O‘zbekiston | 08:50 / 08.04.2022
14306
5 daqiqa o‘qiladi

Oila va xotin-qizlar instituti tashkil etilmoqda

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining «Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning «Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan  Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etilgan hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilmasiga o‘tkazilgan.

Belgilanishicha, institut oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi hamda tashkiliy-huquqiy shakliga ko‘ra davlat muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ular huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
  • oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta’minlash, gender tenglikka erishish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqish ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;
  • oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va farovonlik darajasini oshirish ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
  • oilaviy zo‘ravonlik kelib chiqishi hamda xotin-qizlarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolish omil va sabablarini chuqur o‘rganish, ularga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash tizimini takomillashtirish, oilalar ijtimoiy-demografik holati bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash;
  • oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish, oila va xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida manzilli aniqlash va hal etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish;
  • oilalar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlar kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;
  • o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlar ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;
  • ommaviy axborot vositalarida, televideniye va internet jahon axborot tarmog‘ida ilmiy tadqiqotlar natijalarini keng yoritish, shuningdek, oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirishda ishtirok etish.

Quyidagilar institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

  • davlat budjeti mablag‘lari (xodimlar mehnatiga haq to‘lash, binolar va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish hamda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun);
  • ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari;
  • Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari;
  • Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari (institutda bajariladigan ilmiy-amaliy loyihalar, ilmiy va uslubiy adabiyotlar, tarqatma materiallarni nashr qilish, muassasaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va institutga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar uchun);
  • xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar grantlari;
  • respublika ilmiy-tadqiqot loyihalari grantlari;
  • xo‘jalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazishdan tushadigan tushumlar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha, institut direktori bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tavsiyasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

  • Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;
  • Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Istiqlol ko‘chasi, 51-uy manzilidagi bino b-korpusi 2-3-qavatlarini institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Mavzuga oid