O‘zbekiston | 21:47 / 04.04.2022
40493
11 daqiqa o‘qiladi

Termizda dorixonadan chek so‘ragan Kun.uz muxbiri “samosud” qilindi

Kun.uz jurnalisti Abbos Salaydinov Termiz shahridagi dorixonalardan birida xaridi uchun chek talab qilishi ortidan dorixona sotuvchisi va rahbari tomonidan kaltaklandi. IIB hodisada jinoyat alomatlari yo‘q deb topib, ma’muriy ish qo‘zg‘atdi.

Voqea 18 mart kuni – Abbos Salaydinov Navro‘zdagi qisqa ta’tilni ota-onasi bilan o‘tkazish uchun Surxondaryoga borganida ro‘y bergan. Jurnalist Termiz shahridagi dorixonalardan birida xaridni amalga oshirib, xarid uchun nazorat-kassa mashinasining chekini so‘ragan. Biroq sotuvchi plastik karta bilan savdo qilinganida faqat terminal cheki berilishini aytgan.

“Shundan so‘ng, “soliqqa telefon qilib, so‘rab ko‘raymi?” dedim. Bu gapimdan qo‘rqib, chek beradi deb o‘ylagandim. Lekin u “bemalol” deb javob berdi. Do‘kon tashqarisiga chiqib, soliq xizmatining ishonch raqamini qidira boshladim. Niyatim – ishonch raqamidagi xodimga vaziyatni tushuntirib, uni sotuvchi qiz bilan gaplashtirib, uning harakati noto‘g‘ri ekanini tushuntirish edi. Lekin shunda ham ishonch raqamidagi xodimga vaziyat qaysi dorixonada bo‘layotganini aytmoqchi emasdim”, deydi u.

Abbos Salaydinov soliq xizmatining ishonch raqamini qidirib turganida, dorixonadagi sotuvchi yigit uni dorixonaga olib kirgan, ichkariga kirgan zahoti sotuvchi yigit mijozlar ko‘z oldida uning yuziga musht tushirib: “Hali soliqqa aytmoqchi edingmi”, deb kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kkan.

“Shu kozyol bizni jarimaga tushirib yurgan ekan. Mana ushladik”, deya dorixonadagilarga yuzlangan u. XXI asrda mijozga nisbatan qilinayotgan bunday munosabatdan shokda edim, deya vaziyatni tasvirlaydi Abbos Salaydinov. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtda dorixona egasi ham paydo bo‘lgan.

“Ularga qarshilik qilishimga qaramasdan, dorixona xodimlari 2-3 kishi bo‘lib meni ichkariga – dorilar saqlanadigan omborga torta boshladi. Shu jarayonda dorixona eshiklari ichkaridan yopib qo‘yildi.

Kuch ishlatib, omborxona ichkarisiga olib kirishdi. Dorixona egasi dorixona sotuvchilari kuzatuvida meni “iflos, kozyol” deya haqorat qilib, tinimsiz do‘pposladi. Iz qoldirmaslik uchun yuzimga urmay, ko‘kragimga, yelkamga, kuragimga jami o‘ndan oshiq musht tushirdi. Kuch ishlatib charchagandan so‘ng, so‘roq qilishga tushdi. Kimligimni, qayerda ishlashimni, qayerda yashashimni, dorixonaga nima maqsadda kelganimni so‘radi.

Undan shu savollarni nega zo‘ravonlik qilib, kuch ishlatishdan oldin bermaganini so‘radim. U o‘zi yashab turgan hududni nazarda tutib: “Bu yerda aql emas, musht ishlaydi” dedi mushtini ko‘rsatib”, – deya hikoya qiladi jabrlanuvchi.

Abbos chekni so‘rashdan maqsadi soliq ilovasi orqali keshbek olish (davlat budjetidan to‘lanadi) bo‘lganini aytgan. Shuni tushuntirishga harakat qilib, telefonidagi “Soliq” ilovasini, unda skaner qilingan cheklarni ko‘rsatgan. Biroq dorixona egasi tushunishni istamay, “Soliq” ilovasini ko‘rishi bilan tutaqib ketgan va uning “kozyol”ligiga “ishonchi ortib”, yana musht ishlatishga o‘tgan.

“Ikki kun oldin ham jarima to‘lagandim. Kap-katta erkaksan, uyalmaysanmi shu harom puldan tirikchilik qilishga? Ota-onangni oldiga olib borib uyaltiraymi? Avval ham bittasi qo‘limga tushib qolgandi. Uni ham esini kiritib qo‘yganimdan keyin akasi oldimga kelib uzr so‘rab ketdi. Sening ham ortingdan kimdir kelib boshini egib turishini xohlaysanmi?” – degan dorixona egasi.

O‘zbekistonda 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan tartibga binoan, xarid uchun chek berilmagani haqida soliq organiga xabar berganlarga mukofot to‘lanadi. Mukofot qiymati – tadbirkordan undirilgan jarimaning 20 foizi.

Bu tartib kuchga kirishi bilan, joylarda xaridorlar va tadbirkorlar o‘rtasida nizolar kelib chiqa boshladi. Tadbirkorlar ayrim fuqarolarni do‘kondan atayin chek olmay, so‘ng chek berilmagani haqida soliq organlariga xabar berishda ayblamoqda. Buning ortidan tadbirkorlar jarimaga tortilishi, ayrim xaridorlar “samosud” qilinishi holatlari kuzatilyapti.

“Agar maqsadim dorixonani jarimaga torttirib, undan ulush olish bo‘lganida sotuvchidan chekni so‘rab o‘tirmagan bo‘lardim. Chek bermagan do‘kon va dorixonalarni jarimaga torttirib, ulush olishni kasb qilib olganlar do‘konlarda o‘ziga shubha uyg‘otmaslik uchun sotuvchilardan umuman chek so‘rab o‘tirmaydi”, deydi Abbos Salaydinov.

U tadbirkorga bank kartasidan xarid qilinganda ham qoida bo‘yicha QR-kodli chek berilishi lozimligi, Toshkentdagi do‘kon va supermarketlarda shunday chek berilishini aytgan. “Buyoqda qonun ishlamaydi, qonuningni Toshkentga borib talab qilasan”, degan bunga javoban dorixona egasi.

“Qonuningni Toshkentga borib talab qilasan”

Tadbirkor so‘roq davomida turli tahdidlar ham qilgan. Xususan, bo‘lib o‘tgan voqea haqida biror yerga shikoyat qilsa, ertaga o‘zi Toshkentga qaytib ketishi, Termizda esa opasi yoki singlisi qolishini, kutilmaganda ularga bir nima bo‘lib qolishi, ya’ni kimdir ularning nomusiga tegishini aytib tahdid qilgan.

“Roppa-rosa bir soat davom etgan “tergov” yakunida hech qayerga shikoyat qilmasligimni aytib, dorixonadan chiqdim. U esa yana bir marta hech qayerga xabar bermaslik haqida ogohlantirib, o‘ylab ish qilishimni aytib, “dushmanning bittasi ham ko‘plik qilishi” bilan tahdid qildi

Dastlab voqea haqida ommaga e’lon qilmoqchi emasdim. Lekin deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda chek so‘ragan xaridorlarning sotuvchilar tomonidan haqorat qilingani yoki soliqqa xabar berib, jarimaning ulushidan tirikchilik qilib yurgan uddaburonlarning “samosud” qilinayotganini ko‘raverib, bu tizimli muammo ekaniga amin bo‘ldim.

Men ushbu voqealarning o‘zi emas, ularga sabab bo‘layotgan omillar ko‘proq muhokama qilinishini xohlayman. Bunday holatlarga tizimli yechim, oltin o‘rtaliq topilishini xohlayman.

Yo soliq tizimi tadbirkorlarga nisbatan adolatsiz ishlayapti yo ayrim tadbirkorlar daromadini yashirib insofsizlik qilyapti yoki har ikkala variant ham birgalikda amal qilyapti. Yo‘qsa, bunday holatlar yuzaga kelishi kerak emas. Normal jamiyatlarda bunday holatlar yuz bermaydi.

Xalq bir-biriga dushman bo‘lib qolyapti. Biror huquqbuzarlik haqida xabar bersang, jarimadan ulush olish niyating bo‘lmasa ham, sen “kozyol” yoki “terpila”ga chiqasan. Soliq bo‘yicha ham, yo‘l harakati huquqbuzarliklari bo‘yicha ham xuddi shunday”, deydi Abbos Salaydinov.

“Tanishlarimga berganimda, o‘ldirib yuborgan bo‘lardi”

U vaziyat jiddiyligini ta’kidlab, dorixona egasining so‘zlarini esladi: “Sen do‘pposlanib, oson qutulyapsan. Agar seni boshqa dorixonachi yoki do‘konchi tanishlarimga berganimda, o‘ldirib yuborgan bo‘lishardi. Sendaylarni izlab, qoningga tashna bo‘lib yurishibdi”.

Salaydinovning ta’kidlashicha, ertaga do‘kon yoki dorixonada chek so‘ragan biror mijoz olomon qilinib, o‘ldirib qo‘yilmasidan avval, vaqtida chora ko‘rish kerak.

IIB jinoyat alomatlarini topolmadi

Abbos Salaydinov holat yuzasidan IIB va Soliq qo‘mitasiga murojaat qilgan. Surxondaryo viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, sud tibbiyot ekspertizasi 24 mart kuni jabrlanuvchi “yengil” tan jarohati olgan deya xulosa bergan.

Tergovga qadar tekshiruv biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlamadi. Shu sabab jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilib, sotuvchi S.R. va dorixona egasi Sh.N.ga nisbatan MJtKning 41-moddasi (haqorat) va 52-moddasi 2-qismi (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar organi, shuningdek, Abbos Salaydinovning o‘ziga nisbatan ham haqorat moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atgan. Salaydinov esa bu tuhmat ekani, ularni haqorat qilmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dorixonachilar o‘sha vaqtda kuzatuv kamerasini o‘chirib qo‘ygan.

“Dorixona ichidagi kameraga ishonib ham sotuvchi yigitning zarbasiga va haqoratiga javob qaytarmadim. Ammo meni omborga kirgizishganidan so‘ng, dorixona egasi o‘z xodimlariga “kameradagi zapisni o‘chiringlar” deb topshiriq berdi”, – deydi u.

Har ikkala ma’muriy ish bo‘yicha materiallar 31 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudiga yuborilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tekshiruvda Termizdagi dorixonada Abbos Salaydinovga chek berilmagani holati tasdiqlangan va moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan bayonnoma tuzilgan. Mazkur bayonnoma asosida jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror 15 kungacha muddatda qabul qilinishi aytildi.

Tahririyatdan: Davlat soliq qo‘mitasi xarid cheki bilan bog‘liq “samosud” holatlari yuzasidan sukut saqlamoqda. Keshbek va jarima summasidan rag‘batlantirish tartibining tashabbuskori bo‘lgan, buni keng targ‘ib qilib kelayotgan DSQ o‘zi yo‘lga qo‘ygan tizimning ehtimoliy xavfli oqibatlaridan xaridorlarni himoya qilishi zarur.

Qo‘mita Termizdagi holatda tadbirkorning xatti-harakatlarini qat’iy qoralab bayonot berishi, barcha tadbirkorlarga har bir xarid uchun chek berish shartligini eslatishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shuningdek, bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish uchun chek bermaslik holatlari haqida xabar berish mexanizmini takomillashtirish (masalan, murojaatlarga xarid jarayoni aks etgan video ilova qilinishi) masalasi ham ko‘rib chiqilishi lozim.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid