O‘zbekiston | 23:26 / 28.03.2022
10360
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelida 2,5 gektar yerni 1 million 900 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan “shovvoz” qo‘lga olindi

U xaridorni xususiy firmaga ijaraga berilgan yer maydonini “qo‘li uzun” tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishiga ishontiradi.

Foto: Shutterstock

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahar Sergeli tumani hududidan yer qidirib yurgan shaxsga tuman hududida faoliyat yurituvchi MChJga ijaraga berilgan 2,5 gektar yer maydonini sotib olishni taklif qiladi. U ushbu yerni mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishga ishontiradi va xizmati uchun 1,9 mln dollar berishni so‘raydi.

DXXning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs talab qilingan pulning 12 ming dollarini “avans” sifatida olgan vaqtida ushlangan.

Bu kabi holat Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ham kuzatilgan. Meva va sabzavotlarni qadoqlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari 21 sotix yer maydonini sotishni rejalashtiradi.

U mazkur yer maydonini tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 24 ming dollar  olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent viloyatida 4 gektar yerni 800 ming dollarga pullamoqchi bo‘lganlar, Ohangaronda MChJga investitsiya kiritish sharti asosida ko‘p qavatli turar joylar, kottejlar hamda madaniy va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun ajratilgan 4 gektar yerni 20 ming dollarga hokimlik xodimi, Qibrayda fermer xo‘jaligining 1,9 gektar yeri uchun 605 ming dollar talab qilgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid