19:10 / 03.05.2022
12735

O‘zbekiston OAV erkinligi reytingida 133-o‘rinda qayd etildi

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining har yillik OAV erkinligi indeksini e’lon qildi. Indeksni yuritish metodologiyasi yangilangani ortidan O‘zbekiston o‘tgan yilga qaraganda 24 pog‘ona ko‘tarilib, 133-o‘ringa chiqqan, shunday bo‘lsa-da 2021 yilga nisbatan 3,5 ballga yomonroq natija qayd etgan. Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha “og‘ir” vaziyat saqlanib qolayotganini bildirgan.

Indeksda ballarni hisoblash metodologiyasi o‘zgargani sababli natijalarni 2021 yil natijalari bilan taqqoslashda ehtiyot bo‘lish lozim, deyiladi tashkilot rasmiy relizida.

Yangi metodologiyaga ko‘ra, dunyo mamlakatlaridagi OAV erkinligining holati besh xil indikator: siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va xavfsizlik nuqtayi nazarlaridan baholangan.

Indeksda mamlakatlar so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “yaxshi”, “qoniqarli”, “muammoli”, “og‘ir” va “juda jiddiy” guruhlarga bo‘lingan. “Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha “og‘ir” vaziyat saqlanib qolayotganini qayd etgan.

Hisobotda Islom Karimovdan keyingi davrda O‘zbekiston so‘z erkinligi bo‘yicha qator yutuqlarga erishgani e’tirof etilishi barobarida, tanqidiy xulosalar ham bildirilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekistonda OAV va blogerlar ustidan nazorat o‘rnatilgan, telekanallar asosan propaganda bilan mashg‘ul, rasmiy matbuot yoritolmaydigan mavzular ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinadi. Xulosada, shuningdek, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 6,5 yilga qamalgani ham eslab o‘tilgan.

Markaziy Osiyo barcha davlatlarining reytingdagi o‘rni yaxshilangan:

72. Qirg‘iziston (+7 pog‘ona o‘sish)
122. Qozog‘iston (+33)
133. O‘zbekiston (+24)
152. Tojikiston (10)
177. Turkmaniston (+1)

O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakat matbuot erkinligi indeksida yuqorilagani bilan soha vakillarini qutladi.

“Chegarasiz reportyorlar" xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida qo‘yilayotgan muhim qadamlarning natijalaridan biri bo‘lgan ushbu katta muvaffaqiyat bilan yurtimiz jurnalistikasi, ommaviy axborot vositalari va media sohasi vakillarini tabriklayman”, – deya yozdi Asadov Telegram-kanalida.

“Qutblashuvning yangi erasi”

“Chegara bilmas muxbirlar”ga ko‘ra, jahon miqyosidagi siyosiy qutblanish jamiyatning aksi bo‘lgan OAV faoliyatida ham yaqqol ko‘zga tashlana boshlagan. Jurnalistikada feyk xabarlar va propaganda ko‘payib bormoqda.

“Xalqaro miqyosda ochiq jamiyatlar va OAVni nazorat qiladigan, demokratiyaga qarshi onlayn propaganda urushini olib borayotgan despotik rejimlar o‘rtasidagi muvozanat buzilishi ortidan demokratiya kuchsizlanmoqda. Bu qutblashuv ziddiyatlar oloviga yog‘ sepmoqda”, – deyiladi xalqaro tashkilot xulosasida.

Ta’kidlanishicha, demokratik jamiyatlardagi ichki qutblashuv ayniqsa AQSh, Fransiya va Polshada ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.

Reytingni hamon Norvegiya boshqarib bormoqda. Keyingi o‘rinlarni Daniya va Shvetsiya band etgan. Bu yilgi indeksda sobiq sovet respublikalaridan Estoniya va Litva yuqori o‘nlikka kirgani e’tiborga molik.

Reytingdagi yuqori o‘nlik:

1. Norvegiya (=0)
2. Daniya (+2)
3. Shvetsiya (=0)
4. Estoniya (+11)
5. Finlandiya (-3)
6. Irlandiya (+6)
7. Portugaliya (+2)
8. Kosta-Rika (-3)
9. Litva (+19)
10. Lixtenshteyn (+13)

Sobiq sovet respublikalari:

4. Estoniya (+11)
9. Litva (+19)
22. Latviya (=0)
40. Moldova (+49)
51. Armaniston (+12)
72. Qirg‘iziston (+7)
89. Gruziya (-29)
106. Ukraina (-9)
122. Qozog‘iston (+33)
133. O‘zbekiston (+24)
152. Tojikiston (10)
153. Belarus (+5)
154. Ozarboyjon (+13)
155. Rossiya (-5)
177. Turkmaniston (+1)

Reytingdagi so‘nggi o‘nlikdan Suriya (171-o‘rin), Iroq, Kuba, Vetnam, Xitoy, Myanma, Turkmaniston, Eron, Eritreya va KXDR (180-o‘rin) joy olgan.

Mavzuga oid
Top