O‘zbekiston | 19:12 / 26.05.2022
5781
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global tashabbusga qo‘shildi

Ushbu tashabbus 2030 yilgacha global metan emissiyasini 2020 yil darajasidan kamida 30 foizga kamaytirishni nazarda tutadi.

Foto: O‘zbekiston Iqtisodiy forum

Bugun, 26 may Buxoro shahrida kambag‘allikni qisqartirish mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Forum doirasida O‘zbekistonning Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shilishi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston tomonidan «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va metan emissiyalarini kamaytirish borasidagi tashabbuslar alohida qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Shuningdek, mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik asosida energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznes tarmoqlariga e’tibor qaratilib, kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.

“O‘zbekistonda metan emissiyalariga qarshi maqsadli kurash ikki tomonlama ta’sirga ega. Bu Parij kelishuviga muvofiq iqtisodiy va ekologik foyda olish imkoniyati yo‘lidagi muhim qadamdir. Mamlakatingizda issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni amalga oshirish imkoniyati yuqori hisoblanadi. Shunday ekan, bizning texnik va moliyaviy ko‘magimiz O‘zbekistonga 2030 yilgacha emissiyalarni samarali kamaytirishga yordam berishiga ishonaman”, - dedi YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso.

Ma’lumot uchun, Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbus unga qo‘shilgan a’zo davlatlarning 2030 yilgacha global metan emissiyasini 2020 yil darajasidan kamida 30 foizga pasaytirish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarga ixtiyoriy ravishda roziligini bildiradi. Bugungi kunda ushbu tashabbusga 120 ga yaqin davlat qo‘shilgan.