19:59 / 11.04.2022
8683

UzAuto Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Foto: UzAuto Motors

Avtomobilsozlik sanoatining barqaror va uzoq muddatli rivojlanishi, ishlab chiqarishning yangi vositalarini joriy etish hamda yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini ilg‘or jahon tajribasi asosida yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi UzAuto delegatsiyasi a’zolari Turin shahriga tashrif buyurishdi. Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Jamshid Inoyatxo‘jayev va Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdaliyev bilan hamda Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko ishtirokida bir qator samarali muhokamalar va uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida 2023 yilda Toshkentda italiyalik hamkorlar ko‘magida “Shahar infrastrukturasida avtomobil intellektual tizimlarini o‘rganish uchun laboratoriya” tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Delegatsiyaga yangi ishlanmalar taqdim etildi.

Shuningdek, rasmiy uchrashuv davomida delegatsiya vakillari Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobilsozlik va mashinasozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun ta’lim muassasalarini tashkil etish to‘g‘risida muzokaralar olib borishdi.

Xususan, “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” (Industrial manufacturing technologies) kasb-hunar ta’limining yangi yo‘nalishini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unga Italiyaning professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari jalb etiladi. Ushbu ta’lim dasturi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu ta’lim dasturida 150 nafar talaba qabul qilinadi. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab Andijon mashinasozlik institutida yangi ta’lim dasturi joriy etiladi. Umuman olganda, 2026-yilgacha “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” dasturi bo‘yicha talabalar sonini 10 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Talabalar amaliy mashg‘ulotlarining o‘quv rejasi bevosita sanoat va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Natijada bitiruvchilar o‘qishni tamomlagandan so‘ng, ish joyida ishlatishi mumkin bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.

Ma’lumot uchun: “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” o‘quv dasturi rivojlangan Yevropa davlatlarining ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, “Sanoat 4.0” (To‘rtinchi sanoat inqilobi) raqamli texnologiyalari, ilg‘or avtomatlashtirish va “Ekonom ishlab chiqarish” falsafasiga asoslangan kompaniyalarda ishlash uchun texnik ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Yo‘nalish bo‘yicha ta’lim 3 o‘quv yili davom etib, uning uchdan bir qismi nazariy bilimlarga, qolgan qismi esa ishlab chiqarishni tashkil etish sohasidagi eng yuqori kasbiy amaliy bilim va ko‘nikmalarga, shuningdek, laboratoriya mashg‘ulotlari asosida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, tashrif dasturiga Italiyaning eng yirik metrologik va robot uskunalarini ishlab chiqarish kompaniyasining Turindagi “Hexagon”ga tashrifi ham kiritilgan. Vakillar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida “Kompetensiya markazi” va “Yangi metrologik texnologiyalar laboratoriyasi” doimiy vakolatxonasining ochilishi to‘g‘risida kelishib olindi. Shuningdek, ushbu kompaniyaning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bozorlaridagi vakolatxonasi orqali xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Italiyalik hamkorlar barcha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun 5 yillik strategik hamkorlik loyihasini ishlab chiqadi, uni amalga oshirish uchun Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari yaqin kunlarda Toshkentga kelishi kutilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Top