
AQShda yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqizilgan bemorga amerikalik shifokorlar unga hayoti xavf ostidaligi, unda yurak transplantatsiyasi amalga oshirilishi zarurligini aytishadi.
Bemor operatsiya uchun nisbatan kamxarjroq deb Turkiyani tanlaydi. Ammo bu mamlakatdagi shifokorlar ikkilanib qolishadi. Ular stentlash amaliyotini o‘tkazish mas’uliyatidan cho‘chishadi. Ilojsiz qolgan bemor O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ladi. Biroq bu yerda navbatdagi yurak xurujini boshdan o‘tkazadi.
Asoratlar yanada xavfli tus oladi: yurakning qisqaruvchanlik faoliyati 4 barobar tushib, qon tomirlari yo‘li yopilish arafasiga kelib qoladi. Shu tariqa, ikki barobar kattalashib ketgan yurakda shoshilinch operatsiya amalga oshiriladi. Yurakning uchta tomiriga jarrohlik yo‘li bilan tomir ulanib, bemor hayoti saqlab qolinadi.
Oradan uch yil o‘tadi. Bemor AQShda safardaligida kutilmaganda yana yurak xuruji qaytalaydi. Amerikalik jarrohlar yurakni ochishgach, buyurilgan dori vositalari vaqtida qabul qilinmagani uchun yana bir tomir berkilib qolgani aniq bo‘ladi.
Operatsiyadan so‘ng amerikalik malakali xirurglar avvalgi jarrohlik amaliyoti mahorat bilan qilingani, ulangan tomirlar bekam-u ko‘st ishlab turganini e’tirof etishadi. Xirurgning ishiga «zargarona» deb tan berishadi. SSV matbuot xizmati bu noyob operatsiya muallifi tibbiyot fanlari doktori, kardioxirurg Alisher Meliqulov bilan suhbatlashdi.
«1000 dan ziyod yurak operatsiyasini mustaqil o‘tkazdim»
Alisher Meliqulov Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida 15 yil ishlagan. O‘sha yerda fan doktori va yetakchi xirurg darajasigacha yetgan.

— 2004 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini bitirib, Moskvadagi Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ordinaturada tahsil olgani ketganman. Tahsildan keyin aspiranturaga olib qolishdi. 2009 yilda «Ishlab turgan yurakda konversiya holatlarini o‘rganish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladim.
Keyingi rejalarim kutilmagan tomonga ketdi. Ilmiy rahbarim va muassasa direktori ilmiy va kasbiy faoliyatimni shu yerda davom ettirishni taklif qildi. Natijada faoliyatimni markazda davom ettirdim.
















