Majlisda ta’kidlanganidek, g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarur. Shu bois, joriy yilning 1 iyunidan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi. Bunda fermer va klaster o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqadi.
Shu munosabat bilan, g‘allachilik sohasida kutilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyati hamda birja savdolarida ishtirok etish tartibini tushuntirish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan fermer va klasterlar uchun maxsus uyushtirilayotgan o‘quv seminarlari boshlandi.
Seminar ishtirokchilariga mijozlarni birjada ro‘yxatdan o‘tish, garov mablag‘larini kiritish, brokerlik xizmatlaridan foydalanish va mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish qoidalari o‘rgatilmoqda.
Tadbirlar davomida mamlakatimizning har bir tumanida faoliyat yuritayotgan savdo maydonchalarining joylashuvi va ularning aniq manzillari alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Bir vaqtning o‘zida birjaning mana shu savdo maydonchalari orqali fermer va klasterlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari ham amalga oshirilmoqda.
Manbaa: “O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi
Tovar-xomashyo birja matbuot xizmati Ⓣ