Geologiya universiteti rektori o‘zgardi
Geologiya fanlari universitetida rektor o‘zgardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Hukumatning 2022 yil 29 apreldagi 224-son qarori bilan Maqsud Isoqov Geologiya fanlari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Maqsud Isoqov bungacha ilmiy ishlar, innovatsiyalar va moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat yuritgan.
Shu paytgacha Geologiya fanlari universitetining rektori lavozimida Bobur Islomov ishlab kelayotgandi.
2020 yil 8 iyun kuni O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil qilingandi.
Unga ko‘ra, universitet Davlat geologiya qo‘mitasi tizimiga qarashli bo‘lib, tog‘-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yo‘nalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha respublikaning ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Universitetda talabalar O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari asosida geologiya va konchilik yo‘nalishidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq o‘qitiladi.