Prezident chorvachilik loyihalari kechikayotgan 7 viloyat hokimlarini qat’iy ogohlantirdi
Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 70 ta loyiha bo‘yicha chorva komplekslarini ishga tushirish kechikmoqda.
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqishni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Davlat rahbari Nurobod tumani tajribasini misol qilib keltirdi.
Bir yil oldin ushbu tuman o‘zini tuxum bilan 50 foizga, parranda go‘shti bilan 40 foizga ta’minlar edi. Joriy yilda tumanning barcha mahallasiga lider tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga parranda go‘shti va tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ydilar.
Natijada, bugungi kunda ushbu tuman o‘zini tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga, Samarqand shahri, Past Darg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlariga oyiga 140 mingta tuxum yetkazib bermoqda.
Mazkur tajribani o‘zining tuxum va parranda go‘shtiga ehtiyojini qoplamaydigan 50 ta tumanning 200 ta mahallasida yo‘lga qo‘yishga topshiriq berildi. «Ushbu tuman hokimlari yil yakunigacha o‘zgarish qilmasa, xulosa jiddiy bo‘ladi», dedi prezident.
Ushbu mahallalar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratilishi, ushbu mablag‘lar hisobidan aholi jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlanishi belgilandi.
Joriy yilda 170 ta yirik chorvachilik loyihalari va xonadonlarda kooperatsiya orqali 249 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.
Buning uchun fevral oyida qabul qilingan qaror bilan chorvachilik xo‘jaliklariga:
- go‘shtning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan subsidiya 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga, sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirildi;
- olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi barcha to‘lovlardan ozod etildi;
- sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi;
- 200 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlariga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilab olindi.
Andijon, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari tomonidan amaliy ishlar boshlanib, 18 ming boshli 35 ta chorvachilik xo‘jaliklari ishga tushirildi.
Lekin Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 35 ming boshli 70 ta loyiha bo‘yicha chorva komplekslarini ishga tushirish kechikmoqda.
Prezident ushbu viloyatlar hokimlarini qat’iy ogohlantirdi.
Mavzuga oid
18:36
Bu yil qishda iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan
21:17 / 14.11.2024
SSV huzurida «Xaridlar markazi» va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi
16:20 / 14.11.2024
“Iqlim o‘zgarishi muammolarini ayniqsa Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilyapmiz” - Shavkat Mirziyoyev
14:37 / 13.11.2024