Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) bo‘lib o‘tmoqda. Uning ochilish sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi muammolari geosiyosiy keskinlikning ham kuchayishiga sabab bo‘layotganini aytdi.

Birinchi kun – konferensiyaning ochilish sessiyasida dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlaridan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev u yerga Saudiya Arabistonidagi arab-musulmon olami sammitini yakunlab, yetib bordi.

Mirziyoyev COP29'dagi nutqini iqlim o‘zgarishi muammosi global tahdidga aylanganidan boshladi. Prezidentga ko‘ra, bu geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishi muammosining asoratlarini ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz, deydi Mirziyoyev o‘z chiqishida.

Iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda.

Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdir”.

Prezidentning ma’lum qilishicha, 2030 yilga qadar O‘zbekiston havoga issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilmoqda.

Bu borada biz O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib boryapmiz. 2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilganmiz. Bu majburiyatni 2050 yilga qadar yanada kengaytirishga tayyormiz. “Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshiramiz. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya hablarini yaratyapmiz. “Yashil makon” dasturimiz doirasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytiryapmiz. Qo‘shni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolaymiz”.

Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi fonida rivojlanayotgan davlatlar uchun yordam so‘radi, iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar ko‘magi muhimligini gapirdi.