Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi - takliflar, komissiya tarkibi va 90-modda haqida
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif to‘plash jarayoni qancha vaqt davom etadi? Takliflarni qabul qilish va qabul qilmaslikda qaysi mezonlarga qaraladi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan Odil Tojiyevga yuzlandi.
Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odil Tojiyev brifing o‘tkazib, komissiyaga kelib tushgan takliflar yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berdi. Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri unga jarayonga oid qator savollar bilan yuzlandi.
— Konstitutsiyaviy komissiyaning taklif to‘plash jarayoni qancha vaqt davom etadi va shuningdek, konstitutsiyada aks etishi uchun takliflar qanday talablarga javob berishi kerak? Yoki bu yerda hammasi komissiya istaklari, qarorlariga bog‘liqmi?
— Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini qonun loyihasi ishlab chiqilgunigacha davom ettiradi. Bu bir oy ham yoki undan ozgina oshishi ham mumkin. Bu endi fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar hamda komissiya ishi samaradorligiga bog‘liq. Bu – birinchisi.
Ikkinchisi, “faoliyatini qanday amalga oshiryapti, takliflar bilan qanday ishlanyapti?” – savoli o‘rinli. Bu takliflar bizga maxsus platforma, ijtimoiy tarmoqlar, telegram bot yoki an’anaviy pochta orqali kelib tushmoqda. Bunda komissiya huzurida birinchi bo‘lib takliflarni qabul qilib olish va umumlashtirish guruhi tashkil etilgan. Bu guruh o‘sha takliflarni olib, umumlashtirib, hududlar va sohalar kesimida ajratib, keyin komissiyaga uzatadi. Bularning hammasi soatbay ishlaydigan guruhlar hisoblanadi.
Keyingi guruhimiz bu – takliflarni tahlil qilish guruhi. Takliflarni tahlil qilish guruhi taklifni Konstitutsiya moddalari, boblariga qanchalik mosligi va shunga yo‘naltirilganiga qarab, tahlil qilib chiqadi va shu tahlil qilingan ma’lumotlarni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim qiladi.
Komissiya esa bularni muhokama qilib, qaysilari loyihaga qabul qilinadi yoki qaysilari boshqa qonunlarning predmeti shaklida taklif qilinishi bo‘yicha xulosaga keladi.
— Biz uchun eng qiziq nuqta ham shu yerda-da. Ular qaysi yo‘nalishlarga qarab tanlab olinadi yoki komissiya qaysi sohalarga qarab ularni o‘tkazish, o‘tkazmaslikni hal qiladi? Bu yerda hamma narsa komissiyaning ixtiyoriga berib qo‘yilganmi?
— Albatta, so‘nggi qarorni komissiya hal qiladi. Ya’ni qonun loyihasiga qaysi biri olindi yoki olinmaydi? Tahlil guruhimiz ekspert, yurist hamda olimlarimizdan iborat qilib tuzilgan. Ular qaysi taklifni Konstitutsiya darajasigacha olib chiqish xulosalarini beradi. Ya’ni Konstitutsiyaviy komissiyaga uzatadi. Qaysilari boshqa qonunlarimiz bilan tartibga solinishi yoki unga olinishi mumkinligini tahlil guruhi xulosa sifatida beradi.
— Odiljon aka, Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga jurnalist va blogerlarning kiritilmay qolgani tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, uning tarkibi qanday tuzildi o‘zi?
— Ikki tashabbuskor partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tashabbusi bilan bu g‘oya ilgari surildi va ikki palata kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida Konstitutsiyaviy komissiya tarkibi tasdiqlandi. Bunda kengashlarimiz o‘zaro maslahat o‘tkazdi. Deputat va senatorlar birinchi navbatda, xalq vakillari.
Bundan tashqari, komissiya tarkibidan turli soha olimlari joy olgan. Shuningdek, bu yerda jamoatchilik vakillari ham bor.
Menimcha, komissiya tarkibiga jurnalist va blogerlar kirgan, kirmagan deyish – bu nisbiy qarash.
— Yo‘q, aytmoqchimanki, bugun jurnalist va blogerlar jamiyatda katta kuchga aylangan va nazarimda, ular ham bu komissiyaga kirishga haqli edi.
— Komissiya faoliyatini boshlab bo‘lgan. Uning tarkibida alohida matbuot xizmati tashkil qilingani va matbuot kotibi ham alohida lavozim sifatida belgilangani “jurnalistlar chetda qoldi” deb hisoblamaslikka asos bo‘ladi.
Agar ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik masalasida yoki shu sohani takomillashtirish bo‘yicha alohida normalarni himoya qiladigan bir vakilni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, unday vakil komissiya tarkibida bor.
— O‘zLiDeP konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi bilan chiqar ekan, bevosita siz a’zo bo‘lgan “Milliy tiklanish” partiyasi ham tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Albatta, tashabbus bildirilar ekan, u qandaydir fundament, asos ustiga qurilishi kerak. Ya’ni partiyalarning o‘zida aniq takliflar bo‘lishi kerak. Shu ma’noda ikkala partiya O‘zbekistonda qanday siyosiy islohotlarni reja qilgan?
— Ikkala partiya fraksiyalarining yig‘ilishlarida bu masalani chuqur ko‘rib chiqdik. Avvalambor, avvalgi siyosiy jarayonlar, ya’ni bo‘lib o‘tgan saylovlar bilan bog‘liq. Unda “Milliy tiklanish” partiyasining nomzodida ham konstitutsiyaviy normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bo‘lgan. Va “O‘zLiDeP”da ham shunday bo‘lganini kuzatganmiz. Ular, albatta, o‘zlarining saylovoldi dasturlari, partiyalar nizomi, ularning birinchi navbatda, elektoratining xohish-istaklaridan kelib chiqib, shu dasturlarini belgilab olishadi.
Bu dasturlar, albatta, Konstitutsiyaning hozirgi bo‘layotgan islohotlar bilan yonma-yon borishi va kelgusidagi strategiyalarni belgilaydigan bosh qomusimizni takomillashtirishda turtki bo‘ldi deb o‘ylayman.
— Agar detallarga kiradigan bo‘lsak, o‘zbekistonliklar qanday siyosiy islohotlar taklifini ko‘proq bildirmoqda?
— Takliflar orasida sud-huquq, korrupsiyaga qarshi kurash va shuningdek, ijtimoiy sohalarga oidlari ham bor. Shuningdek, yana bir narsaga urg‘u bermoqchiman, fuqarolar ekologik masalalarini ham konstitutsiyaviy normada mustahkamlab qo‘yishni so‘ramoqda.
— Ayting-chi, takliflar orasida 90-modda – O‘zbekiston prezidentining vakolat muddatini uzaytirish yoki kamaytirish bo‘yicha ham takliflar keldimi?
— Bu masalada birorta ham takliflar kelib tushmadi. Hozirgi kunda Konstitutsiyaviy komissiya o‘rganayotgan loyihada ham bu masalaga urg‘u berilmagan. Shuningdek, ikkala partiyaning tashabbusi paytida ham bu masalaga e’tibor qaratilmagan edi.
O‘ylaymanki, oldimizda hali ko‘plab masalalar turibdi. Lekin siz ko‘tarayotgan ushbu masalada hozirgi kunda bir taklif ham, o‘rganib chiqilayotgan holat ham yo‘q.
— Demak, konstitutsiya islohoti taklifi bilan chiqqan ikkala partiyada ham bunday bo‘lmagan?
— Ikkala partiya kengashining yig‘ilishida ham ishtirok etdim, lekin ularning hech biridan bunday taklif chiqmagan.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova
13:04 / 10.04.2023
“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor
13:34 / 09.04.2023