Nukusda hamshiralar uylarni oqlash ishlariga jalb qilindi
Oilaviy poliklinika hamshiralari sovuq va namgarchilikda aholi uylarini oqlashga majburlanganini aytmoqda. Qoraqalpog‘iston SSV Kun.uz savoliga javoban hamshiralar devor oqlashga emas, aholiga “uyini oqlash bo‘yicha tavsiyalar berish”ga chiqarilganini ma’lum qildi.
Kun.uz'ga Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, shahardagi 6-sonli oilaviy poliklinika hamshiralari aholi uylarini oqlashga majbur qilingan.
Holat bugun, 16 mart kuni ertalab yuz bergani aytilmoqda. Kun.uz'ga taqdim qilingan, Qutli-makan mahallasida suratga olingani aytilgan videoda hamshiralar uylarni oqlayotgani aks etgan.
Murojaatchilar bunday topshiriqni poliklinika bosh shifokori berganini iddao qildi. Ularga ko‘ra, ob-havo sovuq bo‘lib, qor yog‘gani tufayli hamshiralar tushdan keyin uylarni oqlashga chiqishmagan.
Hamshiralarning qo‘shimcha qilishicha, ular faoliyat olib borayotgan 6-sonli oilaviy poliklinikaga Qutli-makan mahallasidagi 5 ta ko‘cha biriktirilgan. Ishlar ertaga ham davom etishi, ammo endi hamshiralar har bir xonadonga birma-bir kirib, uy egalariga o‘zlari uyni oqlab chiqishi haqida aytishi topshirilgan.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish uchun Qoraqalpog‘iston SSV matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi hamshiralar devor oqlashga emas, aholiga uyini oqlash bo‘yicha tavsiyalar berish ishlariga jalb qilinganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash 13 mln 500 ming so‘mdan 27 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024