Abdulla Aripov Tojikistonga tashrif buyurdi
30 may kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
30 may kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Dushanbega keldi, deb yozadi «Xovar» agentligi.
Yig‘ilish doirasida hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hukumatlararo hamkorlikning holati va istiqbollari hamda komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Abdulla Aripov va Qohir Rasulzoda raisligida ikki tomon delegatsiyalari ishtirokida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Komissiyaning sakkizinchi yig‘ilishi qarorlarini amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqilgach, to‘qqizinchi majlisda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hukumatlararo hamkorlikni iqtisodiyot, savdo-sanoat, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, bojxona, fan-ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar va sport, migratsiya, bandlik, ekologiya yo‘nalishida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiyalar mintaqaviy hamkorlikning eng muhim masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Ta’kidlanganidek, davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonning doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi asosida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib, hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida samara bermoqda.
2021 yilda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 447,8 million AQSh dollarini tashkil etdi, bu 2020 yilga nisbatan 34,2 foizga ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi eng yuqorisi bo‘lib, 2015 yilga nisbatan 37 barobar ko‘p bo‘ldi.
Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini yanada oshirish va barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Yig‘ilish yakunida tegishli hujjat imzolandi.
Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2023 yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.
Mavzuga oid
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024