Samarqanddagi avtokorxonalar nega yo‘lovchi avtobuslarini sotishga majbur bo‘lishmoqda?
Samarqand shahrida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan avtokorxonalar o‘z avtobuslarini sotishga majbur bo‘lishmoqda. Avtobus yetishmasligi ortidan ko‘hna shaharda ayrim yo‘nalishlar yopilgan.
Yo‘lovchi tashish muammolariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida viloyat transport boshqarmasi vakillari keltirgan ma’lumotlar kishini jiddiy o‘ylantiruvchi manzaralar hosil qiladi.
«Samarqand shahrida 59 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi bo‘lib, ularning 18 tasi bekor qilingan. Bunga sabab jamoat tashuvining rentabelligi juda past. Ko‘plab avtokorxonalar avtobuslarni kreditga olishgan. Pandemiya tufayli jamoat transporti ishi qariyb yarim yilga to‘xtab qoldi. Davlat bank qarzlarini qaytarish bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish yuzasidan choralar ko‘rdi, biroq moliya muassasalari berilgan mablag‘lar bo‘yicha foizlarni o‘z vaqtida to‘lashni talab qilmoqda», — dedi viloyat transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ergash Murodov.
Viloyat transport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi choragida Samarqand shahrida 560 ta avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 380 tani tashkil qilmoqda. 180 ta avtobus kredit foizlarini qoplash uchun tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sotilgan. Jamoat tashuvlarining past rentabelliligi, banklar oldidagi qarzdorlik transportchilarni chuqur moliyaviy inqirozga duchor qilgan.
Qayd etish joiz, jahonning qariyb barcha davlatlarida jamoat yo‘lovchi transporti sohasi rentabelsiz hisoblanadi. Tashuvchilarning ko‘rgan zararlari davlat subsidiyalari hisobiga qoplab beriladi. Samarqand viloyatida ham mahalliy hokimiyat transportchilarning 30 foizga yaqin zararlarini qoplab beradi. Barcha moliyaviy muammolar ham shu yerdan ko‘kargan.
Tadbirkorlar esa jamoat tashuvlariga pul tikishda o‘zi uchun istiqbol ko‘ra olmayapti. Shahar yo‘nalishlarida qo‘yilgan elektron savdolarda ishtirok etish istagini bildiruvchilar yo‘q.
Bunga sabab jamoat transporti qatnovi qulay va barqaror emas. Tashuvchilar aholining ehtiyojidan kelib chiqib emas, kunning «eng daromadli» paytida harakat qiladi. Shu sababli qatnayotgan ayrim liniyalardagi avtobuslarning hattoki o‘rindiqlari olib tashlangan — ko‘proq yo‘lovchi sig‘ishi uchun.
So‘nggi ikki yilda Samarqandda 38 ta marshrut norentabellik sababli to‘xtagan. Ayni paytda shaharga 300 ta avtobus yetishmaydi. Mahalliy organlar endi bu muammoni xorijiy investitsiyalar hisobiga hal qilishga urinmoqda. Yil oxirigacha Samarqand shahriga 200 ta elektrobus keltiriladi, xizmat ko‘rsatish uchun haq to‘lashning zamonaviy tizimlariga ega yo‘lovchi tashishning mutlaqo yangi modeli tashkillashtiriladi. Loyiha xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilmoqda. Matematik modellashtirish yordamida Samarqand aglomeratsiyasining transport tizimini barqaror rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqilgan. Tashuvlarni subsidiyalash masalalari ham hal etilmoqda.
Prezident Sh.Mirziyoyev 29 aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishtirildi. Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, jamoat transporti tarmog‘i magistral, yetkazib beruvchi va ichki yo‘nalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qo‘shimcha 40 ta yangi yo‘nalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etiladi. Avtobuslar katta sig‘imlisiga almashtirilib, markaziy ko‘chalarda ularning harakati uchun alohida yo‘lak ajratiladi.
2022 yilda 80 ta, 2023 yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni ko‘paytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport bo‘limi tashkil etiladi. 1 iyuldan boshlab, Samarqand viloyati budjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
«Loyihaga ko‘ra, shaharda o‘nta asosiy va 33 ta yordamchi avtobus yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatadi. Ixcham Isuzu’lar o‘rniga elektr motorli, sig‘imi kattaroq avtobuslarning ishlatilishi «Samarqandyo‘lovchitrans» korxonasining yonilg‘i-moylash materiallariga sarf-xarajatlarini keskin kamaytirish, yo‘lovchi tashuv hajmini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkoniyatini yaratadi», — dedi viloyat Transport boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xalilov.
Prezidentga Samarqand shahrining yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari bo‘yicha ham axborot berildi. Aytilishicha, 2022 yilda Samarqand shahrida 160 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 5 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlanadi. 102 ta yangi bekat tashkil qilinib, mavjudlari tartibga keltiriladi.
Samarqand shahri aholisi bu sohada keskin o‘zgarishlarni anchadan buyon kutib yurishibdi. Mutasaddilar berayotgan va’dalar amalga oshadimi-yo‘qmi, mabodo oshsa nechog‘lik samarali bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi.
OAV xabarlari asosida Sh.Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
09:26 / 13.11.2024
Toshkentda yana 7 ta ko‘chada avtobus yo‘laklari joriy etiladi
23:06 / 11.11.2024