20:05 / 04.06.2022
21744

Turkmaniston o‘z hududini tranzit yuklar uchun ochmoqda va qator shartlarni ilgari surmoqda

2022 yil 1 iyundan boshlab, Turkmaniston hududi tranzit yuklar uchun ochildi, endilikda boshqa davlat transport vositalari bu yuklarni Turkmaniston orqali tashib o‘tishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

 Foto: Transport vazirligi

Qayd etilishicha, bunda haydovchilar quyidagi yo‘nalish bo‘ylab tranzit harakatlanadi: “Saraxs (Eron) – Saraxs (Turkmaniston)” – “Farap (Turkmaniston) – Olot (O‘zbekiston)” – “Saraxs (Turkmaniston) – Saraxas (Eron)” nazorat-o‘tkazish punktlari.

Foto: Transport vazirligi

Turkmaniston bo‘ylab tranzit yuklar bir qancha talab va shartlar asosida amalga oshirilishi berilgan:

  • Xorijiy davlat transport vositalari haydovchilari Turkmaniston davlat chegarasini kesib o‘tishda jarayonni rasmiylashtirish uchun zarur barcha hujjatlarni taqdim etishlari shart, chunki bu hujjatlar maxsus sanitar ishlovdan o‘tkaziladi;
  • avtotransport vositalari belgilangan tartibda sanitar tozalashdan o‘tkazilishi shart;
  • chegaradan o‘tishda PZR usuli bilan COVID-19 ga test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumotnoma (davlat chegarasidan o‘tishdan oldin kamida 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda), koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat (oxirgi emlash sanasidan 42 kundan kam bo‘lmagan muddatda) taqdim etilishi shart;
  • nazorat-o‘tkazish punktida koronavirus uchun ekspress-testdan o‘tish shart;
  • Turkmaniston hududi bo‘ylab tranzit tashuv yuk avtotransport vositalarining tashkiliy jamlanmasi (avtokolonna)da harakatlanish orqali amalga oshiriladi;
  • O‘zbekiston va Eron chegarasidan 1 km masofada yuk avtotransport vositalarining tashkiliy jamlanmasi (avtokolonna) tuziladi;
  • yuk avtotransport vositalarining tashkiliy jamlanmasi (avtokolonna) tuzish soat tonggi 8:00 dan boshlanadi;
  • yuk avtotransport vositalarining tashkiliy jamlanmasi yo‘l politsiyasi maxsus mashinalari kuzatuvi ostida harakatlanadi. Harakat davomida haydovchilarga to‘xtash va avtotransport vositasi kabinasidan chiqish taqiqlanadi;
  • yuk avtotransport vositalarining tashkiliy jamlanmasi harakati davomida haydovchilarning dam olishi, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i quyish, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini olish uchun maxsus belgilangan avtoturargohlarda to‘xtash ko‘zda tutilgan;
  • harakat davomida nosozlik yoki boshqa muammo yuzaga kelgan taqdirda tegishli transport vositasi jamlanmadan ajratiladi. “Bunday vaziyatda ichki ishlar organlari xodimlari Turkmaniston avtomobil transporti agentligi bilan birgalikda yuzaga kelgan muammoni hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston o‘z hududini tranzit yuklari uchun pandemiya sababli yopgan edi.

Top