O‘zbekiston | 19:30 / 03.05.2022
24111
4 daqiqa o‘qiladi

Kuchli yomg‘irlar tufayli bir qator viloyatlarda kuchli sel oqishi kuzatildi

Qashqadaryodagi Hisorak qishlog‘iga olib boruvchi yo‘lni suv yuvib ketgan. Surxondaryoda esa M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lini suv bosgan. Samarqand viloyati Payariq tumanidan o‘tuvchi yo‘lni sel yuvib ketgan.

Foto: Videodan kadr

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun 2022 yil 3 may kuni yog‘gan yomg‘ir Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining bir qator hududlarida kuchli sellar oqishiga sabab bo‘lgan.

Jumladan, Payariq tumani G‘allakor mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-43 yo‘lining 76-kilometrida qurilayotgan ko‘prikning vaqtincha o‘tib turish uchun qurilgan aylanma yo‘lini sel yuvib ketgan. Ayni paytda viloyat FVB rahbarligida tegishli tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Hisorak QFY hududida yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik tepaliklardagi qum aralash shag‘allarni ichki yo‘llarga yuvib tushirgan. Hodisa oqibatida aholi xonadonlari, ularning mulklariga ziyon yetmagan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yog‘gan qisqa muddatli kuchli yomg‘ir oqibatida tumanning Machay, Yuqori Machay va Darband qishloqlarida sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari Machay, Yuqori Machay qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Darband qishlog‘i hududidan o‘tgan qismiga toshgan.

Sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari, ijtimoiy obektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmagan. Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lida transport vositalari qatnovi to‘xtatilmagan.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumani tog‘li hududining “Xonjiza” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Xursandsoy” soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metal konstruksiyali ustunlar ostini yuvib ketgan.

Oqibatida ushbu ustunlar yiqilgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan. Holat “Xonjiza” obekt elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmagan, u faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.

Shu bilan birga, “Sangardak” soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yo‘llarda to‘plangan loyqa va qum-shag‘allar maxsus muhandislik texnikalari yordamida to‘liq bartaraf etilgan. Yog‘ingarchilik oqibatida aholi xonadonlari va ularning mulkiga ziyon yetmagan.

Qayd etilishicha, hozirda sel oqimidan so‘ng yo‘llarda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al va loyqalarni tozalash ishlari FVV va tegishli xizmatlar xodimlari hamda maxsus muhandislik texnikalari yordamida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq, “O‘zgidromet” 3-5 aprel kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid