Texasdagi ommaviy qotillik. Bayden qurol lobbisiga qarshi kurashishga chaqirdi
Amerikaning Texas shtatidagi Yuvalde shahridagi boshlang‘ich maktabda ro‘y bergan otishmada maktabning 19 nafar o‘quvchisi hamda o‘qituvchi ayol halok bo‘ldi, hujum qilgan 18 yoshli yigit ham o‘ldirilgan. Yana 13 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, ularning jarohatlari turli darajada. 66 yoshli ayol va 10 yoshli qizcha og‘ir ahvolda.
Hujum qilgan shaxs 18 yoshli Salvador Romas mahalliy aholi vakili bo‘lib, u otib o‘ldirilgan. Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, u xuddi shu maktabning yuqori sinf o‘quvchisi edi.
Shuningdek, ayrim xabarlarga ko‘ra, u maktabga yo‘l olishidan oldin o‘z buvisini ham otgan, ammo keksa yoshli ayol omon qolgan.
Maktabdagi fojia yozgi ta’tillar boshlanishiga ikki kun qolganida ro‘y berdi, shuning uchun seshanba noodatiy kunlardan biri edi: bolalar hayvonot bog‘iga borish uchun yig‘ilishgan, undan keyin a’lochi o‘quvchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazilishi kerak edi. Bolalardan maktab formasida emas, yasanib kelish so‘ralgandi.
Endi maktab o‘quv yili yakuniga qadar yopiq bo‘ladi.
AQSh prezidenti Jo Bayden qurbonlarning oila a’zolari bilan birga azador ekanini aytdi va qurol savdosini cheklovchi qonun qabul qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi qurol lobbisiga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sodir bo‘lgan otishma oqibatida insonlar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan prezident Jo Baydenga hamdardlik yo‘lladi.
«Motivlar noma’lum»
Texas gubernatori Greg Ebbottning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi avtomobilini maktab tashqarisida qoldirib, binoga kirgan va o‘t ochgan.
Mahalliy huquq-tartibot organlaridagi manbaga ko‘ra, u zirhli nimcha taqqan, to‘pponcha va AR-15 rusumli yarimavtomat miltiq bilan qurollangan, o‘qdonlari to‘la bo‘lgan.
Xabar qilinishicha, otishma chog‘ida u maktab binosida o‘ziga barrikada qurib olgan.
Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, uni maktab yaqinida turgan va o‘q ovozlarini eshitgach maktab ichiga otilib kirgan AQSh chegara xizmati xodimi otib tashlagan.
Yana ikki chegarachi otishma chog‘ida yaralangan. Ulardan birining boshiga o‘q tekkan. Hozirda u shifoxonada, uning hayotiga xavf yo‘q.
Chegara patruli - AQShga kirish punktlarini qo‘riqlovchi federal agentlik hisoblanadi. Meksika bilan chegaradan 130 km masofadagi Yuvalde shahrida chegara xizmati ofisi joylashgan.
Yuvaldening o‘zida 16 ming atrofida odam yashaydi. Shundan 80 foizi lotinamerikaliklar.
Texaslik senator Roland Guterres Romas vintovkani 18 yoshga to‘lishi bilanoq sotib olganini ma’lum qildi.
Hujum 7 yoshdan 10 yoshgacha bolalar o‘qiydigan «Robb» maktabida sodir bo‘lgan. Maktabda kamida 500 o‘quvchi tahsil oladi. Maktab o‘quvchilarining 90 foizi ispan tillilar hisoblanadi.
Amerika nashrlari halok bo‘lgan o‘qituvchining shaxsini ochiqladi: u Yeva Mireles bo‘lgan, u 9-10 yoshli bolalarni o‘qitgan. Maktab saytida uning sahifasidagi ma’lumotda, uning turmush o‘rtog‘i va kollejni tamomlagan qizi borligi aytilgan.
Okrug politsiyasi boshlig‘i otishma seshanba kuni mahalliy vaqt bilan 11:32 da (Toshkent vaqti bilan 21:32) boshlanganini ma’lum qilgan. Tergovchilarning hisoblashicha, qotil yolg‘iz harakatlangan. Uning motivlari ma’lum emas.
Fojia sodir bo‘lgan vaqtda AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik samolyoti bortida bo‘lgan, u Osiyoga safaridan qaytayotgandi, uni o‘sha zahoti otishma haqida xabardor qilishgan.
«Hamma narsaning chegarasi bor»
AQSh prezidenti qurbonlar xotirasiga hamdardlik belgisi sifatida Oq uy va boshqa jamoat binolaridan bayroqni tushirib qo‘yishga ko‘rsatma bergan. Bayroqlar 28 may kuni kechgacha tushirilgan holatda turadi.
Oq uyga yetib kelgach, Bayden mamlakatga murojaat qilib, amerikaliklarni qurolga erkin egalik qilish huquqini himoya qiluvchi, katta ta’sirga ega bo‘lgan lobbichilarga qarshi chiqishga chaqirdi.
«Umid qilamanki, men prezidentligimda bu ish takrorlanmaydi. Millat sifatida o‘zimizdan so‘rashimiz kerak: «Xudo haqqi, biz qachon qurol lobbisiga qarshi turamiz?»
Men bundan charchadim. Biz harakatga o‘tishimiz kerak. Menga biz bu qirg‘inga ta’sir qila olmaymiz deb aytmang, degan AQSh prezidenti.
U 18 yoshli yigit do‘konga kirib, bemalol avtomat sotib olishi mumkinligining o‘zi xatoligini aytdi. «Bunday qirg‘in butun dunyo bo‘ylab juda kam sodir bo‘ladi», deya qo‘shimcha qiladi u.
«Yana o‘nlab yosh bolalar sodir bo‘lgan voqeaga guvoh bo‘lishdi, do‘stlari qanday o‘layotganini ko‘rishdi, xuddi jang maydonidagi kabi. Xudoyim. Ular umrining oxirigacha shu bilan yashaydilar», dedi prezident omon qolganlar haqida.
Qurol savdosi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi haqida Texasdagi voqea haqida ma’lum bo‘lishi bilanoq boshqa nufuzli demokratlar ham fikr bildira boshladi.
«Barcha narsaning chegarasi bor», dedi vitse-prezident Kamala Harris. U kelgusida bunday holatlar qaytalanishining oldini olish uchun jasurlik namoyish etib, «oqilona va o‘ylangan» qaror qabul qilishga chaqirdi.
Prezidentlikka sobiq nomzod Hillari Klinton Amerika «uzluksiz yurakni ezuvchi nolalar mamlakati»ga aylangani va endi ibodat qilish va qayg‘u chekishning o‘zi yetarli emasligini aytib o‘tdi.
«Bizga shunchaki Amerikada bolalarimizni o‘ldirayotgan qurolli zo‘ravonlik balosini to‘xtata oladigan qonunchilik kerak», deya Texasdagi voqeaga munosabat bildirdi u tvitterdagi sahifasi orqali.
O‘z navbatida Texas shtatidan bo‘lgan senator, respublikachi Ted Kruz Yuvaldedagi voqeani haqiqiy dahshat deb atagan holda qurol savdosi bo‘yicha qonunchilikni islohot qilishga qaratilgan chaqiriqlarga ishonchsizlik bilan qaragan va bunday islohotlar shu kabi hujumlarning oldini ololmasligini aytgan.
«Qonunga itoat etuvchi fuqarolarning huquqlarini cheklash ish bermaydi - bu samarasiz va jinoyatlarning oldini ololmaydi», degan u jurnalistlarga va qurol ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirib, «o‘z siyosiy dasturlarini ilgari surayotgan» siyosatchilarni tanqid qilgan.
Senator oldingi tajribalarga asoslangan holda, bolalar hayotini xavfsiz saqlashning eng samarali yo‘li maktablarni qurolli qo‘riqchilar bilan ta’minlash ekanini aytdi.
Jo Bayden Oq uy rahbarligi uchun nomzodini qo‘yganida u o‘qotar qurollar sotuvida tekshiruvni kuchaytirishga va yiliga o‘n mingga yetuvchi o‘lim holatlarini kamaytirishga va’da bergandi.
Ammo Bayden va uning hamkasb-demokratlari qurol sotib oluvchining shaxsini tekshirish talablarini o‘rnatishga erishish uchun Kongressda yetarlicha ovoz to‘play olishmadi.
AQSh va qurollardan foydalanish
AQShda maktablarga qurolli hujumlar tez-tez uchraydigan favqulodda holatga aylangan: ta’lim bo‘yicha EdWeek jurnali ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda 26 ta shunday holat qayd etilgan.
Bunday hujumlar holatida qanday harakatlanish bo‘yicha treninglar maktab dasturining bir qismiga aylangan - boshlang‘ich sinflarga ham shunday darslar o‘tiladi.
So‘nggi vaqtlarda boshlang‘ich maktabga uyushtirilgan eng qonli hujum 2012 yilda Konnektikut shtatidagi Sendi-Huk maktabida kuzatilgandi. 20 yoshli yigit tomonidan sodir etilgan bu hujumda qurbon bo‘lgan 26 kishidan 20 nafari 5-6 yoshli bolalar edi.
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan o‘tgan oyda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, AQShda o‘qotar qurollardan o‘lim topgan bolalar soni ilk bor YTH oqibatida vafot etgan bolalar sonidan ko‘proq bo‘lgan.
Qarorgohi Jyenevada joylashgan Small Arms Survey tadqiqot markaziga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng qurollangan jamiyat hisoblanadi.
Amerikadagi Gun Violence Archive notijorat tashkiloti AQShda 2022 yilning may oyida qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq 215 holatni qayd etgan, shundan to‘qqiz holatda kamida to‘rt nafardan ortiq odam vafot etgan.
Quyida bunday holatlarning ayrimlari:
- 13 may: Viskon shtati, Miluoki shahri markazidagi otishmada 16 kishi yaralangan. Besh kishi hibsga olingan.
- 14 may: Nyu-York shtati Buffalo shahrida irqchilik ruhidagi ommaviy qotillikda 10 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Otishma uyushtirgan shaxs qo‘lga olingan.
- 15 may: Kaliforniyaning Laguna Vuds shahridagi Tayvan cherkoviga uyushtirilgan hujumda bir kishi o‘ldirilgan, to‘rt kishi yaralangan.
- 15 may: Texas shtati, Xyuston shahridagi buyum bozoridagi otishmada ikki kishi halok bo‘lib, uch kishi yaralangan. Otishmaga besh nafar erkak ishtirokidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:37 / 05.12.2023
AQShdagi ommaviy qotilliklar: 2023 yil eng qonli yil bo‘ldi
17:01 / 07.05.2023
Texasda savdo markazidagi otishma: to‘qqiz kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralandi
21:35 / 26.03.2023
Tramp Texasdagi mitingda chiqish qildi va Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishni va’da qildi
12:53 / 15.05.2022