Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva Jyenevada Mishel Bachelet bilan uchrashdi
Mass-media fondi rahbarlari Shveytsariyada BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistondagi so‘z erkinligining “kechagi ahvoli, bugungi holati va ertangi kuni qanday bo‘lishi kerakligi” muhokama qilingan; “xorijning turli agressiv targ‘ibotlaridan himoyalanish” bo‘yicha hamkorlikka kelishib olingan. Shuningdek, uchrashuvda ayollar huquqlari masalasi ham ko‘tarilgan.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Shveytsariyaning Jyeneva shahrida BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashdi.
Komil Allamjonov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, uchrashuvda so‘z erkinligi va milliy matbuot rivoji haqida so‘z borgan.
“Uchrashuvda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining kechagi ahvoli, bugungi holati va ertangi kuni qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi mulohazalarimni bildirdim. Yillar davomida yopiq bo‘lgan matbuot Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli bugun ochilgani, bu yo‘lda qiyinchilik va muammolar hamon mavjud bo‘lsa-da, tanlangan yo‘l qat’iy ekanini yetkazdik.
Muloqotda o‘zbek matbuotining rivoji, uning erkin faoliyat ko‘rsatishi, eng muhimi – xorijning turli agressiv va zo‘ravonlikka asoslangan targ‘ibotlaridan himoyalanish uchun BMTning inson huquqlari bo‘yicha ofisi bilan yaqin hamkorlik muhim ekani ta’kidlandi va bu borada kelishuvga erishildi”, – dedi Allamjonov.


O‘z navbatida, Saida Mirziyoyeva uchrashuvda ayollar huquqlari masalasi ham muhokama qilinganini ma’lum qildi.
“Fondimiz mamlakatimizda ayollarni kamsitish holatlarini bartaraf etishga imkon qadar hissa qo‘shmoqda. Gender tengligi himoyasi esa milliy siyosat darajasiga ko‘tarilgan.
Umid qilamanki, ko‘zlagan ishlarimizni uddalaymiz. Biz oldinga yuryapmiz, hamkorlik ko‘priklarini o‘rnatyapmiz, sa’y-harakatlarimizni jahon miqyosida namoyish etyapmiz.
Bachelet xonimni katta mamnuniyat bilan O‘zbekistonga taklif qildim. Ko‘rsatishga, gapirib berishga arziydigan taraflarimiz ko‘p. Eng muhimi, maqsadga erishishga tayyorligimizni namoyish eta olamiz”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.


Mavzuga oid

20:52 / 18.05.2025
Yaponiyadagi ko‘rgazmada O‘zbekiston paviloni yuz minglab mehmonlar e’tiborini tortdi - Saida Mirziyoyeva

20:35 / 16.05.2025
Saida Mirziyoyeva AQSh Senati a’zolari va biznes vakillari bilan uchrashdi

17:21 / 14.05.2025
Saida Mirziyoyeva YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

16:04 / 10.05.2025