Jahon | 22:18 / 19.04.2022
16232
2 daqiqa o‘qiladi

Abbos Blinkenni Isroilning falastinliklarga qarshi siyosati "xavfli oqibatlar"ga olib kelishi haqida ogohlantirdi 

Mahmud Abbosning so‘zlariga ko‘ra, "Falastin shaharlari, qishloqlari va lagerlariga bostirib kirishlar, falastinliklarning o‘ldirilishi va shafqatsiz hujumlar xavfli va chidab bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin".

Foto: Reuters

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Isroilning falastinliklarga nisbatan olib borayotgan siyosatining davom etishi "xavfli va chidab bo‘lmas" oqibatlarga olib kelishini aytdi, deb xabar berdi Wafa agentligi.  

U bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqotida ma’lum qildi.

 Falastin yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, "Falastin shaharlari, qishloqlari va lagerlariga bostirib kirishlar, falastinliklarning o‘ldirilishi va shafqatsiz hujumlar xavfli va chidab bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin".  

Abbos shuningdek, "Isroilning okkupatsion harakatlarini" to‘xtatishga qaratilgan siyosiy yechim zarurligini ta’kidladi.  

Mahmud Abbos arab-isroil mojarosini barqarorlashtirishda bir tomonlama qadamlarga hamda Quddusdagi status-kvo yoki Al-Aqso masjidi maqomini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etdi. 

 O‘z navbatida, Blinken AQSh "Isroilni vaziyatni o‘nglash uchun choralar ko‘rishga chaqirgani" va Falastin hududlaridagi aholiga nisbatan zo‘ravonlik, uylarning buzilishi va aholining ko‘chirilishini yoqlamasligini aytdi.  

O‘tgan hafta oxirida Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasi atrofida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar chog‘ida 170 nafardan ortiq kishi yaralangan, ularning aksari falastinliklardir. 

Mavzuga oid