta’minoti korxonalarining ma’muriy binolari mukammal ta’mirlandi. 8 dona “Gazel”, bitta UAZ rusumli yengil xizmat brigada avtomashinalari hamda qo‘shimcha to‘rtta “Yamabur” maxsus texnikalari xarid qilindi.
Elektr ta’minoti korxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun 2022 yilda 2 dona avtokran (25 tn va 50 tn), bitta 35 kV ga mo‘ljallangan laboratoriya maxsus texnikasi, 1 dona manipulyator, 1 dona ekskavator, 1 dona tyagach hamda 7 dona “Gazel” brigada avtomashinalari xarid qilinishi rejalashtirildi.
Surxondaryo viloyatida 2022-2026 yillarda aholi iste’molchilari va tadbirkorlik sub’yektlarining elektr ta’minotini yaxshilash yuzasidan 1 011,2 mlrd so‘m soha mablag‘lari evaziga 5608,8 km 0,4-6-10-35-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari va 1473 dona 6-10/0,4 kV transformator punktlarini hamda 16 dona 35-110 kV kuchlanishli podstansiyalarni yangidan qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Natijada 524 ta mahalladagi 303,8 mingdan ortiq iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Jumladan, birgina 2022 yilda 178 mlrd so‘m soha mablag‘lari evaziga 1099,3 km 0,4-6-10-35-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari va 293 dona 6-10/0,4 kV transformator punktlari hamda 5 dona 35-110 kV podstansiyalarni yangidan qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Natijada 334 ta MFYdagi 58,7 mingdan ortiq iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, elektr energiyasini yetkazib berishda sifat bosqichiga o‘tildi. Soha xodimlari ham tizimga berilayotgan e’tibor va birinchi navbatda xalqimiz ehtiyoji, roziligini inobatga olgan holda mehnat qilmoqda.
Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi matbuot xizmati Ⓣ