O‘zbekiston | 22:10 / 26.05.2022
45666
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oligarxiya vujudga kelishi xavfi yuqori - Jahon banki

O‘zbekistonda yakka o‘zining manfaatini ko‘zlovchi shaxslarning davlat hokimiyatida katta ta’sirga ega bo‘lishi xavfi 2025 yilga borib o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi, deya taxmin qilmoqda Jahon banki. Xalqaro ekspertlar possovet davlatlari tajribasidan kelib chiqib aytishicha, oligarxlar ta’sirining oshishida yerni va davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlari asosiy o‘rin tutadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tish bosqichidagi boshqa mamlakatlardan davlatning xalq oldidagi hisobdorligi va unga bo‘lgan ishonch darajasi bo‘yicha ortda qolmoqda. Bu haqda Jahon banki hisobotida qayd etilgan.

Ekspertlarga ko‘ra, so‘nggi paytlardagi islohotlarda moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyani kamaytirish, fuqarolar faolligini oshirish, matbuot erkinligini kengaytirish, sud-huquq va huquqni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, saylanadigan organlarning nazorat vakolatlarini kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi natijalar ham sezilarli bo‘lgan, lekin ishlarning dastlabki holati juda zaif va tugallanmagan.

Qayd etilishicha, mahalliy hokimiyat organlari javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha ishlar ancha sust kechgan.

O‘zbekistonning yuqori darajada markazlashgan ma’muriy modeli mahalliy amaldorlar uchun hudud ehtiyojlari va fuqarolarning fikr-mulohazalarini qondirish uchun cheklangan rag‘batlarni yaratadi, deyiladi hisobotda.

Jahon banki dokladida yozilishicha, 2025 yilga borib O‘zbekistonda jamiyat manfaati emas, yakka o‘z manfaatini ko‘zlovchi shaxslarning hokimiyatni egallab olish xavfi yuqori cho‘qqiga chiqishi mumkin. Possovet mamlakatlari, xususan, Rossiya va Ukraina tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ko‘pincha oligarxlarning paydo bo‘lishi islohotlar jarayonining ikkita muhim bosqichida ro‘y beradi:

  • davlat nazoratini qisqartirish va yerlarni davlat tasarrufidan chiqarishda;
  • davlat korxonalarini xususiylashtirishda.

Yuqoridagi ikkala bosqichni ham O‘zbekiston yaqin yillarda bosib o‘tishi aytilyapti, bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan.

Jahon banki xulosasiga ko‘ra, sobiq SSSR mamlakatlarida o‘tish davri iqtisodiyotidan olingan saboqlar odatda ikki xil manfaatdor tomonlar mavjudligini ko‘rsatadi:

  • xususiylashtirish natijasida paydo bo‘ladigan yangi resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish istagidagilar;
  • bugungi kunda ustun mavqega ega va islohotlar jarayoniga to‘sqinlik qilishdan manfaatdor guruhlar.

To‘plangan ma’lumotlar O‘zbekistonda yuqoridagi har ikkala xavf darajasi ham yuqori ekanini ko‘rsatgan.

Jahon bankiga ko‘ra, alohida va yashirin imtiyozlar – davlat hokimiyati ustidan ta’sirga ega bo‘lishdagi eng muhim instrumentlar qatorida turadi.

“Boshqa possovet mamlakatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham hukumat qarorlari bilan shaffof bo‘lmagan imtiyozlar orqali ba’zi tadbirkorlik sub’yektlarini an’anaviy tarzda soliq va bojxona majburiyatlaridan ozod qilish ularning resurslardan imtiyozli foydalanishiga imkoniyat yaratilmoqda. Hatto potensial raqobatchilar uchun aniq yangi to‘siqlarni yuzaga keltirish holatlari kuzatilgan.

Ushbu imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarning ba’zilari rasmiy davlat nashrlarida e’lon qilinsa-da, ko‘p kelishuvlar, ayniqsa moliyaviy rag‘batlantirish bilan bog‘liq bo‘lganlari, yashirin tarzda muhokama qilinadi va oshkor etilmaydi. Bu esa boshqa biznes vakillari uchun raqobatchilarning bozordagi haqiqiy foyda ko‘lamidan xabardor bo‘lish imkoniyatini bermaydi”, deyiladi Jahon banki hisobotida.

Ta’kidlanishicha, bu tartiblarning to‘liq oshkor etilishi – hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim elementidir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2017 yil yanvar oyida hukumat davlat faoliyatidagi oshkoralikni oshirish va davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni joriy qilgan, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa ham, bu holatlar uchrab turibdi.

Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunchilik Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng kam isloh qilingan bo‘lib, mamlakat bu borada dunyodagi eng yomon uch davlat qatoriga kiradi. Boshqa o‘tish davridagi mamlakatlardan olingan saboqlar huquqni muhofaza qilish organlari va kuchli sud tizimi muhimligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid