O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha BMT loyihasi ishga tushirildi
2022 yilning 1 iyun kuni Andijon va Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan «O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarini rivojlantirish» loyihasi rasmiy ishga tushirilishi munosabati bilan tele-konferensiya shaklida kirish seminari bo‘lib o‘tdi.
Loyiha BMT bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Aholishunoslik jamg‘armasi tomonidan BMT qo‘shma dasturi sifatida amalga oshiriladi.
Kirish seminari gibrid shaklda BMT agentliklari, xalqaro ekspertlar, O‘zbekiston va Qirg‘iziston tegishli vazirlik va idoralari, chegaraoldi hududlari mahalliy hokimliklari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkazilib, loyiha maqsad va vazifalari muhokama qilindi.
«BMTning «O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarini rivojlantirish» qo‘shma dasturi ushbu mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Dastur asosiy maqsadi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat», - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara katta qismi Farg‘ona vodiysi orqali o‘tadi. Mintaqa nafaqat aholi soni va tarkibi, balki qishloq xo‘jaligining ishlab chiqarish quvvati jihatidan ham har ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan loyiha mahalliy savdo, iqlimga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlar, bandlik va iqtisodiyot sohasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bu tinchlik o‘rnatishda yanada barqaror natijalarga erishishga xizmat qiladi.
Tadbirda loyihani amalga oshirishda qishloq aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning tinchlik o‘rnatish jarayonlaridan manfaatdor asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
«Ishonchim komilki, ushbu loyiha tinchlik, gender tengligi va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mahalliy hamjamiyatlar o‘rtasidagi muloqot va munosabatlarni yaxshilashga ulkan hissa qo‘shadi. Xotin-qizlar va yoshlar tinchlik o‘rnatish jarayoni tayanchi bo‘lib, ularni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Biz bu jarayonda xotin-qizlarning ishtirokini faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Qolaversa, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning o‘z mahallalari va jamiyatlari tinchligini ta’minlashga hissa qo‘shish imkonini beradi. Aholishunoslik jamg‘armasi transchegaraviy tinchlik o‘rnatish jarayonida muhim rol o‘ynaydigan jamoalarni qo‘llab-quvvatlaydi», - dedi Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Yu Yu.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024