«Hammaning o‘z milliy manfaatlari bor» - mutaxassislar bilan O‘zbekistonning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi haqida suhbat
17 mart kuni Senat yalpi majlisida so‘z so‘zlagan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukrainadagi inqirozli vaziyat va bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi bo‘yicha muhim bayonot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan oladi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olmaydi.
Xo‘sh, vazir Komilovning ushbu bayonoti nimalarni bildiradi? Bu mintaqadagi vaziyat va Rossiyadagi mehnat muhojirlari hayotiga ta’sir o‘tkazishi mumkinmi? Rossiyada va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralaridan nimalar kutish mumkin? Kun.uz siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan shu savollar atrofida suhbat uyushtirdi.
— Senat majlisida Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Ukrainadagi holatga munosabati bo‘yicha savolga javob berib, pozitsiyamizni ifodaladi. Kimdir buni «olamshumul», «tarixiy» va «favqulodda dadil», deb atadi, kimdir shunchaki O‘zbekistonning tashqi siyosat borasidagi pozitsiyasi yana bir bor tashqi dunyoga eslatildi, demoqda. Siz bu bo‘yicha nimalar deysiz?
Farhod Tolipov:
— Haqiqatan ham, Komilovning bayonotiga nisbatan turlicha qarashlar bildirilmoqda. Agar bayonotni chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, uning ayrim qiziq qirralarini ko‘ramiz...
1990-yillardan buyon to hozirgacha O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi pozitsiyalari bir necha bor aniq o‘z ifodasini topgan. Masalan, 2001 yilda O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan kelishgan holda o‘z hududi – Qashqadaryoda Amerika harbiy bazasini joylashtiradi.
O‘sha paytda bu voqeaga nisbatan Rossiya rasmiy doiralaridan O‘zbekiston bu borada biz bilan maslahatlashishi kerak edi, degan do‘q urishga o‘xshash qaltis signallar yuboriladi. Bu signallarga esa o‘sha paytda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi «O‘zbekiston mustaqil va suveren davlat. Bunday qarorlarni o‘z milliy manfaatlariga tayangan holda qabul qiladi», deya javob bergan.
Bu juda qat’iy va prinsipial javob edi.
2006 yilda O‘zbekiston o‘sha paytda Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo bo‘lib kiradi va bu a’zolik ikki yil ham davom etmaydi – 2008 yilda tashkilotdan chiqib ketildi. 2012 yilda esa O‘zbekiston KXShTdan ham chiqib ketadi.
Bu misollar aytib turibdiki, O‘zbekiston mintaqa va mintaqa atrofida geosiyosiy vaziyat qanchalik keskinlashmasin, imkon qadar prinsipial pozitsiyada turishga harakat qilgan. Ya’ni tashqi siyosatini o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib yuritishga harakat qilgan.
Biz kecha eshitgan bayonot esa avvalgi pozitsiyalarimizning shunchaki davomi ham emas. Bu ayrimlar aytayotganidek, shunchaki shov-shuv ham emas. Chunki Komilovning chiqishida «O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan oladi», degan fikrlar ham yangradi. Bundan tushuniladiki, O‘zbekiston Ukrainaning urushdan avvalgi hududiy yaxlitligi qaytarilishi tarafdori. Bayonotdan ana shu fikr ham tushunilishi kerak.
O‘zbekiston xalqaro huquq majburiyatlarini o‘zining asosiy yo‘nalishi sifatida ko‘rsatdi va shu yo‘nalishda harakat qilishi bildirildi. Bu masalani soddalashtirib yubormaslik kerak.
Biz avvalroq Qrimning, Rossiya–Gruziya urushidan keyin esa Abxaziyaning mustaqilligini ham yoqlamaganmiz. Bugun esa DXR va LXR mustaqilligini ham tan olmaymiz. Shu ma’noda Ukrainaning hududiy yaxlitligini ham e’tirof etamiz. Bu juda muhim xabar.
Kamoliddin Rabbimov:
— Umuman O‘zbekistonning Ukraina atrofidagi pozitsiyasi o‘zgarmayapti, balki ohangi o‘zgaryapti. Buni aniqlashtirish kerak.
Ushbu kelishmovchiliklar boshlanar ekan, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi avvalroq aytdiki, Qozog‘iston DXR va LXRni mustaqil davlatlar sifatida tan olmaydi. Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay Kremlning eng asosiy targ‘ibotchisi sanaluvchi taniqli shaxs, Russia Today kanali bosh muharriri Margarita Simonyan tomonidan Qozog‘iston sha’niga nisbatan juda agressiv bayonotlar berildi.
Shuningdek, Rossiyaning qator internet nashrlari «Pavlodar suveren xalq respublikasi» (Qozog‘iston shimolidagi oblast) loyihasini yana bir bor eslatishdi. Bu Qozog‘istonga nisbatan o‘ta jiddiy va salbiy signal edi-ki, u orqali qozoqlarga, yoki Rossiya bilan bo‘lasiz yoki butunlay jim turasiz deyildi.
Bu voqealar mintaqadagi davlatlarga jiddiy ta’sir qildi. Keyin Qozog‘iston qaytib «tilga kirmadi». Ya’ni, bugungi Rossiyaning possovet davlatlariga nisbatan siyosati nihoyatda agressiv ekanini Markaziy Osiyo davlatlari ham inobatga olishdi.
O‘zbekiston aslida ham hech qachon separatist ikki respublika yoki Qrimni alohida davlatlar sifatida tan olmasdi. Buning sababi, O‘zbekiston yoki mintaqaning boshqa davlatlari o‘zini Ukrainaga juda yaqin tutgani yoki Rossiyadan qo‘rqqanidan ham emas. Buning sababi, mintaqa davlatlarining barchasida milliy manfaatlar borligi.
Shuningdek, o‘tgan 22 yil davomida (Putin hokimiyatda bo‘lib turgan yillar) barcha possovet davlatlari tushundiki, davlatlarning ichki ziddiyatlari orqali bosim qilish Rossiyaning yaxshi ko‘rgan metodi hisoblanadi.
Mintaqadagi davlatlar esa o‘sha ichki ziddiyatlarni rasmiylashtirmaslik uchun ham bosimlarni ochiqlamay kelmoqda.
Bugungi Kreml nazarida xalq irodasi mavjud emas. U qarorlarni xalq shuni xohlayapti deya qabul qilmaydi. Masalan, Ukrainadagi urushlar fonida ko‘rinyaptiki, Kreml rahbarlari uchun ukrain xalqi mavjud emas. Ukrainada siyosiy iroda yo‘q va faqat kollektiv g‘arb hamda AQSh manipulyatsiyasi mavjud.
Bugun Ukrainaning 42 million aholisi Yevropa ittifoqiga va NATOga kirish orqali o‘zini himoya qilishga intilayotganini Kreml rahbariyati tan olmaydi. Bu sovet davrida shakllangan oq-qora fikrlashdan ular chiqib ketolmadi.
Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, 2014 yil Qrim anneksiya qilinar ekan, Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekiston Rossiyaga qarshi ikki bor norozilik notasini yuborgan edi. Bugun ham mana shu siyosat davom etyapti, faqat ehtiyotkorlik kuchliroq. Chunki Rossiyaning kuchli agressiyasi borasida tafakkur shakllanib ulgurgan.
— Markaziy Osiyo doim Rossiya bilan yaqin aloqalarda bo‘lib kelgan. So‘nggi voqealardan keyin mintaqadagi vaziyat o‘zgarishi mumkinmi? Ham iqtisodiy, ham siyosiy sanksiyalarga uchragan Rossiyaning kelgusi holatini qanday baholaysiz?
Farhod Tolipov:
— Ko‘rinib turibdiki, savdo-sotiq kamaydi va kamayishda davom etadi. Shuningdek, iqtisodchilarda vaziyatning O‘zbekistonga oid qismi bo‘yicha bir savol borki, savdo aloqalari qaysi valutada bo‘ladi?
Shuningdek, O‘zbekistonga qaytayotgan muhojirlar asosan Rossiya rubli bilan kelmoqda. Xo‘sh, qadrsizlanayotgan valutaning kelishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga xavf bo‘lmaydimi? Albatta, bo‘ladi.
Bu Rossiya bilan o‘zgarayotgan aloqalarimizning aks-sadosi. Bu bizga ham jiddiy muammolar olib kelyapti. Chunki ko‘rayotganingizdek, O‘zbekistonning valutasi ham tobora qadrsizlanib boryapti.
Kamoliddin Rabbimov:
— O‘ylashimcha, Rossiyada hokimiyat almashib, ichki va tashqi ohang o‘zgarmaguncha, kollektiv g‘arb hamda dunyo hamjamiyati qo‘llagan sanksiyalar olib tashlanmaydi. Bu sanksiyalar bir necha yil davom etadi. Chunki Rossiyada oliy hokimiyat almashganda ham yangi hokimiyat bilan muzokaralar davom etadi.
Shuningdek, yaqin yillarda Rossiyada kuchli iqtisodiy va ijtimoiy bo‘hronlar kutiladi. Rossiya iqtisodiyoti va Rossiya axborot hududi orbitasida qolayotgan davlat sifatida bu bo‘hronlar bizga ham sezilaveradi. Bunga jamiyatimiz tayyor bo‘lishi kerak. Lekin bunga Rossiya aholisi ham, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ham aybdor emas.
Ayni paytda kun tartibidagi masala davlatlarning hududiy yaxlitligi va mustaqillik qadriyati. Keyingi 22 yilda Rossiyaning bu qadriyatlarga tajovuzi ko‘p kuzatildi.
Jamiyatimizda bir fikr shakllanishi kerak, biz bu qiyinchiliklarga chidashimiz kerak va bizda boshqa muqobil yo‘l ham yo‘q. Qaytaraman, biz zo‘riqishlarga tayyor turishimiz kerak.
Davlatchilik ish o‘rinlari yaratish uchun o‘zining qo‘shimcha resurslarini ishga solishga tayyor turishi kerak.
Rossiyada esa zo‘riqishlar endi boshlanmoqda. Chunki sanksiyalar qabul qilinganiga hali bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Sanksiyalarning asosiy ta’siri bir yoki ikki oydan keyin boshlanadi. Ular o‘z kuchini ko‘rsatib boshlar ekan, Rossiyada ijtimoiy va siyosiy zo‘riqishlar avjiga chiqadi.
Vladimir Putin 16 mart kuni Rossiya Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilar ekan, ichki kurashlarga tayyorligini bildirdi. Ya’ni «ichki dushmanlar», «beshinchi kolonna», «konseptual dushmanlarimiz» deya klassik avtoritar va totalitar davlat rahbarlariga xos siyosiy yondashuv ko‘rsatildi.
Bu degani Rossiya ichidagi siyosiy kurashlar endi boshlanadi. Lekin mana shu zo‘riqishlardan keyingi Rossiya umid qilamanki, liberal va demokratik bo‘ladi.
O‘sha davrda Rossiya Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi va mustaqilligini hamda davlat sifatidagi qadr-qimmatini tan oladigan Rossiya bo‘lishiga umid qilaman.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024
Yevropa yangi energetika inqiroziga duch kelmoqda - OAV
17:55 / 23.11.2024