Jahon | 09:33 / 26.05.2022
46600
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kissinjyerning Rossiyaga Ukraina bir qismini berish haqidagi chaqirig‘iga javob qaytardi 

Ukrainani Rossiyaga hududiy yon bosishga chaqirgan Henri Kissinjyer «chuqur o‘tmishdan kelib», 2022 yilni 1938 yil bilan adashtirib yubordi, deya ma’lum qildi Volodimir Zelenskiy.

Foto: Picture Alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh sobiq davlat kotibi Henri Kissinjyer, shuningdek, The New York Times gazetasi bo‘limining Rossiya bilan ziddiyatda Ukraina yon bosishi zarurligi haqidagi bayonotlariga izoh berdi.

25 may, chorshanba kuni kechki videomurojaatida Zelenskiy bu bayonotlarni Ikkinchi jahon urushi arafasida hukm surgan fikrlar bilan taqqosladi va 1938 yildagi Myunxen kelishuvini eslatdi. O‘shanda Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya Adolf Hitlerning hududiy da’vosini tinchlantirishga umid qilib, Germaniya Chexoslovakiyaning Sudet oblastini qo‘shib olishiga rozi bo‘lgandi. 

«Janob Kissinjyer, masalan, chuqur o‘tmishdan chiqib, Rossiyaga Ukrainaning bir qismini berish kerakligini aytdi. Go‘yoki Rossiyaning Yevropadan begonalashishi yuz bermasligi uchun. Aftidan, Kissinjyerning taqvimida hozir 2022 yilning o‘rniga 1938 yil va u Davosda emas, balki o‘sha paytdagi Myunxenda nutq so‘zlamoqdaman, deb o‘ylayapti», dedi Ukraina prezidenti. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, 1938 yilda, o‘sha paytda 15 yoshli Kissinjyer oilasi bilan natsistlar Germaniyasidan qochib ketgan. «U hamma narsani yaxshi tushungan, o‘shanda natsistlardan qochish yoki kurashish o‘rniga ularga moslashish zarurligi haqida gapirmagan», — dedi Zelenskiy. 

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nima qilmasin, «Ukrainaga zarba bergan minglab raketalar, o‘n minglab ukrainaliklar halok bo‘lgani, Bucha va Mariupoldagi holat, vayron qilingan shaharlar, Rossiya tomonidan qurilgan hamda odamlar o‘ldirilayotgan, qiynoqqa solinayotgan, zo‘rlanayotgan va tahqirlanayotgan «filtrlash lagerlari»ga qaramay, Rossiya manfaatlarini himoya qiladiganlar topiladi».

23 may kuni Henri Kissinjyer Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida g‘arb davlatlari Rossiyaning Yevropa uchun ahamiyatini yodda tutishi va «lahzalik kayfiyat»ga berilmasligi kerakligini ma’lum qildi.  

Kissinjyer, shuningdek, g‘arbni Ukrainani Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanishidan oldin nazorat qilgan hududlarni saqlab qolishini o‘z ichiga olgan shartlar asosida tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishga majburlashga chaqirdi.

«Muzokaralar yaqin ikki oy ichida, yengib o‘tish oson bo‘lmagan to‘ntarishlar bo‘lishidan oldin boshlanishi kerak. Ideal holda, ajratish chizig‘i eski status-kvoga qaytish bo‘lishi kerak», - dedi Kissinjyer. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning 2022 yilgacha Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarib olishga urinishlari «Ukraina ozodligi uchun kurash emas, balki Rossiyaning o‘ziga qarshi yangi urush» bo‘ladi. 

Xuddi shunday chaqiriqlar The New York Times gazetasining 19 maydagi ruknida ham e’lon qilingan. Matnda aytilishicha, Ukraina urushni to‘xtatish uchun hududiy yon bosishga va «og‘riqli qarorlar» qabul qilishga majbur bo‘ladi. Mualliflar, shuningdek, Kiyevni «xayoliy g‘alabaga intilmaslikka» chaqirdi. 

«Ehtimol, New York Times 1938 yilda ham shunga o‘xshash narsani yozgandir. Lekin hozir, eslatib o‘taman, 2022 yil», deb javob berdi Zelenskiy. 

Mavzuga oid