O‘zbekiston | 07:50 / 01.03.2022
3679
3 daqiqa o‘qiladi

Ish beruvchilarga nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi to‘liq qoplab beriladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Ish beruvchilarga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini davlat budjetidan to‘liq qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi davlat budjetidan to‘liq qoplab berilishi belgilangan.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi ish beruvchilarga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini davlat budjetidan to‘liq qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanadi:

  • ish beruvchilarga nogironligi bo‘lgan xodimlari uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini ma’lum bir davr uchun davlat budjetidan to‘liq qoplab berish tartibi;
  • ish beruvchiga Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy soliq summasini to‘lab berish yoki to‘lab berishni rad etish asoslari;
  • ish beruvchi tomonidan imtiyozdan foydalanish uchun topshiriladigan soliq hisobotlari;
  • Moliya vazirligi g‘aznachiligi tomonidan davlat budjetidan qoplab beriladigan mablag‘larni ish beruvchining bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazib berish tartibi.

Ish beruvchilarga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan xodimlari uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish 2022 yilda respublika budjetidan Moliya vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi 2023 yil va 2024 yil uchun davlat budjetini shakllantirishda ijtimoiy soliq hisoboti ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15 sanasidan kechiktirmasdan topshirilishini inobatga olib, 2023 yil va 2024 yilning I yarim yilligida ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasini qoplab berish xarajatlarini alohida qatorda rejalashtirishni nazarda tutadi.

Davlat soliq qo‘mitasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi 2022 yil 1 aprelga qadar o‘zlarining axborot tizimlarini integratsiya qilishni ta’minlaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi ish beruvchilarga qoplab beriladigan ijtimoiy soliq summasi to‘g‘ri hisoblanishi ustidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq nazoratini amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid