O‘zbekiston | 11:24 / 10.03.2022
34169
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda IIB tergovchisi va profilaktika inspektori pora olayotganda ushlandi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar doirasida Chilonzor tumani IIB tergovchisi va Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Joriy yil 5 mart kuni DXX, IIV, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi TB tergovchisi V.E. tamagirlik yo‘li bilan arizachidan 1 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, tergovchi o‘z ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida ayblanuvchiga chora ko‘rmaslik uchun 5 ming dollar pora talab qilgan hamda uning bir qismini olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Chilonzor tumani IIB tergovchisi V.E.ga nisbatan Toshkent shahar prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va ayblanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, joriy yilning 8 mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Mirobod tumani IIB xodimi ham 300 dollar pora bilan ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, Mirobod tumani IIO FMB 4-son IIB profilaktika inspektori S.M. tanishining huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirmaslik evaziga talab qilingan 500 dollarning 200 dollarini avvalroq olgan hamda qolgan 300 dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid