15:30 / 12.05.2022
12564

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaganini aytmoqda

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan xabar – institutda 4 mlrd so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanganiga munosabat bildirdi.

Foto: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti

Munosabatda keltirilishicha, 2019 yilda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan quruvchi tashkilot “Fast Quality Building” MChJga institut binosining ikkinchi korpus fasad qismini to‘liq ta’mirlash topshirig‘i berilib, ushbu mablag‘lar mahalliy budjet hisobidan qoplanishi aytilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan 2019 yilning iyul-dekabr oylarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Lekin “Fast Quality Building” MChJga 2020 yilga qadar shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘lar hokimlik tomonidan o‘tkazib berilmagan.

Shundan so‘ng qurilish tashkiloti mablag‘ni undirish da’vosi bilan institutni sudga bergan. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 6 noyabr kungi ajrimiga asosan, ushbu mablag‘lar javobgar institut tomonidan to‘lab berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Garchi ushbu mablag‘ (1,27 mlrd so‘m) quruvchi tashkilotga viloyat hokimligi tomonidan to‘lanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, oliy o‘quv yurtidan da’vogar MChJ hisobiga majburiy undiruv amalga oshirilgan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, tarqatilgan xabarlarda 1,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tender tanlovlarisiz bajarilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Aslida esa, institut amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun hokimlik to‘lab berishi kerak bo‘lgan mablag‘ni ilojsizlikdan, sud qarorini ijro etish maqsadida to‘lab bergan. Bu esa mavjud qonunchilik talablaridan chetga chiqilmaganligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, agentlik tomonidan e’lon qilingan ma’lumotda “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MChJ tomonidan amalga oshirilgan 2,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari yakunlanganligi, biroq tugallangan ishlar komissiya tomonidan qabul qilinmay, uning kafolat muddati tugamagan bo‘lsa-da, pudratchiga 91,5 mln so‘m mablag‘ oldindan to‘lab berilganligi keltirilgan.

Birinchidan, “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MChJ ushbu qurilish obektini tenderda ishtirok etgan holda yutib olgan. Ikkinchidan, “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MChJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari davomida loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan yong‘in xavfsizligini ta’minlovchi tizim, yong‘in xavfsizligi qutilari (shit) va boshqa ayrim ish turlari qolib ketganligi sababli ushbu ish hajmi tadbirkor tomonidan bajarib berilgandan so‘ng, mazkur obekt qabul komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olinib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, xabarda institutda mablag‘larni ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgani haqida so‘z boradi. Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu ma’lumotlar aynan institutning bosh auditori tomonidan o‘tkazilgan ichki audit tekshiruvlari natijasida aniqlangan.

Jumladan, mas’ullar tomonidan 18 nafar magistrant va 7 nafar talabaning imtihonda olgan «4» baholari qaydnomalarga ko‘chirilishida «5» bahoga o‘zgartirilganligi natijasida 14,7 mln so‘mdan ziyod stipendiyalar ortiqcha to‘langan. Mazkur mablag‘lar o‘rnatilgan tartibda undirilib, o‘z vaqtida mas’ullarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Tarqatilgan xabarda institutda mehnat qonunchiligi talablarining buzilishi, qarindosh-urug‘chilik aloqalari borasida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani, tabaqalashtirilgan to‘lov, ta’lim dasturlari hamda stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilishdagi kamchiliklar yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga ma’lumot kiritilgani haqida so‘z boradi.

Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, taqdim etilgan materiallar Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Faqatgina kafedra mudirining harakatlarida oz miqdorda budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari aniqlanganligi bois, holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga yuborish choralari ko‘rilgan.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti matbuot xizmati

Top