O‘zbekiston | 23:18 / 25.03.2022
15065
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Almati orasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda

Almati – Toshkent yo‘nalishida O‘zbekiston va Qozog‘istonni bog‘lovchi poyezd haftasiga uch marta qatnaydi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xabar qilmoqda.

Foto:  tzhs.narod.ru

Ikki yillik cheklovlardan so‘ng, qator davlatlar tomonidan poyezd yo‘lovchilari uchun davlat chegaralarini bosqichma-bosqich ochish borasida sa’y-harakatlar amalga oshirilishi boshlagan, deyiladi kompaniya xabarida.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston Respublikasiga yo‘lovchi poyezdlar harakati «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati va «Qazaqstan temir joli» MK» AJ bilan kelishilgan holda tashkil etilmoqda.

2022 yil 2 maydan boshlab haftada uch marotaba Almati – Toshkent – Almati yo‘nalishida 1/2-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu poyezd «Toshkent-Markaziy» vokzalidan har seshanba, payshanba va yakshanba kunlari jadval asosida Qozog‘istonga jo‘nab ketadi.

O‘zbekiston tomonga «Almati-2» temir yo‘l vokzalidan har dushanba, chorshanba va shanba kunlari qatnaydi. Qatnovlar zamonaviy «Talgo Tulpar» poyezdlarida amalga oshiriladi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutilmoqda.

Avvalroq 1 aprel kunidan boshlab Nukus – Beyneu – Nukus yo‘nalishi yo‘nalishidagi 647/648-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, 16 martdan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlarida qatnovlar qayta tiklangani xabar berilgan edi. 

Mavzuga oid