Yana bir arxeologik yodgorlik hududi hokimlik tomonidan yaylov uchun berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi
Aksilkorrupsiya agentligi o‘rganishlariga ko‘ra, 2015 yilda Shofirkon tumani hokimligi “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligi hududining bir qismini fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berib yuborgan. Natijada yodgorlik yer maydonining 1,8 ming kvadrat metr qismiga shikast yetkazilgan.
Buxoro viloyatidagi “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologiya yodgorligi hududiga zarar yetkazilayotgani bo‘yicha kelib tushgan murojaat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘rganib chiqildi.
Agentlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganish jarayonida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan obektning muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirgani aniqlangan. Jumladan, tadbirkor ariq qazib, fermer xo‘jaligi yer maydonini arxeologiya obekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirgan.
Bu esa obektning Rabod qismi madaniy qatlami yo‘qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo‘lishi hamda yer qarida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.
“Hujjatlarga ko‘ra, obektning yer maydoni va muhofaza hududi tuman hokimligining 2013 yildagi qaroriga asosan 124 gektarni tashkil etgan. Ammo 2015 yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz obekt hududini 76 gektar etib belgilagan.
Shuningdek, qisqartirilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan”, – deyiladi agentlik bayonotida.
O‘rganish yakunida arxeologiya yodgorligining Rabod qismi yer maydonining 1 ming 800 kvadrat metr qismiga shikast yetkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 milliard 730 million so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
To‘plangan hujjatlar asosida holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida: IV-XV acrlarga oid ushbu obekt davlat muhofazasida bo‘lib, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida 603-raqam bilan moddiy madaniy meros obekti sifatida ro‘yxatga olingan.
Prezidentning 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4038-son qarorining 11-bandiga ko‘ra, obektni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha 2021 yil 4 oktyabrda YuNESKOga taklif kiritilgan.
Avvalroq, Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi mansabdorlari tumandagi “Kultepa” arxeologiya yodgorligiga tegishli bo‘lgan 2 gektar yer maydonini tadbirkorlarga sotib yuborgani, buning oqibatida madaniy meros obektiga 1 trillion 587 milliard 600 million so‘m (taqriban 147 million dollar) miqdorida moddiy zarar yetkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga oid
13:11 / 18.11.2024
Xitoy Buxoroda "yashil" sanoat parkini barpo etadi
07:54 / 18.11.2024
Toshkent - Buxoro - Toshkent yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024