O‘zbekiston | 21:34 / 01.06.2022
37203
4 daqiqa o‘qiladi

22 turdagi oziq-ovqat mahsuloti yil oxirigacha import bojidan ozod qilindi

Savdoga qo‘yilgan ayrim to‘siqlar vaqtincha yumshatildi.

Prezident farmoni bilan, 22 xil toifadagi oziq-ovqat mahsulotlarini yil oxirigacha O‘zbekistonga olib kirishda import boji undirilmasligi belgilandi. Baliq va sut mahsulotlari, banan va sitrus mevalar, o‘simlik yog‘i va sariyog‘, tuxum va kofe shular jumlasidan.

Moliya vazirligi izohiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy import hajmi MDH mamlakatlariga to‘g‘ri keladi va bu davlatlardan tovarlarni olib kirishda bojxona bojlari qo‘llanilmaydi.

Biroq jahonda yuzaga kelgan vaziyat tufayli asosiy savdo hamkorlar va boshqa mamlakatlar ayrim oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga taqiq qo‘ymoqda.

Shu sababli O‘zbekistonga oziq-ovqat tovarlarini boshqa davlatlardan olib kelishga to‘g‘ri kelyapti. Ayrim oziq-ovqatlarga bojlarning bekor qilinishi shu bilan bog‘liq. Qolaversa, import oziq-ovqatlarning narxi oshishining oldini olish ham maqsad qilingan.

2022 yil 1 maydan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi quyidagi tovarlarga nisbatan qo‘llanadi:

Qo‘shimcha qilish lozim, prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan, 2022 yil oxirigacha quyidagi tovarlarni olib kirishda ham bojxona boji bekor qilingan:

Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvarga qadar savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimini nazarda tutmaydigan mamlakatlardan import qilishda bojxona bojlarining ikki baravar stavkasi qo‘llash tartibini to‘xtatib turish belgilandi.

Ma’lumot uchun, Bojxona kodeksining 300-moddasiga asosan, savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari 2 baravar oshirilishi belgilangan. Hozirda O‘zbekiston 47 ta davlat bilan eng ko‘p qulaylik rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolagan.

Endilikda bu davlatlardan import qilinadigan tovarlarga amaldagi boj tarif stavkalarining bir baravari miqdorida stavka qo‘llaniladi.

Ushbu chora tovarlarning importi qaysi davlatdan amalga oshirilishidan qat’i nazar, yuqoridagi ro‘yxatdagi tovarlarga tatbiq qilinmaydi. Sababi, ular bo‘yicha bojxona boji nol stavkalari belgilandi hamda nol stavka tovarni istalgan mamlakatdan import qilishda qo‘llaniladi.

2023 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar ham vaqtincha to‘xtatiladi:

  • davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari sotib olinishi bo‘yicha cheklovlar (hukumatning 29.01.2021 yildagi 41-son qarori);
  • O‘zbekistonning import geografiyasi o‘zgarayotgani hamda ayrim davlatlardan import ilk marta amalga oshirilishi sababli respublikaga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi.

Bu choralar kichik hajmlarda importni amalga oshiruvchilar uchun yangi savdo hamkorlari bilan mahsulotlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga nooziq-ovqat mahsulotlariga bojxona bojlari stavkalarini ham pasaytirish topshirildi.

Mavzuga oid