O‘zbekiston | 21:03 / 22.04.2022
17135
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida iftorlik uyushtirildi

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), AQShda keng tarqalgan din va konfessiyalar vakillari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi a’zolari ishtirokida iftorlik uyushtirildi.

Xabar qilinishicha, iftorlik avvalida elchi Javlon Vahobov mehmonlarga O‘zbekistonda an’anaviy Islom qadriyatlarini avaylab asrash va targ‘ib etish hamda diniy erkinliklarni ta’minlash borasida hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashdi.

Foto: dunyo.info

Iftorda so‘zga chiqqan Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) raisi N.Mayenza bir necha kun avval O‘zbekistonga borib, rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari va diniy yetakchilar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lganini ma’lum qildi.

- O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yil ichida qanday ijobiy va sezilarli o‘zgarishlarga erishganini hamda diniy erkinlik uchun yanada ochiq shart-sharoitlar sari intilayotganini ko‘rishdan mamnun bo‘ldim, - dedi u. - Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, diniy e’tiqod erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha davom etayotgan muloqotlar bizni ruhlantirdi. O‘zbekiston hukumati bilan yo‘lga qo‘yilgan muloqot mamlakatning islohot va o‘zgarishlarni yanada ilgari surish yo‘lida katta maqsadni ko‘zlaganini ko‘rsatdi.

Shimoliy Amerika Islom hamjamiyati sobiq prezidenti, doktor S.Sayyid Amerikada shakllanayotgan musulmon jamiyati O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarini kengaytirishi zarur ekanligini ta’kidladi. U Merilend shtatidagi Indoneziya Musulmon jamiyati assotsiatsiyasi (IMAM) Islom markazi yoki Turkiya hukumati ko‘magida tashkil etilgan Diyonat markaziga o‘xshash O‘zbekiston Islom markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Global faoliyat instituti (IGE) rahbari K.Zeypl bir necha din vakillari o‘zaro ahillikda yashayotgan O‘zbekiston tajribasi boshqa mamlakatlarga diniy erkinliklarni ta’minlash modeli sifatida o‘rnak bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Foto: dunyo.info

- Shu munosabat bilan 2022 yil may oyida Global faoliyat instituti O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini o‘tkazishni mo‘ljallamoqda, - dedi u. - Tadbir dunyoga O‘zbekiston musulmonlar va nasroniylar, birinchi navbatda, ruhoniylar va imomlar o‘rtasidagi konfessiyalararo muloqot o‘rnatilgan davlatning namunasi ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Bundan tashqari, xalqaro forum davomida olim va ekspertlar diniy savodxonlikni oshirish, e’tiqod erkinligini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston islom me’morchiligi masalalarini ham muhokama qilishadi. 

O‘zaro suhbat chog‘ida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi eng qadimiy masjid – “Masjid Muhammad” imom-xatibi Tolib Sharif ushbu tadbir muqaddas Ramazon oyida Islomning insonparvarlikni ilgari suruvchi din ekanligini yana bir bor namoyon etganini ta’kidladi. 

“Ko‘p asrlik tarixi Islom tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston imom-xatiblari bilan uchrashishdan juda mamnun bo‘ldim. Bunday uchrashuvlar ikki davlat imom-xatiblari va ulamolari o‘rtasida o‘zaro fikr almashish imkonini bermoqda. O‘zbekiston hukumatining bu yo‘lda tashlayotgan muhim qadamlarini ham olqishlashni istar edim. O‘zbekiston millatlararo va dinlararo totuvlik gullab-yashnagan dunyoviy davlatning namunasi bo‘lib qolmoqda”, dedi u. 

O‘z navbatida, AQSh Tinchlik instituti (USIP) eksperti, Davlat departamentining diniy ozchiliklar bo‘yicha sobiq maxsus maslahatchisi Noks Temza ham O‘zbekistonda diniy erkinliklarni ta’minlash borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda qonunchilik, diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Bundan atigi besh yil avval aql bovar qilmaydigan ishlarning aksariyati bugungi O‘zbekistonda haqiqiy voqelikka aylandi. Men esa O‘zbekistonning kelajakda bundan ham yuksak muvaffaqiyatlarga erishishini kutib qolaman”, dedi u. 

Mavzuga oid