Elektr energiyasi tarifida kutilayotgan o‘zgarish bo‘yicha taqqoslama kalkulyator taqdim etildi
Energetika vazirligi iste’molchilar uchun onlayn kalkulyatorni taqdim etdi. Uning yordamida har bir iste’molchi taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan tariflar uning xarajatlariga qancha ta’sir qilishini hisoblab ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, iste’molchilar shaxsiy kabinetlari orqali qaysi oyda qancha elektr ishlatganliklarini onlayn ko‘ra oladi.
O‘zbekistonda 1 iyuldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshishi kutilmoqda. Bu gal ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish maqsadida tariflarni tabaqalashtirish taklif etilyapti.
Bunda, ijtimoiy norma doirasida alohida narx, normadan tashqari alohida narx belgilanishi mumkin. Bu – davlat subsidiyasining manzilli bo‘lishi va tejamkorlikka undashi bilan birga, hisob-kitoblarni murakkablashtiradi. Shundan kelib chiqib, Energetika vazirligi taklif etilayotgan yangi narxlar kimga qanday ta’sir qilishi mumkinligini mustaqil va oson hisoblovchi kalkulyatorni taqdim etdi.
Onlayn kalkulyatorga oylik elektr energiyasi sarfi va xonadon turi kiritilsa, u hozirgi va taklif etilayotgan tariflar bo‘yicha xarajat miqdori hamda o‘rtadagi farqni hisoblab beradi.
Shu bilan birga, iste’molchilar oylik energiya sarfi miqdorini ham onlayn bilishlari mumkin. Buning uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” saytidagi shaxsiy kabinetga kirish lozim.
Kabinetda iste’molchi qaysi oyda qancha elektr energiyasi ishlatgani, qaysi sanalarda qancha to‘lov qilgani, to‘lov kvitansiyalari va boshqa ma’lumotlarni olishi mumkin.
Kabinetga kirish uchun iste’molchining telefon raqami tizimga ulangan bo‘lishi kerak. Buni tuman (shahar) elektr korxonasi yoki bank kassalari orqali qilsa bo‘ladi. Agar sizga har oyning birinchi sanasida “Hududiy elektr tarmoqlari”dan hisobingizdagi qoldiq haqida SMS kelib tursa, u holda ana shu raqamingiz tizimga ulangan.
Raqam tizimga ulangach, onlayn shaxsiy kabinetga kirish parolini olish uchun shu raqamdan 2100 qisqa raqamiga lotincha “P” harfini SMS shaklida yuborish lozim. Shundan so‘ng login va parol ko‘rsatilgan SMS keladi.
Login sifatida abonent raqamidan foydalaniladi (12 raqamli son, elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lov qilishda ham foydalaniladi). Login va parol kiritilgach, “Hisob-raqam holati” bo‘limida elektr energiyasi sarfi bo‘yicha bir necha yillik ko‘rsatkichlar bilan tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, muhokamaga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida 1 iyuldan 1 kVt soat elektr haqini xonadonlar uchun quyidagicha belgilash ko‘zda tutilgan:
- ijtimoiy norma doirasida: oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m (hozirda 295 so‘m);
- 251-kVt soatdan boshlab har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m.
Avvalroq eng keng tarqalgan elektr jihozlar qancha energiya sarflashi ma’lum qilingandi.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
00:36 / 19.10.2024
Kuba elektr energiyasidan butkul uzilib qoldi
23:32 / 18.10.2024