O‘zbekiston | 22:33 / 19.05.2022
6912
4 daqiqa o‘qiladi

Geologiya sohasidagi yangi vazifalar belgilandi

Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqiladi. “Navoiyuran” transformatsiya qilinadi. Uran zaxirasi xalqaro standartlarga asosan baholanadi. Litiy, alyuminiy, magniy va boshqa nodir metallar bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida “Yangi kon” loyiha ofisi ochilib, 15 mln dollar ajratiladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni geologiya sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalar foydali ma’danlar va yerosti suvi zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan.

Rasmiy relizga ko‘ra, so‘nggi yillarda uran bo‘yicha 27 ta yangi kon ochilib, barqaror xomashyo bazasi yaratilgan. Lekin sohadagi imkoniyatlar ancha ko‘p. Taqdimotda davlat rahbarining nodir va noyob metallar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha topshirig‘idan keyin ishlab chiqilgan rejalar yuzasidan axborot berilgan.

Qayd etilishicha, umumiy qiymati 182 million dollarlik 14 loyiha shakllantirilgan. Prezident bu loyihalar bilan chegaralanmasdan, yuqoriroq marra olish kerakligini ta’kidlagan.

“2022-2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydon hisobiga uran zaxirasini oshirish, zamonaviy burg‘ilash uskunalarini olib kelish, raqamli geologiya modelini yaratish ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etib, texnologik jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Uran zaxirasini xalqaro standartlarga muvofiq baholash, so‘nggi texnologiyalar asosida rudadan uranni ajratib olish darajasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Taqdimotda istiqbolli konlarni tayyorlash va ularga investorlarni jalb qilishga oid taklif ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida “Yangi kon” loyiha ofisi tashkil etish, uning ustav kapitaliga 15 million dollar ajratish mo‘ljallangan. Bu loyiha ofisi litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.

Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida uran narxi barqaror o‘sib borayotgani, yangi loyihalarda bu xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida e’tibor qaratish kerakligini aytdi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Qayd etilishicha, sohada malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi; Navoiy konchilik institutiga universitet maqomi berildi; Italiyaning Piza va Rossiyaning Sankt-Peterburg konchilik universitetlari bilan qo‘shma dasturlar tuzildi. Lekin zamonaviy bilimga ega, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash sust.

Birgina Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yiliga 300 dan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarga ehtiyoj bor. Shu bois Zarafshon, Angren va G‘uzordagi texnikumlarda geologiyaga ixtisoslashgan yo‘nalishlarni ko‘paytirib, malakali ishchilar tayyorlash zarurligi ta’kidlangan. 

O‘tgan yili O‘zbekistonda mis sanoati klasteri tashkil etilgan edi. Dasturga ko‘ra, mis ishlab chiqarishni yagona “zanjir” asosida 2 baravarga ko‘paytirib, 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish reja qilingan. Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham hisobot berilgan.

Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosi sharoitida yerosti suvidan aql bilan foydalanish zarur. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda yerosti suvining sathi O‘zbekistondagi 13 ta tumanda 5 metrgacha, 9 ta tumanda 20 metrgacha pasaygan.

Davlat rahbari mutasaddi tashkilotlarga yerosti suvi zaxiralarini ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Mavzuga oid